O‘zbekiston | 12:30 / 02.06.2017
166923
8 daqiqa o‘qiladi

GM Uzbekistan narxlarni oshirdi: Potentsial xaridorlarda jiddiy savollar tug‘ilmoqda

foto: Autochel

2017 yil 1 iyundan boshlab GM Uzbekistan tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillarga yangi narx e'lon qilingach, bu masala yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning faolligi kuzatildi.

Masala yuzasidan quyida «Kun.uz» tahririyatiga xatlar kelmoqda. 

Sayt pochtasiga jo‘natgan xatida Zafarjon Vohidov shunday deb yozadi:

«Xatimda GM Uzbekistan avtomobillarining narxi oshgani munosabati bilan o‘z savollarim, fikr va mulohazalarimni bayon etmoqchiman.

Chunki bu juda muammoli masala.

Xatimni e'lon qilishlaringizni so‘rayman. Balkim shunda hukumatga avtomobillar narxini tushirish borasida tavsiya taqdim etish ehtimoli ham vujudga kelar.

Bu axir dahshat-ku?! «O‘zavtosanoat» AJ rulida kimlar o‘tiribdi?!

Men gmuzbekistan.uz saytiga kirib avtomobillarning yangi narxlari bilan tanishib chiqdim, taassufki, mish-mishlar haqiqat bo‘lib chiqdi, narxlar aql bovar qilmaydigan darajada oshirilganiga guvoh bo‘ldim.

Avtomobillarga faqat so‘mda narx belgilash va GM Uzbekistan avtomobillari narxlarini oshirish bilan bog‘liq vaziyatni tahlil qilib, shuningdek, bu vaziyatning AQSh dollarining «qora bozor»dagi kursiga bog‘liqligini o‘rganib, bu hol aholining foydasigami yo zarariga ekanligini tushunishga harakat qildim, ya'ni «bozor»da dollar kursi endi tushadimi yoki yana o‘sishda davom etadi?

Biz barchamiz hukumat va «O‘zavtosanoat» AJdan quyidagi savollarga javob berilishini istar edik:

1. Avtomobillar narxining oshirilishida qanday omillar hisobga olingan (agar birorta omil hisobga olingan bo‘lsa)? Ya'ni, nega masalan, «Matiz» Mning 13 mln.358 ming 140 so‘m (dollarda 3472$) bo‘lgan narxi 10.110 dollar va so‘mda 38 million 886 ming 547 so‘m qilib belgilandi. (Bu barcha avtomobillar narxiga bog‘liq savol. Yoki «Captiva» LTZning narxi 54.594 dollar, so‘mda 209 million 987 ming 352 so‘m? Bunday holatlarda avvalo, masalan, birinchi navbatda fuqarolarning oylik maoshlari oshirilishi, YaIM ko‘tarilganligi ko‘rsatkichlari, rasman qayd etilgan inflyatsiya darajasi, xorijiy valyutalarning rasmiy kursi ko‘tarilishi va h.k. kabi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy omillari hisobga olinishi kerak emasmidi? 

2. GM avtomobillarining narxi nega bunchalik balandga ko‘tarildi? Yuqorida misol qilingan «Matiz»ning narxi dollarda 3472 $ bo‘la turib, 10.110 $ qilinsa (2,9 martaga oshish!) yoki so‘mda 13 mln. 358 ming 140 so‘m bo‘p turganida 38 mln. 886 ming 547 so‘m (bu yerda ham 2,9 martaga oshish) etib belgilansa? Bu narxlarni maqbul va adolatli, deb atash mumkinmi?

3. Nega avtomobilning narxi internet va uyali aloqa kompaniyalarning tariflari kabi dollarda belgilangan, holbuki u so‘mda sotiladi? Bu, birinchidan, avtomobil narxining doimiy ravishda oshib borishiga olib keladi, chunki xorijiy valyutaning rasmiy kursi keyingi oylarda haftasiga o‘rtacha 25–30 so‘mdan oshib bormoqda. 

Masalan, «Spark» LS M/T avtomobilining narxi 15.586 dollar qilib belgilangan yoki shu hafta rasmiy kursi (3846,33 so‘m) bilan hisoblansa 59 mln. 948 ming 899 so‘m bo‘lib turibdi. Keyingi haftaga dollar kursi masalan 3872 so‘m bo‘lsa, mashina narxi 60 mln. 348 ming 992 so‘mga ko‘tariladi, ya'ni bir haftada tafovut 400 mingga teng bo‘ladi. 

Ikkinchidan, aynan shu omil mamlakatning fuqarolari, ayniqsa oylik maoshga kun ko‘rayotgan fuqarolari bu shartlarda hech qachon avtomobil xarid qila olmasligini bildiradi. Chunki oylik maosh bir haftada o‘rtacha 400 mingga oshmaydi (maoshlar yilda bir marta 10 yoki 15 foizga oshirilishiga ko‘nikib qolganmiz). Darvoqe, bu nafaqat oylikxo‘rlar, balki biznesmenlar va ishbilarmonlarning cho‘ntagiga ham ta'sir qiladi.

