Jahon | 17:55 / 12.04.2017
17117
2 daqiqa o‘qiladi

Atamboyev narkotrafik o‘sishida AQShni aybladi

Foto: AFP

AQSh yetakchiligidagi koalitsiyaning Afg‘onistondagi "Tolibon" radikal harakatiga qarshi choralari KXShT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) mamlakatlarida narkotrafik o‘sishiga sabab bo‘ldi. Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev "Mir" telekanaliga bergan intervyusida shunday fikrni bildirgan

"Nima uchun giyohvand moddalar aylanmasi ortdi, nima uchun Afg‘onistondan boshqa mamlakatlarga bu kabi moddalar yetkazib berilishi kuchaydi? Chunki, "Tolibon" ozmi-ko‘pmi nasha ekilishi, bu kabi o‘simliklar yetishtirilishiga qarshi kurashib keldi, ularning o‘rniga kelgan amerikaliklar yetakchiligidagi koalitsiyaning bu bilan ishi bo‘lmadi", — degan Atamboyev.

Uning qayd etishicha, "o‘tgan davr mobaynida opiy makini ekish, opiy dalalari bir necha marotaba ortgan bo‘lsa kerak". "Bu yillar uchun biz, Afg‘onistonda tartib o‘rnatmoqchi bo‘lganlarga "tashakkur bildirishimiz kerak". Kim nima desa-desin, natija aniq. Bu yerda shunday qoidaga amal qilingan: biror narsa qilaylik, keyin ko‘ramiz. Mana bilganini qilishdi. Aziyatini bizlar chekayapmiz. O‘ylaymanki, bu yomonlik bilan qilinmagan, garchi xayolga turli fikrlar kelib tursa-da", — degan Qirg‘iz davlati rahbari. 

Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan Qirg‘iziston hududidan dunyodagi eng yirik narkotrafiklardan biri o‘tadi. "Shimoliy yo‘l" deb nomlanuvchi yo‘nalish orqali Afg‘onistondan Rossiya va Yevropa mamlakatlarga yiliga 75 tonnagacha geroin va gashish yetkazib beriladi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid