Iqtisodiyot | 09:26 / 28.04.2017
12184
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda oxirgi yillarda benzin ishlab chiqarilishi 26,2 foizga kamaygan

Foto:Getty Images

O‘zbekistonda 2010-2016 yillar davomida benzin ishlab chiqarilishi 26,2 foizga, dizel yonilg‘isi ishlab chiqarilishi esa 8,3 foizga kamaygan. Shu bilan birga milliy iqtisodiyotimizning o‘sib borishi natijasida neft mahsulotlari, ayniqsa, avtobenzin va dizel yonilg‘isiga bo‘lgan talab ham ortmoqda. Bu haqda O‘zA axborot agentligi xabar bermoqda. 

Bu ma'lumotlar "O‘zbekiston Respublikasi aholisining neft mahsulotlari va tabiiy hamda suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojlarini ta'minlash" mavzusida o‘tgan seminar davomida keltirildi. Seminar Oliy Majlis Quyi palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomondan o‘tkazildi. 

Seminarda «O‘zbekneftgaz» tizimidagi korxonalar tomonidan mamlakatimiz aholisining neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash yuzasidan olib borilayotgan kompleks ishlar haqida ma'lumot berildi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, "O‘zbekneftgaz" kompaniyasi tomonidan uglevodorodlarni olish bo‘yicha ishlar Ustyurt, Buxoro-Xiva, Hisor, Surxondaryo, Farg‘ona neft-hududlarida davom etmoqda. Mamlakatimizda bugungi kunda 141 neft va gaz koni faoliyat ko‘rsatmoqda. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasida 2010-2016 yillar mobaynida qariyb 20 milliard dollarlik kapital qo‘yilmalar kiritilganiga qaramasdan «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi tomonidan suyuq uglevodorod va tabiiy gaz qazib olish hajmi kamaygani, xom ashyo importi 1,3 barobar ko‘paygani, berilgan topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilishi bilan bog‘liq ishlar yetarli darajada emasligi ko‘rsatib o‘tilgan edi.

Mavzuga oid