Jamiyat | 10:58 / 17.05.2017
19856
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda farzandlari uchun yer so‘ragan nogiron otaxonning muammosi hal etildi

Kun.uz tahririyati muxbirlari Namangan viloyatiga safar chog‘ida Chortoq tumanida ham bo‘ldi. Xodimlar tumanda katta qurilish va obodonlashtirish loyihalarining boshlanganiga, ezgu amallarning hayotdagi aksiga, ko‘ngli g‘ubordan xoli, andishasi tog‘lardan baland insonlar borligiga guvoh bo‘lishdi.

Xususan, jamoa yo‘l-yo‘lakay qishloq vrachlik punktida uchratgan bir hamshiraning ko‘z yoshlari sabab Chortoq tumani Qorabog‘ mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Norboyev Abdurahmon otaning xonadoniga borishdi. Bir umr “Chortoq” dam olish sanatoriysida jismoniy tarbiyadan murabbiylik qilgan bu inson taqdirida ayanchli sinov ham bor ekan. Oyog‘iga yopishgan dard oxir-oqibat bu insonni shu ko‘yga soldi.

“Ko‘chaga chiqa olmayman, faqat o‘tiraman. Aravaga o‘tirib, bolalar yordamida ko‘chaga chiqaman. 2015 yili pensiyaga chiqqanman. 2016 yildan boshlab oyoq shu ahvolda”, - deydi otaxon. 

Uning aytishicha, olti o‘g‘il farzandi bor. “Uchtasini chiqarganman. Hozir ikki kelinim, bir uylanmagan o‘g‘lim bilan o‘tiribman. Yer masalasida qiynalib qolganmiz. Uyimizning old tomonida yer bor. Mahallada yashovchilardan o‘n kishi qo‘l qo‘yib bergan, rozimiz deb. Bir-ikki qarshilar ham bor”.

Chortoq tumani hokimi o‘rinbosari Abror Dadamirzayev esa Abdurahmon otani ham moddiy, ham ma'naviy tomonidan qo‘llab-quvvatlash kerakligini ta'kidladi. U shuningdek, otaxonga davolanishi uchun bepul yo‘llanma berish, yer masalasi esa ijtimoiy nuqtai nazardan, qonun doirasida hal qilinishini ham aytib o‘tdi.

Tuman hokimi o‘rinbosari ko‘p o‘tmay o‘z bergan va'dalarini bajardi – Abdurahmon otaga qo‘shimcha nafaqa puli tayinlanibdi, davolanishi uchun yo‘llanma, yana yurishi uchun kerak bo‘ladigan jihozlarga buyurtma berilibdi. 

Otaxonning katta tashvishlaridan biri yechimini topdi – farzandlariga yaxshi niyat bilan uy qurish uchun yer ajratildi. 

Namangandagi bir otaxonni ancha vaqtdan beri qiynab kelgan muammo tuman hokimi o‘rinbosari aralashgachgina hal bo‘ldi. Biroq, bungacha mutasaddi tashkilotlar, mahalla raisi qayerga qaragan ekan? Savollar har doimgidek ko‘p... Eng muhimi esa, bir muammo hal etilganida.

Mavzuga oid