Jamiyat | 19:15 / 12.05.2017
14427
3 daqiqa o‘qiladi

Boyovut tumanida 7ta nikoh to‘yi o‘tkazib berildi

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida, tuman markazidagi Qaropchi mahallasi markazida joylashgan, bayramona bezatilgan «Marvarid» to‘yxonasida yetti juft kelin-kuyovning nikoh to‘yi ularning yaqinlari, viloyat jamoatchiligi ishtirokida o‘tkazib berildi.  

Viloyatning Mirzaobod, Sirdaryo, Oqoltin, Boyovut va Xovos tumanlaridan bo‘lgan 14 nafar yosh yangi hayotga qadam qo‘ygan, 7ta baxtli oilaga asos solingan.   

«Prezident e'tibori – muruvvat tadbirlarida» shiori ostida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan to‘yda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, madaniyat va san'at namoyondalari, nuroniylar yoshlarni tabriklab, ularning yangi, mustaqil hayotida baxt va omad tiladi. 

Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev  va boshqalar prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida inson manfaatlarini himoya qilish, aholining barcha qatlami, xususan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar turmush sharoitini yaxshilash, ularni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladilar. Butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan ushbu to‘yu-tantanalar ham ko‘plab oilalarga quvonch va shodlik ulashgani, ularning ko‘p muammolariga yechim topilgani qayd etildi. 

To‘ylar arafasida mahalliy hokimliklar, jamoat tashkilotlari yordamida   kelin-kuyovlar istiqomat qilayotgan xonadonlar ta'mirlandi. Oqoltin tumanilik yosh juftlik – Zaynobiddin va Shahnoza Abdurasulovning xursandchiligi qo‘sha bo‘ldi, to‘y oldidan Oqoltin tumani hokimligi tomonidan kelin-kuyovga Sardoba qo‘rg‘onidan ikki xonali kvartiraning kaliti topshirildi. 

 «Shahnozaxon Andijondan kelin bo‘lib keldi. Rosti, to‘yimiz biz kutganimizdan-da a'lo  tantana bilan o‘tdi. Ikkimiz ham cheksiz hayajon va hayratdamiz. Bu ajoyib tadbir  hayotimizdagi eng quvonchli kun sifatida bir umr yodimizda qoladi. Ko‘rsatilayotgan e'tibor, g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbaridan, hukumatimizdan, barcha saxovatli insonlardan minnatdormiz», deydi Zaynobiddin. 

To‘y arafasida homiy tashkilotlar tomonidan barcha udumlar amalga oshirilgan. Barcha kelin-kuyovlarga Prezident sovg‘alari – mebellar to‘plami berilgan. Muhimi, ishsiz kelin-kuyovlar ishga joylashtirilgan. Ularning ishga kirgani haqida sertifikatlar to‘y tantanasi chog‘ida taqdim etilgan. Endilikda yoshlar yangi oilalarini o‘zlari moliyaviy ta'minlay olishi kafolatlangan. 

«Bizga nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, nikohimizni rasmiylashtirish uchun imtiyozlar berildi. Nikoh to‘yi marosimida hammamizga nikoh guvohnomasini viloyat hokimi tantanali topshirdi, biz juda baxtiyormiz», - deydi Boyovut tumanilik yosh juftlik Dilnozaxon va Sunnatilla Raupov.

Ozoda Mamadaliyeva,
Ishonch gazetasi muxbiri

Mavzuga oid