Jamiyat | 17:45 / 22.05.2017
104954
5 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht nega qimmatlashdi?

Illyustrativ foto

Samarqandda ko‘plab qassobxonalarda mol va qo‘y go‘shti 28-30 ming so‘mdan sotilmoqda, suyaksiz lahm go‘shtning bir kilosi 34 ming so‘mga chiqdi. Korzinka.uz supermarketida bir kilogramm go‘shtning narxi 32.500 so‘mdan 40 ming so‘mgacha baholanmoqda.

Go‘sht narxi ko‘pchilik uchun kutilmagan tarzda oshdi, chunki 2014 yildan beri amalda uning narxi o‘zgarmasdan kelayotgan — go‘sht shaharda 24–26 ming so‘mdan sotilayotgan edi. Bungacha go‘sht narxidagi o‘zgarishlar tez-tez sodir bo‘lib turardi. Taqqoslash uchun 2010 yildan buyon go‘sht narxida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni keltiraman. 2010 yilning noyabri: bir kilo go‘sht 9.000 so‘m, 2011 yil dekabri – 15.000 so‘m, 2014 yil fevrali – 22.000 so‘m, 2014 yil iyuni – 26.000 so‘m. So‘nggi yillarda Samarqandda mol va qo‘y go‘shti narxi deyarli bir xil bo‘lganini alohida qayd etish lozim.

Go‘shtdek kundalik zarur oziq-ovqat mahsuloti narxining keskin oshganligi mahalliy hokimiyatni ham befarq qoldirmadi. O‘tgan hafta o‘rtalarida shahar hokimligi Samarqanddagi 70ga yaqin qassobxona hamda barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarini chaqirib, yuzaga kelgan vaziyatni sinchiklab o‘rganib chiqdi. Qassoblarga mol go‘shti kilosining 24 ming so‘mdan oshirmaslik tavsiya etildi.

«Mol bozorda mollarning narxi oshgan bo‘lsa, so‘yilgan go‘sht o‘zimizga 26 ming so‘mdan tushayotgan bo‘lsa nima qilishimiz kerak?», — deydi tanish qassob.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z yordamchilari bilan molning egasi xonadoniga borib, ho‘kizni o‘sha yerda so‘yib, go‘shtini tarozida tortib olib, 26 ming so‘mdan pulini naqd sanab berar ekan. Molning qolgan hamma narsasi — kallasi, tuyoqlari, terisi, charvisi, jigarini qassob tekin oladi. Endi qassobning so‘yilgan bir ho‘kizdan oladigan foydasini hisoblab topish mumkin. Agar molning sof og‘irligi 250 kilogramm bo‘lsa, go‘shtini 30 mingdan sotib, qassob 1 mln. 200 ming tushumga ega bo‘ladi. Agar bunga u bepul qo‘lga kiritgan qismlari ham qo‘shilsa, uning daromadi 1,5 mln. so‘mdan kam bo‘lmaydi. Bu bir kundagi daromad, chunki tanish qassobim bir kunda bitta molning go‘shtini o‘tkazadi. Bilgichlarning aytishicha, bir yil mobaynida ho‘kiz boqqan, parvarishlagan fermer bunday daromad qila olmaydi.

Endi go‘shtning qimmatlashgani muammosiga boshqa tarafdan yondashaylik. Nega mollarning narxi oshdi? Men bu savolni ko‘p yillardan beri mol boqadigan tanishlarimga berib ko‘rdim. Ularning aytishicha, toki yem muammosi hal bo‘lmas, fermerlar arzonroq va sifatli yem bilan ta'minlanmas ekan, sohaning rivojlanishi haqida gapirish o‘rinsiz. Bu muammo kechiktirilmasdan davlat miqyosida hal qilinmog‘i lozim. Birinchi navbatda, yem-hashak uchun yer maydonlarini kengaytirish kerak. Albatta, buning uchun ma'lum bir vaqt talab qilinadi, hozircha talabni e'tiborga olib, turli xil yemlarni import qilish kerak.

Xullas, mutaxassislar bir fikrda yakdil: faqatgina yem bazasini mustaxkamlab, kombikorm, shrot, kunjara narxini pasaytirib, kerak bo‘lsa, hayvonlar uchun yemni import qilib go‘sht tannarxining pasayishiga erishish mumkin.

Shu sababli mahalliy hokimiyatning yaxshi niyatda, jamiyatda ijtimoiy taranglikni susaytirish uchun, ma'muriy tartibda go‘sht narxini pasaytirishga bo‘lgan urinishi istalgan natijalarga olib kelmasligi tayin. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida ma'muriy bosim o‘tkazish emas, narxlarni tartibga solishning boshqa mexanizmidan foydalanish kerak.

Ilgari ham Samarqandning mahalliy hokimiyatlari bir necha bor go‘sht narxini tartibga solishga urinishgan. Lekin bunday yondashuv kerakli natijaga olib kelmagan. Aksincha, qassobxonalar bir necha kunga yopilib, supermarketlarda go‘sht rastalari bo‘shab qolgan. Faqatgina bir necha qassoblargina qo‘rqa-pisa narx «tartibga solingunga» qadar sotilgan narxdan biroz balandroq sota boshlashgan. 

O‘tmishdagi saboqlar dars bo‘lishiga ishonging keladi.

Toshpo‘lat Rahmatullayev

Mavzuga oid