Jamiyat | 17:58 / 25.04.2017
13504
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar murojaatlari yuzasidan yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda

Namangan viloyati IIB Kun.uz’ga Namangan viloyatining shahar va tumanlarida O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilish yuzasidan chet el fuqarolari va fuqaroligi yo‘q shaxslar bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqot yig‘ilishlari yuzasidan ma'lumot berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yo‘llangan murojaatlar tahlil qilinganda, ularning aksariyatini chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasning fuqaroligini qabul qilish bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha qilingan murojaatlar tashkil etayotganligi aniqlandi. 

Ushbu holatlarning oldini olish maqsadida boshqarma XChK va FRB boshlig‘ining 2017 yil 13 aprel kuni yig‘ilish o‘tkazish grafigi tasdiqlanib, 14 aprel kuni Uychi tumani markazida joylashgan Madaniyat saroyida 152 nafar, 15 aprel kuni Uchqo‘rg‘on tumani madaniyat saroyida 184 nafar, 17 aprel kuni Yangiqo‘rg‘on tumani, Nanay QFYda joylashgan aholi madaniy dam olish maskanida 143 nafar, 18 aprel kuni Chortoq tumani, Peshqo‘rg‘on QFYda joylashgan aholi madaniy dam olish maskanida 90 nafar hamda 19 aprel kuni Kosonsoy tumanidagi 4-sonli Musiqa maktabi binosida 254 nafar MDH davlatlari fuqarolari va fuqaroligi yo‘q shaxslar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. 

Ochiq muloqot davomida ularga O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 20 noyabrdagi PF-500-sonli farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari tushuntirildi. Ularni hozirda qiynayotgan muammolari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilish, MDH fuqarolarining viloyat hududiga vaqtincha va doimiy ruyxatga qo‘yish tartiblari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro fuqarolarni kelib-ketishlari to‘g‘risidagi talablari va boshqa fuqarolik pasportlari bilan bog‘liq murojaatlari hamda muammolari eshitilib, ushbu murojaatlar va muammolari yuzasidan tushuncha va huquqiy maslahatlar berildi. 

Qolgan shahar-tumanlarda grafikda belgilangan kunlarda ochiq muloqot yig‘ilishlari o‘tkazib borilishi nazoratga olindi. 

Shuningdek, o‘tkazilayotgan ochiq muloqot yig‘ilishlarini viloyat aholisi o‘rtasida keng targ‘ib etish maqsadida viloyat televideniyesiga chiqishlar berish uchun videotasvir va fotolavhalar olinib, mahalliy televideniye va gazetalarda chop etilishi nazoratga olindi.

Mavzuga oid