Qoniqarsiz gaz ta'minoti: muammoning ildizi va aholining millionlab qarzlari
Qishning qahraton kunlarida yurtimizda gaz ta'minoti bilan bog‘liq jiddiy muammolar yuzaga kelayotgani, umuman, bu sohada mutlaqo ishlar ko‘ngildagidek emasligini so‘nggi paytlarda bu boradagi shikoyatlar yanada ko‘payganidan ham bilsak bo‘ladi.
Kunlar isib ketgach, yozda ahvol birmuncha o‘nglanadi. Nega qishda gaz ta'minotida uzilishlar ko‘payadi. Yashang! Aholi tabiiy gazdan uyni isitishda ham foydalana boshlaydi va uning iste'moli yanada ko‘payadi. Aholini issiqlik bilan ta'minlash, isitish tizimi o‘tgan yillar mobaynida butkul izdan chiqqani uchun bu zanjir reaksiya sifatida gaz ta'minotiga ham o‘zining salbiy ta'sirini o‘tkazmay qolmadi.
Shu kunlarda prezident tomonidan qabul qilingan «2018–2022 yillarda issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida»gi qarorini faqat olqishlash mumkin. Chunki issiqlik ta'minoti nisbatan qoniqarli darajada bo‘lgan Toshkent va Navoiy shaharlaridagina qish faslida gaz ta'minoti bilan bog‘liq uzilishlar yo‘q hisobi. Respublikaning qolgan barcha viloyatlarida ahvol bir xil, qoniqarsiz darajada.
Keling, muammoning ildiziga nazar tashlasak.
Ayni paytda «O‘zbekneftgaz» milliy holding kompaniyasi O‘zbekistonda neft va gaz ta'minotining «otasi» hisoblanadi. Gaz ta'minotidagi o‘zibo‘larchilikdagi bosh muammo ham shunda — vertikal integratsiyada. Chunki vertikal integratsiya sharoitida, bir tizim ichida bo‘lgani uchun korxonalar o‘zaro to‘lovlarsiz ham tovar olishi va xizmat ko‘rsatishda davom etaveradi, chunki eng tepada rahbari bir kishi, u «berasan» degach, puli to‘lanmasa ham gaz berilaveradi-da!
Buning uchun gaz qazib chiqaruvchi va qayta ishlovchi korxonalarni «O‘zbekneftgaz»dan chiqarib olish kerak. Gaz qazib chiqaruvchi va ishlab chiqaruvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman gaz idoralari (ular, albatta, xususiylashtirilishi kerak) bilan shartnoma tuzishlari kerak. «O‘ztransgaz»ga faqat uning quvurlaridan foydalanganlik, transportirovka uchungina komission haq to‘lanadi.
Hozirgi mavjud sharoitda gaz qazib/ishlab chiqaruvchi gazni «O‘ztransgaz»ga beradi, «O‘ztransgaz» — «Vodiygazta'minot», «Janubiygazta'minot», «Markazgazta'minot» kabi hududiy korxonalarga, hududiy korxonalar — «tumangaz»ga va hech kim gaz pulini to‘lamaydi. Mana shu zanjirni uzib tashlash kerak.
Vaziyatni aholidan gazdan foydalanganlik uchun pul yig‘ish, aholi qarzdorligini juda katta ekanligi yanada og‘irlashtiradi. Ayniqsa, gaz haqini oyma-oy hisoblagich bo‘yicha to‘lab borgan tartibli foydalanuvchilarning gardaniga ham gaz idoralari tomonidan «osmondan olingan» millionlab qarz yuklab qo‘yilishi, soha butunlay izdan chiqqanidan dalolat berib turibdi.
Istalgan tumaningizga boring, katta bir amaldorning o‘ziga yo qarindoshlariga tegishli metan gaz quyish shoxobchasi, g‘isht zavodi, issiqxonasi yoki tamaddixonasi foydalanilgan gaz uchun har bir kub metriga, so‘nggi tiyinigacha to‘lamaydi. Ular ishlatgan gaz hajmi uchun to‘lov aholi, oddiy insonlar gardaniga taqsimlanadi. Bu yo‘lda gaz idoralarining nazoratchilari shunchalik qabih harakatlarga mukkasidan ketishganki, tashqarida turgan hisoblagichingiz plombasiga ko‘zingizni shamg‘alat qilib, shikast yetkazib, sizga imkon qadar kattaroq qarz va jarima yozish payida bo‘lishadi. Bunday shikoyatlar minglab topiladi.
