Jahon | 11:10 / 25.05.2017
7002
2 daqiqa o‘qiladi

Manchesterdagi terakt bo‘yicha qo‘lga olinganlar soni sakkiz nafarga yetdi

Foto: Reuters

Buyuk Britaniya huquq-tartibot organlari Manchesterdagi stadionda ro‘y bergan portlashga aloqadorlikda gumon qilingan yana ikki kishini qo‘lga oldi. Bu haqda Katta Manchester politsiyasining tvitterdagi sahifasida ma'lum qilingan.

«Bu tongda biz Vitington tumanida tekshiruvlar o‘tkazdik, bir kishi qo‘lga olindi. Shu tongda yana bir kishi Manchesterning o‘zida terakt bo‘yicha tekshiruvlar doirasida hibs qilindi», — deyilgan xabarda.

Bundan avvalroq teraktni uyushtirishda asosiy gumondor sifatida 22 yoshli liviyalik Salmon Obidiy ko‘rsatilgan edi. Bundan tashqari, Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey qo‘poruvchilik harakati ostida katta guruh turganini taxmin qilgandi.

NBC telekanali Salmon Obidiy «al-Qoida» guruhi bilan aloqadorligi haqida axborot bergan edi.

22 may oqshomida Manchesterdagi Manchester Arena stadionida amerikalik xonanda Ariana Grandening konserti o‘tkazilayotgan vaqtda ro‘y bergan terakt oqibatida 120 kishi jarohatlangan, 22 kishi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid