Jamiyat | 20:18 / 22.04.2017
115166
7 daqiqa o‘qiladi

Samarqandlik pensioner nega gaz idorasi xodimiga o‘q uzdi?

“Samarqandshahargaz” filiali xodimi Ismoil Ziyodullayevga qarata ov miltig‘idan o‘q otilganligi haqidagi xabar ko‘hna shaharda turli mish-mishlarga sabab bo‘lmoqda. Ustiga ustak xorijiy saytlarda 19 aprel kuni e'lon qilingan maqoladagi qator noaniqliklar ushbu voqea atrofidagi gap-so‘zlarni yanada chigillashtirdi. Xo‘sh, o‘zi voqea qanday sodir bo‘lgan edi?

Bunga aniqlik kiritish maqsadida o‘sha hodisa ishtirokchilari va guvohlari bilan suhbatlashdim, o‘q uzgan pensioner xonadonida bo‘ldim, u yashab kelayotgan mahalla faollari bilan uchrashdim.

Dastlab xorijiy saytlarda chiqqan "Samarqandlik pensioner gaz qarzini so‘rab kelgan mulozimga o‘q uzdi” maqolasida yo‘l qo‘yilgan ayrim noaniqliklar haqida so‘z yuritsak.

Voqea maqolada aytilganidek 13 aprelda emas, 12 aprelda sodir bo‘lgan. Pensioner Ahmad akaning yoshi 62da emas, iyun oyida u 61ga kiradi. Uning o‘g‘li Akbar Kozimov maqolada yana bir qancha xatoliklar mavjudligiga diqqatimizni tortdi. Jumladan, u otasining IIV akademiyasida o‘qiganligi, militsiyada ishlab, u yerdan quvilganligi haqida maqolada keltirilgan da'volar haqiqatga yaqin emasligini ta'kidladi. Akbarning so‘zlariga qaraganda, otasi ichki ishlar tizimiga umuman yaqinlashmagan.  “Dadam avvallari qassobchilik bilan shug‘ullangan, so‘ngra ko‘p yillar davomida Jomboy don mahsulotlari kombinatida ishlab, shu yerdan pensiyaga chiqqan”, – deydi u.

Mahalla posboni Muhammadali Soliyevning fikricha, xorij saytiga axborot bergan shaxs adashgan bo‘lsa kerak. “Qo‘shni mahallada xuddi Akbarning otasining ismi va familiyasiga o‘xshash sobiq militsiya xodimi yashaydi. U kishi hozir pensiyada. Balki shu kishi bilan adashtirgandir”, – dedi mahalla posboni.

Endi sodir bo‘lgan noxush voqeaning o‘zi haqida so‘z yuritaylik. 12 aprelda “Samarqandshahargaz” filialining pensioner yashayotgan hududdagi rahbari Ismoil Ziyodullayev hamda nazoratchilar Shamsiddin Mansurov va Xurshid Meliyevlar Yuqori Xo‘ja Soat mahallasida bo‘lib, Ahmad akaning xonadoni va novvoyxonasidagi gaz iste'molini tekshirmoqchi bo‘lishadi. Xonadonidagi gaz hisoblash asbobi bo‘yicha uning 248 ming so‘m qarzi borligi aniqlanadi. Bundan avvalroq, o‘tgan yilning dekabr oyida xonadon sohibi 1 million 700 ming so‘m to‘lagan ekan. U aniqlangan qarz summasini ham tezda to‘lashga va'da bergan.

Shundan so‘ng tekshiruvchilar novvoyxonadagi holat bilan tanishish maqsadida u yerda o‘rnatilgan gaz hisoblash asbobini ko‘zdan kechirishadi. Bir oy oldin o‘rnatilgan elektron gaz hisoblash asbobi 8 ming m3 miqdorida gaz iste'mol qilinganligini ko‘rsatgan. Bir oyda shuncha gaz sarf qilingan bo‘lsa, undan oldingi davrlarda qancha iste'mol qilingan va qancha pul to‘langanligini aniqlash maqsadida I.Ziyodullayev eski gaz hisoblash asbobi va to‘lov hujjatlarini ko‘rsatishni so‘raydi. Shunda xonadon sohibi “nimani ko‘rasan”, deb hudud rahbarining bo‘yniga urib, yugurganicha uyiga kirib ketadi. Birozdan so‘ng u ov miltig‘ini olib chiqib, I.Ziyodullayevga o‘qtalib, tepkini bosadi. O‘q uning ish kiyimini teshib o‘tib ketadi. Jahl otiga minib olgan pensioner ikkinchi marta tepkini bosayotganida Mansurov va Meliyev miltiqqa tashlanib, uning uchini baland ko‘tarishadi va miltiq osmonga qarab otiladi.

Bu voqea Ahmad akaning o‘g‘li Akbar Kozimov ko‘z o‘ngida bo‘lib o‘tganligi sababli u hammasini ko‘rgan. U voqea aynan shunday sodir bo‘lganligini tasdiqladi. Uning so‘zlarini roziligini olganimdan so‘ng diktofonga yozib oldim. U otasi va I.Ziyodullayev yoki nazoratchilar orasida janjalga sabab bo‘ladigan boshqa holat yuz bermaganligini  uqtirdi. Xorij saytlaridagi maqolada yozilgan  15 million so‘mlik qarz to‘g‘risida so‘zlar ham bo‘lmaganligini qayd etib o‘tdi. Akbar Kozimov, shuningdek, maqolada “gazni kesib ketgan” va “qarz undiruvchilar novvoy hamiyatiga tegadigan gap qilishgan” deyilganligi haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta'kidladi.

Novvoyxonaning juda ko‘p miqdorda gaz ishlatib, surunkali tarzda pul to‘lamay kelganligi haqidagi mish-mishlarga o‘z fikrini bildirib, I.Ziyodullayev shunday deydi: “Novvoyxona faqat bir yil davomida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shu sababli biz tomondan katta miqdordagi qarz haqida gap bo‘lgan emas. Faqat eski gaz hisoblash asbobi ko‘rsatkichlari bilan to‘langan kvitansiyalarni solishtirib ko‘rmoqchi edim. Ana shu oddiygina talabim uchun menga qarata miltiqdan o‘q uzilishini xayolimga ham keltirmagan edim”.

Uning uqtirishicha, o‘q uning ishchi kiyimini teshib o‘tgan, cho‘ntagidagi sigareta va zajigalkani chil-parchin qilib yuborgan. U agar gavdasini ozgina yonga olmaganida, 70 santimetrdan otilgan miltiqning o‘qi qanday oqibatlarga olib kelishini tasavvur qilish qiyin emas.

Shunga qaramasdan, I.Ziyodullayev unga o‘q uzgan pensionerga hech qanday da'vosi yo‘qligini bildirib, shunday dedi: “Hech kim bundan avval Ahmad akaning birovga yomonlik qilganligini ko‘rgan emas. Mahalladoshlari ham u kishining kamtarin va mulohazali inson ekanligini aytishmoqda. Qandaydir sabab asablarining taranglashganligiga olib kelgandir”.  

Mahalla posboni M.Soliyevning uqtirishicha, gumondorning ov miltig‘i qayddan o‘tkazilmagan.   

Toshpo‘lat Rahmatullayev

 

Mavzuga oid