Jamiyat | 17:19 / 27.04.2017
12113
2 daqiqa o‘qiladi

Tarixda birinchi marta Saturn halqalaridan suratlar yo‘llandi

Foto: NASA

Cassini zondi tarixda birinchi bo‘lib Saturn va uning halqalari orasidagi hududga kirib bordi va u yerda olingan ilk suratlarni Yerga uzatdi. Noyob parvoz dalillari Milliy aeronavtika va kosmik kenglikni tadqiq qilish (NASA) boshqarmasining saytida namoyish qilindi. 

"Buyuk tadqiqotchilar an'analarini davom ettirib, Cassini yangi yo‘lni bosib o‘tdi va bizga yangi mo‘'jizalarni namoyish etdi", - dedi NASA'ning sayyoralarni tadqiq qilish bo‘limi boshlig‘i Jim Grin.

Cassini tomonidan yo‘llangan suratlarda Saturn atmosferasining o‘ziga xosligini misli ko‘rilmagan yaqin masofadan ko‘rish mumkin.

"Hech bir kosmik qurilma hech qachon Saturnga bu qadar yaqinlashmagan. Men Cassini Saturn va uning halqalari o‘rtasidagi ushbu kenglikdan o‘tganini ma'lum qilishdan xursandman", - dedi Cassini missiyasi rahbari doktor Erl Meyz.

Cassini zondi 1997 yilning 5 oktabrida Yerdan ko‘tarilgan va 2004 yilning 1 iyulida Saturnga yetgan. Shundan keyin zond bir necha yil davomida sayyora orbitasida bo‘lib, uning yo‘ldoshlari haqida ma'lumotlar to‘plagan.

2017 yilning 26 aprelida Cassini Saturn va uning halqalari o‘rtasidagi kenglik tomon yo‘naltirildi. Kosmik zarralar bilan to‘qnashuvlarning oldini olish uchun qurilmaning aylana antennasi o‘ziga xos qalqonga aylantirildi, bu aloqaning vaqtinchalik uzilishiga olib keldi.

Cassini missiyasi tugashiga qadar zond Saturn va uning halqalari o‘rtasiga yana 21 "sho‘ng‘ish"ni amalga oshirishi kerak (keyingisi 2 mayga mo‘ljallangan). Shundan so‘ng uning bortida yoqilg‘i tugaydi va 2017 yilning sentabrida qurilma Saturn atmosferasida yonib ketishi kerak.

Mavzuga oid