Sport | 08:47 / 22.05.2017
6385
2 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» va Enrike «Real»ni chempionlik bilan tabrikladi

«Barselona» bosh murabbiyi Luis Enrike Ispaniya primerasining 38-turi doirasidagi «Eybar» bilan o‘yindagi g‘alaba haqida o‘z fikrini bildirdi va «Real»ni chempionlik bilan tabrikladi. «Eybar»ga qarshi bahs Barselonadagi «Kamp Nou» stadionida bo‘lib o‘tdi hamda 4:2 hisobida yakunlandi.

«Jamoani nimadadir ayblashdan yiroqman, kimdir bizni tanqid qiladi, deb ham o‘ylamayman. „Barselona“ga barqarorlik yetishmaganini tushunmoqdamiz. Esimda bor, klub mavsum avvalida uy uchrashuvlarida ko‘p ochko yo‘qotdi. Vaziyatni o‘nglash uchun oxirigacha harakat qildik, biroq buni uddalay olmadik. „Real“ chempion bo‘ldi, hamda men bunga hech narsa qo‘shimcha qila olmayman, shunchaki ularni tabriklayman. Bizga ko‘p narsa bog‘liq emasdi, ammo oxirigacha kurashdik.

Muxlislarga katta rahmat. Bu yerda bir necha yilni o‘tkazganimdan juda baxtliman", - deya aytib o‘tdi Enrike Barça TV’ga bergan intervyusida.

Bundan tashqari, «Barselona» jamoasining o‘zi ham «Real»ni Ispaniya chempionatidagi g‘alaba bilan tabrikladi.

«Madridning „Real“ jamoasini Ispaniya chempionatining 2016/2017 yilgi mavsumidagi g‘alaba bilan tabriklaymiz», - deyilgan Kataloniya klubining «tvitter»ida.

«Real» Primerani yutish bo‘yicha rekord ko‘rsatkichni qayd etdi - 33 marta, «Barselona»da esa 24 ta sovrin bor. Madrid klubi Ispaniya chempionatida 2011/2012 yilgi mavsumdan beri g‘olib chiqmagandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid