Sport | 15:25 / 18.04.2017
11862
3 daqiqa o‘qiladi

Anchelotti «Real» bilan o‘yindan nima kutayotganini aytdi

«Bavariya» bosh murabbiyi Karlo Anchelotti YeChLning ¼ finali doirasidagi «Real» bilan javob bahsidan nimalar kutayotganini aytib o‘tdi. Birinchi o‘yinda Myunxen jamoasi o‘z maydonida 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi.

«Biz keyingi bosqichga chiqish uchun ajoyib o‘yin ko‘rsatishimiz kerak. Bir hafta avvalgiga qaraganda kamroq imkoniyatga egamiz, ammo hamon nimanidir amalga oshirishimiz mumkin. Men ikki yil „Real“ bilan ishladim, menda bu davr haqida ajoyib xotiralar bor.

Bugungi mashg‘ulot Boateng va Xummels uchun muhim. Levandovski bilan hammasi joyida. U kecha umumiy guruhda shug‘ullandi va hammasi zo‘r edi. Xummels va Boateng esa shaxsiy dastur bo‘yicha ishlashdi. Endi ularni maydonda, to‘p bilan o‘yinda sinab ko‘rish kerak. O‘ylashimcha, har ikkisida ham „Real“ga o‘yinda ishtirok etish uchun yaxshi imkoniyat bor.

Albatta, Levandovski – bu jiddiy yordam, biroq biz strategiyani o‘zgartirmaymiz. Biz butun bir yil qanday o‘ynagan bo‘lsak, xuddi shunday o‘ynashda davom etamiz. Levandovski – muhim o‘yinchi va ko‘p gollar urib, bizga ishonch bag‘ishlaydi.

Kimmix Boateng va Xummels uchrashuvga tayyor bo‘lishmasa, maydonga tushishi mumkin. Biz butun mavsum davomida standart vaziyatlar ustida ishlamoqdamiz. Bu „Real“ning eng ustun jihatlaridan biri, va Ramos himoyachi bo‘lsa ham, standartlarda juda xavfli. Men qandaydir aniq natija haqida o‘ylayotganim yo‘q. Eng asosiysi – birinchi golni urish. Agarda „Real“ ursa, bu katta fojia bo‘lmaydi, sababi bizga baribir ikki to‘p kiritish kerak bo‘ladi», - deya Anchelottining so‘zlarini keltiradi UYeFA sayti.

Mavzuga oid