Jamiyat | 02:33 / 03.05.2017
15263
5 daqiqa o‘qiladi

Namanganda ikkinchi jahon urushi faxriylariga Prezident sovg‘alari topshirildi

Inson xotirasi bilan aziz sanaladi, millat esa xotirasi va tarixi bilan ulug‘lanadi. Shu bois ham Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Farmoni bilan 1999 yildan 9 may sanasi Xotira va qadrlash kuni, deb e'lon qilindi. Bu sana xalqimiz – katta-kichik, yoshu qari, jamiyatimizning barcha a'zolari tomonidan o‘tganlarni xotirlash va ruhini shod etish, Vatan tinchligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan kishilarni qadrlab, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatiladigan kun sifatida har yili keng nishonlab kelinmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 4 apreldagi «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi Farmoni va «Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bugungi tinch va osuda kunlarimiz uchun kurashgan, fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, tinchlik-osoyishtalik yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Ayni kunlarda Namangan shahrida 12 nafar ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, 388 nafar front orti faxriylari umrguzaronlik qilishmoqda. Viloyat va shahar hokimligi, «Nuroniy» jamg‘armasi, «Mahalla» hayriya jamoat fondi, ”Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bo‘limlari tomonidan ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini, faxriylarni bayram bilan tabriklash, ularni moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Namangan shahrining «Gulpora» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Qambarali ota Murodov xonadoniga shahar hokimi Bahodir Bekxodjayev, «Nuroniy» jamg‘armasi shahar bo‘limi raisi Anvarjon Nasriddinov, mahalla faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari yo‘qlab borishdi. Otaxon, u kishining farzand va nabiralari mehmonlarni katta xursandchilik bilan kutib olishdi. Shahar hokimi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning otaxonga yo‘llagan bayram tabriklarini o‘qib eshittirdi, Yurtboshimiz sovg‘alarini topshirdi.

Amir Temur mahallasida ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mamattosh ota Pattayev istiqomat qiladi. Ikkinchi jahon urushi boshlangan kezlarda u kishi 18 yoshda edilar. Ayni yoshlikning orzu havaslari qalbida jo‘sh urgan bu navqiron yigitcha ham fashistlarga qarshi ayovsiz janglarga otlanadi. Mard va jasur o‘g‘lon Chexoslovakiya, Xabarovsk, Italiya uchun bo‘lgan janglarda qatnashadi. Ana shunday janglardan birida og‘ir yarador bo‘ladi. Ona yurtiga ikkinchi guruh nogironi bo‘lib qaytadi. Urushdan keyingi yillarda turli sohalarda samarali mehnat qildi. Oila qurdi, 3 nafar farzand, 30 dan ortiq nabira, evara, chevaralarni ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldi. Bu xonadonga ham shahar hokimi Bahodir Bekxodjayev hamrohlari bilan kirib, Prezidentimizning bayram tabriklarini, sovg‘alarini, ko‘krakka taqiladigan esdalik nishonlarini topshirdi.

«Haqiqat» mahallasida yashovchi Jabbor ota Sodiqovni hamma hurmat bilan tilga olishadi. Otaxon bu yil 92 bahorni qarshi oldi. Bu xonadonga tashrif yanada ko‘tarinkilik ruhida o‘tdi. Ayniqsa, Namangan san'at kolleji talabasining akkordeonda «Katyusha» musiqasini ijro etganligi, urush yillarini, g‘alaba kunlarini yana bir bor yodga soldi. Otaxon musiqaga hamohang tarzda qo‘shiq ham kuyladi, raqsga tushdi, nabiralari atrofida parvona bo‘lishdi. Prezidentimizning bayram tabriklarini tinglab, ayniqsa, bu yilgi haj safariga bepul borish uchun imkoniyat yaratib berganliklaridan behad mamnun bo‘lib, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, Yurtboshimiz sog‘-salomat bo‘lsinlar, deya duo qildi.

Shu mahallada Sharifboy ota Nuriddinov degan yana bir tabarruk otaxon yashaydilar. U kishiga ham Prezidentimiz farmoni bilan 2 million so‘m pul mukofoti, haj safariga bepul borish uchun yo‘llanma berildi. Bundan otaxonning boshlari osmonga yetdi. Ayniqsa, Prezidentimizning bayram tabriklarida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan munosib hissangiz, mardlik va jasorat ko‘rsatganingiz bugungi yoshlar uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi, Siz bilan faxrlanamiz, degan otashin so‘zlari otaxonga kuch-g‘ayrat bag‘ishladi. Bu so‘zlardan ta'sirlangan otaxon ham yurtimiz tinchligini, xalqimiz farovonligini tilab duo qildilar.

Komiljon Fayziyev

Mavzuga oid