Jamiyat | 09:40 / 25.05.2017
26670
5 daqiqa o‘qiladi

Garajlarni buzmaslik mumkinmi? – Ha, mumkin

2017 yil 15 aprelida Toshkent shahar hokimligida "Toshkent shahri hududida avtomototransport vositalarini saqlash joylarini tartibga keltirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari"ga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tgan edi.

Unda Toshkent shahrining tuman, mavze, dahalar hududida shaharsozlik, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga hamda aholi xavfsizligiga javob bermaydigan temir beton garajlar mavjudligi, qolaversa, ushbu temir beton garajlar ko‘p qavatli turar-joy binolarining oralig‘ida joylashgan bo‘lib, aholi tomonidan boshqa maqsadlarda ham foydalanib kelinayotgani ta'kidlandi. 

Shu mavzuga doir Toshkent shahar hokimining qarori loyihasi www.regulation.gov.uz saytiga muhokama uchun joylashtirilgandi. Keyinchalik turli ijtimoiy tarmoqlarda garajlar buzilishi boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi. 

Ayni damga qadar juda ko‘pchilik garaj egalarini bir savol qiynab kelmoqda: Garajni buzdirmaslikning iloji bormi, bo‘lsa qanday? 

Ma'lum bo‘lishicha, buning imkoni bor. Uchtepa tumani hokimligi vakili shu masalaga oydinlik kiritdi. Uning Kun.uz muxbiriga aytishicha, garajlarning buzilmasligi uchun bir necha me'yoriy-huquqiy ishlarni amalga oshirish talab etiladi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahri hokimining garajlarni buzish to‘g‘risidagi qarorida, asosan, xususiy va individual tartibda qurib olingan garajlarni buzish ko‘zda tutilgan. Ya'ni, siz garaj egasi bo‘lib, garaj alohida bir joyda turgan bo‘lsa, yoki bir necha 10 yoki 100 garaj bir hududda turganidan qat'i nazar, ular garaj egalari shirkatiga birlashgan bo‘lsa, bunday garajlar buziladi. Ularning o‘rnida loyihada belgilanganidek, 2, 3 yoki 6 qavatli pullik yoxud bepul oddiy avtoturargohlar barpo etiladi. 

Agar shirkat a'zolari o‘zaro birlashgan holda hokimiyatga ariza bilan murojaat qilib, unda o‘zlariga qarashli garajlar shirkati hududida tegishli tartib-qoidani o‘rnatishni so‘rasa, hokimiyat hokim buyrug‘i asosida ushbu garajlarni davlat nazoratiga oladi. Shu bilan bu garajlar o‘z holatida saqlab qolinadi. U yerning atrofini obodonlashtirish, garajlar hududini yong‘in va aholi xavfsizligi me'yorlariga moslashtirish, barcha garajlarni bir xil tusga bo‘yash, zarur bo‘lsa, garajlar hududini metall panellar bilan o‘rab chiqish, asfalt yotqizish ishlari amalga oshiriladi. Garajlar joylashgan hudud ichkarisida maxsus kuzatuv minorasi barpo etiladi, mas'ul idoralar vakillari ishtirokida barcha garajlar birma-bir ko‘zdan kechirilib, ularning ichida faqat avtomobilni saqlash choralari ko‘riladi. Ortiqcha narsalar olib chiqilishi talab etiladi. 

Hududda 2-3 nafar xodimning 24 soatlik faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ular qonuniy asosda ishga yollanadi va maosh to‘lanadi. Qo‘riqchilar har bir kirgan avtomobilning davlat raqami va vaqtini qayd etib borishadi.

Buning uchun esa, garaj egalaridan 2 narsa talab qilinadi: 

1. Yuqorida aytilganidek, garaj egalari shirkati tuman hokimiyatiga maxsus murojaat bilan chiqishi;
2. Murojaat ijobiy hal qilinganidan so‘ng har oy eng kam oylik ish haqining ¼ qismi, ya'ni 37 ming 375 so‘mni har oy to‘lash. 

Mana shu shartlar bajarilsa, garajlar buzilmasligi mumkin. Hokimlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, bularning barchasi hokimliklar huzuridagi garajlar idorasi bilan 2017 yilgi shartnomani tuzgan va belgilangan to‘lovni amalga oshirganlar uchun joriy etilishi mumkin. Albatta, bunda garaj yakka holda turgan bo‘lsa, bunday chorani qo‘llashning iloji yo‘q. Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda garaj turgan hudud uchun tuman hokimligining avtoturargohlar bo‘limiga bir yilga 100 ming so‘mga yaqin pul to‘lanadi. 

Shu bilan birga, hokimlik vakili, keyinchalik mazkur garajlar ham buzilmasligiga qanday kafolat bor, degan savolni javobsiz qoldirdi. 

Mavzuga oid