Sport | 16:14 / 03.06.2017
16450
6 daqiqa o‘qiladi

“Real” – “Yuventus” uchrashuvi oldidan mutaxassis va muxlislar fikri qanday? 

Ko‘hna qit'a chempionlar ligasi finali doim muxlislar diqqat markazida bo‘lgan. Biroq, bu galgisi boshqacha e'tiborda. Chunki, mutaxassislar fikricha, bugun maydonda teng kuchga ega ikki raqib uchrashadi. Futbol taxminlarni yoqtirmasa-da, diyorimizning turli burchaklarida yashovchi mutaxassis va muxlislarning o‘yinoldi fikrlarini yig‘ishga harakat qildik.

  Yahyoxon Hodjiyev,  Namangan viloyati  

- Bu bahs - xuddi shaxmat o‘yini kabi murakkab yurishlarga boy bo‘ladi. Bir tomonda  taktika dahosi - Allegri, ikkinchi tomonda esa futbol olamida go‘yo yo‘nalishsiz va uslubsizdek ko‘rinadigan, biroq yildan-yilga kuchayib borayotgan “vahshiy” Zidan va “Real”.  Bizni super jang kutyapti. O‘yinning dastlabki 30 daqiqasida Zidan shogirdlari bosim uyushtirishadi, ushbu bosimdan “Yuventus” o‘yinchilari qutula olishsa, o‘yin nazorati ular tomoniga o‘tadi  deb o‘ylayman.

Agar “Real” asosiy vaqtda gol urishga erishsa, o‘yin 90 minutda hal bo‘lmagan taqdirda ham o‘ta yuqori jismoniy tayyorgarlik evaziga qo‘shimcha taymlarda bemalol g‘alabani ilib ketsa kerak.

“Yuventus”ning o‘yin avvalida bo‘ladigan hujumlar yomg‘iridan xabari bor va bunga tayyor bo‘lsa kerak. Ularda himoya bequsur. Ammo, “Real”ning o‘yini chiqmay qolganda ham yo‘q joydan Ronaldu yoki Ramosning gol urib qo‘yishi bor. “Yuventus” vaqtini kutadi. Har qanday jamoada, ayniqsa “Yuventus” singari jamoalarda bitta gol urishga imkoniyat bo‘ladi. Agar shunday bo‘lsa, o‘sha yagona gol evaziga “Yuventus” g‘alabani ilib ketishi mumkin.

 

Ergash Samig‘jonov, Toshkent

- Ikki jamoaning o‘zaro o‘yinlar statistikasiga murojaat etadigan bo‘lsak,  19 o‘yindan 8 tasida  “Real” g‘alaba qozongan,  9 tasida “Yuventus”. Ikki o‘yin durang bilan yakunlangan.  Deyarli tenglik.

Kiritilgan to‘plar nisbati esa 19-23 “Yuventus” foydasiga. Boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham juda yaqin sonlarni ko‘ramiz. Ikki jamoa o‘rtasidagi so‘nggi o‘yin 2015 yilning may oyida bo‘lib,  unda 1:1 durang hisobi qayd etilgan. “Yuventus” so‘nggi bahslarda sifatli va ko‘tarinki ruhdagi o‘yin ko‘rsatyapti. Bugun  juda qiziqarli bo‘lgan yevroklassika o‘yinini ko‘ramiz. Menimcha, kichik hisobda “Yuventus” g‘alaba qozonadi va Buffon Yevropa ligalaridagi ushalmagan orzusiga bugun erishadi.

 

Alisher Mashrapov, Farg‘ona viloyati, Quva tumani

- Bugungi bahsning nomi -  “Dahshatli final”.  Buni hatto, mutaxassislarning : "2009-yildan beri chempionlar ligasi finalida teng kuchli raqib tushmagan edi" degan fikrlari ham izohlab turibdi. Darhaqiqat, teng kuchli raqiblar uchrashuvi. “Real”da shijoat va hujumkorlik bo‘lsa, “Yuve”da tartib-intizom birinchi o‘rinda. Men ikki jamoada ham kamchilik ko‘rmayapman. Ikkisi ham bir hafta ilgari o‘z chempionatida peshqadamlikni nishonlashdi. Demak, dam olishga vaqt topa olishgan.

To‘g‘risi, Madrid jamoasi muxlisi bo‘lganim uchun 2014 va 2016 yilgi finallarda jamoam chempion bo‘lishiga 90% ishongandim. Bugunchi? Yo‘q, bugun muxlislikdan ko‘ra vaziyatga real qarashni ustun bilib imkoniyatlarni teng deb baholayman. To‘g‘ri, bundan avvalgi ikki finalda “Real” g‘alaba qozonmasa xafa bo‘lar edim. Bugun unday emas... Sababi, bugungi bahs “Keksa senora”ning eng keksa vakili uchun chempionlar ligasida so‘ngi final bo‘lishi kutilmoqda. Bugun birinchi marta jamoam yutqazsa xafa bo‘lmayman. Qaytaga jamoam yutqazgani uchun emas, shu inson g‘alabasi uchun xursand bo‘laman. Xala Madrid, Forze Yuve!

Yuriy Sarkisyan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy

- Qanday o‘yin bo‘ladi, deysizmi? Chiroyli o‘yin bo‘ladi! Bugun hujumkor ispan va himoyaviy italyan futbol maktabining o‘ta go‘zal bahsiga guvoh bo‘lamiz. Taxmin qilishni yoqtirmayman. Lekin aniq gap: qaysi jamoa uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, o‘sha jamoa g‘alaba qozonadi. Asosiysi, muxlislar katta futbol bayramini tomosha qiladilar. Bu ikki jamoa o‘yiniga muxlislar nega qiziqishini sababi, ular maydonga ishqibozlarni xursand qilish uchun tushishlarida. Ko‘ring, zavqlaning, chunki siz bunga loyiqsiz!     

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid