Hindiston Kashmirdagi teraktdan keyin Pokistonga cheklovlar joriy qildi
Hind daryosi bo‘yicha kelishuv to‘xtatildi, Pokiston harbiy maslahatchilari «persona non grata» deb e’lon qilindi.

Foto: AP / Dar Yasin
Hindiston Pokiston bilan «Hind daryosi suvi» bo‘yicha kelishuvning amal qilishini to‘xtatdi va pokistonlik maslahatchilardan bir hafta ichida mamlakatni tark etishni so‘radi.
Press Trust of India (PTI) xabariga ko‘ra, bu qaror Kashmirning Pahalgam shahrida yuz bergan teraktdan keyin qabul qilingan.
Hindiston tashqi ishlar vaziri Vikram Misri qaror tafsilotlarini ma’lum qildi.
Dehlidagi elchixonadagi Pokiston harbiy maslahatchilari «persona non grata» deb e’lon qilinganini aytgan Misri, ularga Hindistonni tark etish uchun bir hafta muhlat berilganini ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, 1960 yilda Hindiston va Pokiston o‘rtasida imzolangan «Hind daryosi suvi» bo‘yicha shartnoma to‘xtatilgan.
«Shartnoma Pokiston transchegaraviy terrorizmni qo‘llab-quvvatlashdan ishonchli va qaytarib bo‘lmaydigan tarzda voz kechmaguncha darhol to‘xtatiladi», dedi Hindiston tashqi ishlar vaziri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vagah-Attari chegara punkti yopilgan va bu joydan o‘tganlar 1 maygacha xuddi shu yo‘nalishda orqaga qaytishi mumkin.
Shu bilan birga, Pokiston fuqarolariga Janubiy Osiyo Mintaqaviy Hamkorlik Tashkilotining (SAARC) keng qamrovli vizalari bilan Hindistonga borish taqiqlandi. Bunday vizaga ega bo‘lgan pokistonliklarga mamlakatni tark etishi uchun 48 soat vaqt berildi.
Misrining ta’kidlashicha, bu qarorlar «terrorizmga nisbatan mutlaq toqatsizlik siyosatini» aks ettiradi.
Avvalroq, Jammu va Kashmirdagi qurolli hujumda kamida 28 kishi halok bo‘ldi. Hindiston va Pokiston da’vo qilgan, biroq Hindiston tomonidan boshqariladigan bahsli hudud — Pahalgam tumanida qurollangan shaxslar sayyohlarga qarata o‘t ochgan edi.
Mavzuga oid

23:43 / 23.04.2025
Kashmirda sayyohlarni o‘qqa tutgan terrorchilar haqidagi ma’lumot uchun mukofot e’lon qilindi

18:19 / 23.04.2025
AQShda terrorizmda gumonlanib hibsga olinganlar soni 655 foizga oshdi

10:09 / 23.04.2025
Kashmirda qurolli hujum oqibatida o‘nlab sayyohlar halok bo‘ldi

08:12 / 23.04.2025