O‘zbekistonda tabiiy gaz xususiy operatorlar tomonidan sotila boshlanadi
Xo‘p, vaziyatdan qanday qilib chiqish mumkin?
Albatta, gaz sotuvchi idoralarni davlat kompaniyasi tasarrufidan chiqarib, xususiylashtirish yo‘li bilan (Yuqorida qayd etilganidek, prezident qarori bilan bu borada ilk qadam tashlandi). Gaz sotuvchi idora xususiy korxona bo‘lsagina, aholi va korxonalardan teppa-teng pul yig‘iladi.
Gaz qazib/ishlab chiqaruvchi toki oldindan haq to‘lamaguncha «tumangaz» (xususiy operatorga) gaz bermaydigan, «tumangaz» (xususiy operator) puli to‘lanmagan abonentlarga oldindan to‘lovsiz gaz bermaslik mexanizmi yaratilishi kerak. Aks holda, barchasi bekor.
Prezident qaroriga ko‘ra, 1 iyundan boshlab Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa hududlarida gaz ta'minoti obektlari qismi gaz taqsimlash tarmoqlaridan foydalanish va tabiiy gazni sotish uchun xususiy operatorlar vakolatli boshqaruviga o‘tkaziladi.
Tajriba loyihasi doirasida poytaxtda xususiy operatorlikka Bektemir tumanining «Bektemirtumangaz» tuman ekspluatatsiya xizmati obektlarini o‘tkazish mo‘ljallanmoqda. Qoraqalpog‘istonda «Kegeylitumangaz», Andijon viloyatida — «Shahrixontumangaz», Buxoroda — «Kogontumangaz», Jizzaxda — «Zomintumangaz», Qashqadaryoda — «Qarshitumangaz», Navoiyda — «Qiziltepatumangaz», Namanganda — «Namangantumangaz», Samarqandda — «Narpaytumangaz», Surxondaryoda — «Jarqo‘rg‘ontumangaz», Sirdaryoda — «Yangiyershahargaz», Toshkentda — «Yangiyo‘ltumangaz», Farg‘onada — «Oltiariqtumangaz» hamda Xorazm viloyatida «Yangiariqtumangaz» filiali obektlari vakolatli boshqaruvga o‘tkaziladi.
Albatta, bu usul tabiiy gazni yurtimizdagi shahar, shaharchalar va posyolkalardagi faqat ko‘p qavatli uylarga, maktablar, shifoxonalar va ayrim korxonalarga yetkazib berishdagina qo‘llash lozim. Qishloq joylarni gaz bilan ta'minlashda o‘sha suyultirilgan propan gazini ballonlarda tarqatishni yanada kengaytirish kerak. Chunki gaz ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha ilg‘or bo‘lgan Qatarda ham aholiga gaz suyultirilib ballonlarda sotiladi.
Birinchi prezident har doim yangi mexanizm joriy qilmoqchi bo‘lsa, eng avvalo, ilg‘or davlatlar yo muvaffiqiyatga erishgan davlatlar tajribasini o‘rganishni taklif etardi. Masalan, faqat import qiladigan Gruziya va Boltiqbo‘yi tajribasini o‘rganib kelish bizga asqotadi.
Gruziyani olaylik. Bu davlat umuman gaz qazib olmaydi. Rossiya bilan munosabatlari sabab, ularga gaz Ozarboyjondan yetkaziladi. Gaz ta'minoti bilan ham Ozarboyjonning «Socar» kompaniyasi shug‘ullanadi. Ya'ni, davlat gazni to‘liq import qiladi. Gruziyada hamma narsa gazga bog‘langan: isitish tizimi, issiq suv va gaz plitasi. Aholini gaz ta'minoti bilan ta'minlash to‘liq avtomatlashtirilgan, qarzdorlik 10 lari (4,5 dollar) ga yetishi hamono mijoz gaz ta'minotidan avtomatik uzib qo‘yiladi.
Boltiqbo‘yi davlatlaridan Latviyada, masalan, aholi bizning o‘lchovlarimiz bo‘yicha gaz uchun yevroda juda yuqori haq to‘laydi. Ular ham gazni to‘liq import qiluvchi davlat. Bizdan farqi, ular gazni qazib olishmaydi va chetdan xarid qilishadi, shu sababli uning har bir kubometri hisobda turadi. Xo‘jasizlikka to‘liq barham berilgan.
Tabiiy boyligimiz bo‘lgan tabiiy gazni ham har bir misqolini ardoqlashimiz kerak emasmi? Albatta, uning har bir kubometri hisobda bo‘lishi, unga belgilangan haq to‘liq to‘lanishiga erishmog‘imiz kerak. Haq to‘langanida ham, aholi gazni ishlatib, qarzga kirib ketishini kutish kerak emas, gaz har doim oldindan haq to‘lab xarid qilinmog‘i lozim. Xoh u quvur orqali yetkaziluvchi tabiiy gaz bo‘lsin, xoh suyultirilgan propan ballonlarda yetkazilsin. Ana shundagina aholida ham oldindan to‘lov qilingan mahsulot uchun talab, gaz idorasida esa uni o‘z vaqtida yetkazish uchun mas'uliyat paydo bo‘ladi.
Bizda ham tabiiy gaz o‘tkazilgan xonadonlar, ko‘p qavatli uylarni elektron hisoblagichlar bilan ta'minlash, xususiy operatorlar vositasida foydalangan gaz uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida yig‘ishga erishish mumkin. Shuningdek, faqatgina xususiy korxonada ishlovchi gaz nazoratchisi aholining gaz ta'minotini to‘liq va tartibli ta'minotiga to‘laqonli mas'ul bo‘ladi, gaz liniyalariga o‘zboshimchalik bilan gaz so‘ruvchi nasoslar o‘rnatish kabi salbiy holatlarga barham beradi. Yodingizda bo‘lsa, bunday o‘zboshimchaliklar haqda Qo‘qondan tayyorlangan «Gaz ta'minotidagi xo‘jasizlik va boshboshdoqliklar: Nishonda yana Qo‘qon» maqolamda batafsil to‘xtalib o‘tgan edim.
Yana bir muhim jihatga e'tiborga olinsa yaxshi bo‘lar edi. Prezident qaroriga ko‘ra, sinov tariqasida har bir viloyatda bittadan tumangaz tanlab olingan. Yangi tashkil etilayotgan xususiy operatorlarga na aholi va na yuridik shaxslarning qarzi vorisiylik tarzida o‘tishi kerak. Ya'ni xususiy operator barcha ishni noldan boshlasa, gaz sotib olish uchun o‘z mablag‘ini tiksagina ko‘zlangan maqsadga yetishiladi.
Eski tumangazlar oldidagi qarzdorlik bo‘yicha har bir iste'molchi bilan solishtirma dalolatnoma tuzilishi va eski qarzdorlikni undirish o‘sha tumangaz idorasiga yuklatilishi kerak. Shundagina aholi va yuridik shaxslarning xususiy operatordan, xususiy operatorning esa «Muborakneftgaz», «Hisorneftgazdan» yoki «O‘ztransgaz» komissiyalaridan qarzi bo‘lmaydi. Aks holda, hammasi eski hammom eski tosligicha qoladi.
Bu sohada har bir islohot markazida xususiy manfaat yotishini ta'minlash lozim. Ya'ni gaz bilan ta'minlovchi so‘nggi korxona xususiy bo‘lsa va zimmasiga olingan majburiyatlarni o‘z vaqtida ta'minlashdan manfaatdor bo‘lsagina ko‘zlangan maqsadga albatta erishiladi. Ya'ni oldindan pul yig‘ib, sotgan gazi qancha ko‘p bo‘lsa korxona shuncha ko‘p daromad qiladi va xodimlari shunchalik ko‘p oylik oladi. Oddiy arifmetika.
Yurtimizda bu borada og‘riqli bo‘lib turgan muammolardan biriga barham beriladi. Gaz to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirgan har qanday mijozga hattoki qishning qahraton kunlarida ham o‘z vaqtida, yetarli miqdorda yetkazishga erishiladi.
Shuhrat Shokirjonov
Mavzuga oid
13:31 / 16.11.2024
Kaspi.kz Humo to‘lov tizimini xususiylashtirishdagi ishtirokini to‘xtatdi
20:00 / 13.11.2024
«O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJning 35 foiz aksiyalari 200 mlrd so‘mga sotildi
19:11 / 04.10.2024
Tashkent city hududidagi banklar binolarini sotib olishga 4 investor qiziqish bildirdi – Davaktiv
19:55 / 12.09.2024