Sport | 23:21 / 19.04.2017
11499
7 daqiqa o‘qiladi

London sardori

«Chelsi» himoyachi Jon Terrining karerasidagi eng yorqin onlar

Londonning «Chelsi» klubining ko‘p yillik sardori Jon Terri 2016/17-yilgi mavsum tugagach, yozda klub ixtiyorini tark etadi. «Pensioner»lar matbuot xizmati ana shunday bayonot bilan chiqish qildi.

Terri klub uchun hayotining 19 yilini bag‘ishladi va «Chelsi» libosida ko‘plab esda qolarli uyinlarda maydonga tushdi.

«Chelsi»dagi debyut

1998 yilning 28 oktabrida «Chelsi» futbol ligasi kubogi doirasida «Aston Villa» bilan uchrashgan edi va  17 yoshli Jon Terri zaxiradan maydonga tushgandi. O‘shanda hech kim uning nechog‘lik olamshumul karera kutayotganini tasavvur ham qila olmasdi: 19 yil mobaynida u klub safida barcha turnirlarda 713 o‘yinda maydonga tushdi — bu mutlaq rekord hisoblanadi. Uning hisobida «ko‘klar» libosida 66 ta gol, 16 ta sovrin, jumladan, to‘rt marta Angliya chempionligi va Yeropa chempionlar ligasi g‘olibligi bor.

O‘ta og‘ir «jinoyatlar»

Taassufki, londonliklar sardori bir necha bor yoqimsiz hodisalarning qahramoniga aylangan. Har qanaqasidan bo‘lgan: mast bo‘lib janjal qilish, tungi klublar soqchilari bilan mushtlashuv, klubning yosh fanat qizlari bilan don olishish, degandek. Hattoki u dastlabki tergov qamoqxonasida ham o‘tirishga ulgurgan. 2001 yil 11 sentabr teraktlaridan keyin u va jamoadoshlari aeroportda mast holatda amerikalik sayyohlarni haqorat qilishgan. So‘ngra jarima to‘lab, omma oldida kechirim so‘rashgan.

U bilan bog‘liq eng mashhur mojaro — «Chelsi»dagi uning eng yaqin do‘sti va hamkori Ueyn Brijning mash'uqasi, model Vanessa Perronsel bilan don olishgani bo‘lsa kerak. Hamma narsa oshkor bo‘lgach, Brij va Terri yuzko‘rmas bo‘lib ketishgan. O‘zini haqoratlangan his qilgan Brij xiyonatkor bilan bilan hech qachon yonma-yon o‘ynamayman, deya «Chelsi»dan ham, Angliya terma jamoasidan ham ketgan. Terri o‘z do‘stining futboldagi karerasiga nuqta qo‘ygan — keyin bu futbolchi hech qachon yuqori darajada o‘yin ko‘rsata olmadi.

2011 yilning 23 oktabrida, «Kuinz Park Reyndjers» ga qarshi o‘yinda Terri go‘yoki raqibning himoyachisi Anton Ferdinandni irqchilik qilib, haqoratlagan. Voqea katta rezonansga sabab bo‘ldi va muxlislar muhitining ikkiga bo‘linishiga sabab bo‘ldi. Angliya futbol assotsiatsiyasi surishtiruv o‘tkazib, terma jamoaning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Fabio Kapellodan Terrini sardorlik bog‘ichidan mahrum qilishni talab qilgan. Italiyalik mutaxassis buni rad etib, iste'fo bergan.

Sardor va Joze

Joze Mourinyuning «Chelsi»ga birinchi «yurishi» 2004 yilda ro‘y bergan edi. U jamoa rulini uch yil boshqarib, bir necha muvaffaqiyatli qarorlarni amalga oshirgan. Aynan u 2004 yilning yozida sobiq sardor Marsel Desayi klubni tark etgach, jamoada sardorlik bog‘ichini Terriga ishonib topshirdi.

Terri o‘z jamoasini sardor sifatida maydonga 578 marta boshlab tushgan, bu ham rekord. 26-raqamli futbolka londonlik muxlislar orasida eng mashhurlaridan biri, stadiondagi fanatlar sektorlari uni olqishlovchi bannerlarga to‘la.

Terri «Chelsi»ni tark etmoqda

Milliy terma jamoa uchun Terri 78 o‘yin o‘tkazgan. U 2003 yilning iyunida Serbiya va Qoratog‘ terma jamoasiga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushib, debyut qilgan bo‘lsa, oradan ikki oy o‘tmasdan xorvatlarga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda o‘yinni boshladi.

U Portugaliyada o‘tgan Yevro-2004da o‘ynadi va ikki yildan so‘ng Germaniyada o‘tgan jahon chempionatida ham debyut qildi. Har ikki turnirda ham inglizlar chorak finalda portugliyaliklarga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lishgan. JCh-2006 dan so‘ng Angliya terma jamoasi sardori Devid Bekhem MTJdagi karerasini nihoyaladi, sardorlik bog‘ichi esa aynan Terriga o‘tdi.

Shundan so‘ng 2008 yilgi tanazzul yuz berdi (inglizlar Yevro-2008 dan mosuvo bo‘lishdi), Brij bilan bog‘liq mashmashalar boshlandi, JCh-2010ning nimchorak finalida nemislardan alamli mag‘lubiyat qabul qilib olindi (aynan o‘sha uchrashuvda hakam Frenk Lempardning toza golini inobatga olmagan va videotakrorlarni joriy qilish haqidagi gap-so‘zlar jonlanib qolgan edi), keyin esa uni irqchilikda ayblashdi.

2012 yil 24 sentabrda Terri xalqaro karerasini yakunlashini ma'lum qildi.

O‘sha no‘noqlik

2008 yilning 21 mayida Terri o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida zarba ijro etmoqda edi. Agar u zarbasini golga aylantira olganida «Chelsi» o‘z tarixida ilk bor UYeFA chempionlar ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritar edi. Boz ustiga, eng prinsipial raqibi — «Manchester Yunayted»ni dog‘da qoldirib.

«Men nuqtaga yaqinlashdim va sovrinning taqdiri menga bog‘liqligini his qilib turgan edim. Keyin yuz bergan narsa umrimning oxirigacha eng qo‘rqinchli tushlarimga kirib tursa kerak», — degan edi Terri o‘yindan bir hafta o‘tgach.

Yomg‘ir yog‘ayotgan, Moskvadagi «Lujniki» stadioni chimi ho‘l va sirpanchiq edi. Zarba berish asnosida «Chelsi» sardorining oyog‘i toyib ketdi va to‘p darvozaga kirmasdan, qiyshiq ketdi. «Manchester Yunayted» penaltilar seriyasida g‘alaba qozonib, o‘z tarixida uchinchi bor Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘ldi.

Biroq, taqdir Terriga qarzini qaytardi. 2012 yilda u baribir Yevropa chempionlari kubogini ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi — finalda Myunxenning «Bavariya» klubi (o‘z maydonida, penaltilar seriyasida) mahv etildi. To‘g‘ri, sardor hal qiluvchi uchrashuvni jarohati tufayli o‘tkazib yuborgan edi, biroq u baribir orzu qilgan sovrinini o‘z kolleksiyasiga qo‘shib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.

Mavzuga oid