Nihoyat, uchinchidan, davlat yoki jamoat tashkiloti ishchisi o‘rtacha 1 mln. 300 ming (2016 yil yakunlarining rasmiy raqami) oylik maosh bilan (yemasdan, ichmasdan, kiyinmasdan, shunchaki pul yig‘ib) narxi davlat kursidagi so‘mda to‘lanadigan 10.110 dollar bo‘lgan eng arzon avtomobil M modeldagi «Matiz»ni xarid qilishi uchun necha yil ishlashi kerak?

GM Uzbekistan avtomobillariga so‘mda narx idrok doirasida belgilanishi zarur edi, ya'ni hozirgidek tushunarsiz haddan ziyod baland narx emas, O‘zbekiston Respublikasining rasmiy ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari asos qilib olinganida o‘rinli bo‘lar edi. Nihoyat, «O‘zavtosanoat» AJ siyosatini kompaniyaning o‘zi emas, mamlakat hukumati yoki rahbariyati belgilab berishi kerak, chunki bu soha mamlakat iqtisodiyotining muhim qismi hisoblanadi. 

Mamlakatimiz avtomobil oldi-sotdisi odamlar hayotiga jiddiy ta'sir o‘tkazadi va ushbu vaziyat, to‘g‘rirog‘i, muammoli vaziyat imkon qadar tezroq hal etilishi kerak.

* * *

Muzaffar ismli muxlis masala yuzasidan qisqacha munosabatini quyidagicha bayon qilgan:

«Ta'kidlab o‘tish joizki, narxlar xaridni amalga oshirgan kundagi AQSh dollarining davlat kursi bo‘yicha hisoblanadi. Bundan tashqari, GM Uzbekistan avtomobillari endi faqat so‘mda sotiladi, lekin narxlar dollarga bog‘langan. Dollarning rasmiy kursi o‘zgarishiga qarab, avtomobillarning narxi ham har hafta o‘zgarib turadi. Endi oylik maoshlarni ham dollarga bog‘lab qo‘yish kerak, rasmiy kurs o‘zgarishiga qarab, oyliklar ham har hafta o‘zgarib tursin».

* * *

Ismini oshkor etmagan muxlislarimizdan biri quyidagicha fikr bildirgan:

Sizning «GM Uzbekistan avtomobillarining yangi narxlari ma'lum» mavzusi ostida berilgan yangilikdan hayratda qoldik. Sizdan iltimos, mashina narxlarini belgilashda qanday sabablarga ko‘ra xorijiy AQSh dollari kursiga bog‘lab qo‘yilganligi, hamda narxlarni birdan oshib ketishi to‘g‘risida tahliliy maqolalar tayyorlab chop etsangiz. 

Boisi, so‘ngi vaqtlarda barcha mahsulot turlariga nisbatan narxlarni belgilashda, aynan xorijiy valyuta kursi farqidan kelib chiqilmoqda. Lekin mamlakat aholisining daromadlar (yollanib ishlaydigan, daromadlari oylikka bog‘liq bo‘lgan)ni ko‘payishida bunday omillar hisobga olinmaydi. Shu sababdan, aholining oylik daromadlarining asosiy qismi kundalik ehtiyojlarni qoplash uchun ham ba'zida yetmay qoladi. 

Narxlarning sun'iy tarzda oshirilishi, insonlarning qo‘shimcha daromad manbaini qidirishga, ko‘p hollarda mansabni suiiste'mol qilish yoki tamagirlik shaklidagi salbiy illatlar ortishiga olib kelmoqda. 

Yaqin kunlarda aholi daromadlari va xarajatlarining shakllanishi, shuningdek, aholi xarid quvvati pasayishiga olib kelayotgan GM misolidagi narx siyosati to‘g‘risida maqolani tayyorlashni iltimos qilamiz.

* * *
Tahririyatdan: Avtosalonlarda mashinalar narxining oshishi o‘z navbatida YHXBda uni ro‘yxatga qo‘yishda undiriladigan davlat boji, yo‘l jamg‘armasiga ajratma kabi to‘lovlarning ham keskin oshishiga sabab bo‘ladi. 

Masalan, 1 iyungacha 14 mln. so‘mdan sal qimmat bo‘lgan «Matiz» M uchun 700 ming atrofida pul to‘lanar edi. Endi 3 foizlik to‘lov ham 14 mln so‘mdan emas, «Matiz»ning yangi narxi 38 mln. so‘mga qarab undiriladi. Bu yerda esa narxning deyarli UCh (!) barobar o‘sgani hech kimning esiga kelmayapti.

Mavzuga oid