O‘zbekiston | 16:14 / 10.04.2017
9323
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida navbatdagi sayyor qabul bo‘lib o‘tdi

9 aprel kuni Do‘stobod shaharchasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyati Quychirchiq, Chinoz hamda Oqqo‘rg‘on Xalq qabulxonalari tomonidan aholi uchun sayyor qabul tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas'ul xodimlari, Oliy sud, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuratura, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Favqulodda vaziyatlar, Xalq ta'limi, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar, Mudofaa, Moliya, Mehnat, Adliya vazirliklari va boshqa qator idoralar rahbarlari, tegishli boshqarma va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Sayyor qabul davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga tumanlar aholisi tomonidan yo‘llangan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, 8 aprel holatiga Quyichirchiq tumani bo‘yicha murojaatlar soni jami 1 859 tani tashkil qildi. Shundan 1 803 tasi jismoniy shaxslardan, 56 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan. Murojaatlarning 88,4 foizi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, hozirda 11,6 foiz murojaat ko‘rib chiqilish jarayonida.

Chinoz tumani bo‘yicha murojaatlar soni jami 2 028 tani tashkil qiladi. Shundan 1 942 tasi jismoniy shaxslardan, 86 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan. Kelib tushgan murojaatlarning 90,6 foizi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, 9,4 foizi ko‘rib chiqilish jarayonida.

Oqqo‘rg‘on tumani bo‘yicha murojaatlar soni jami 1 923 tani tashkil qiladi. Shundan, 1 859 tasi jismoniy shaxslardan, 64 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan. Murojaatlarning 90,4 foizi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, 9,6 foizi ko‘rib chiqilish jarayonida.

Tumanlardan kelgan murojaatlar sohalar bo‘yicha o‘rganilganda, ularning asosiy qismi uy-joy olish va uy-joy qurish uchun yer ajratish, fuqarolikni qabul qilish va fuqarolikdan chiqish, pasport olish va propiskaga o‘tish, moddiy yordam, ish haqi, pensiya ta'minoti hamda bolalar nafaqasini olish, mehnat va bandlik, elektr va gaz ta'minoti, bank-moliya kabi masalalarga oid ekani aniqlandi.

Sayyor qabulda tumanlar fuqarolari tomonidan yo‘llangan 130 dan ziyod murojaatlar har tomonlama tahlil qilinib, ularning yuzaga kelish sabablari o‘rganildi. Fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan bevosita tegishli sohalarga mas'ul bo‘lgan rahbarlarga bevosita murojaat qilish va ular yuzasidan javob olish imkoniga ega bo‘ldi.

Murojaatlarning aksariyat qismi joyida yechimini topdi, qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillariga topshiriqlar berildi.

 

Mavzuga oid