Jamiyat | 17:44 / 25.06.2017
61159
3 daqiqa o‘qiladi

Qobil qori Odiljon o‘g‘li: “Hayit motam emas, xursandchilik kunidir”

Kun.uz’ning “Ramazon tuhfasi” loyihasi doirasida din ulamolari bilan olib borilayotgan fayzli suhbatlarni davom ettirgan holda galdagi mehmonimiz Toshkent shahridagi "Kamoliddin Orif – Al Buxoriy" jome masjidi diniy xodimi Qobil qori Odiljon o‘g‘li bo‘ldi. U kishi bilan kechgan suhbat Ramazon hayitini munosib kutib olish, uning odoblari va shu mavzu atrofida kechdi.

“Hayit odoblariga rioya etishda, uning hurmatini joyiga qo‘yishda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) juda katta o‘rnak bo‘la oladilar. U kishining ta'limoti bo‘yicha Hayit namoziga boradigan payt, Iyd kunlarini o‘tkazayotgan vaqt kishi pok, xushro‘ysifat va chiroyli siyratli bo‘lish kerak. Rasuli Akram (s.a.v)ning o‘zlari ham bu borada namuna bo‘la olganlar. Payg‘ambarimizning odatlaridan biri shu ekanki, u kishi Hayit namoziga bir yo‘ldan borsalar, uyga qaytayotganlarida boshqa yo‘ldan kelar ekanlar. Buning boisi u kishi bu kunda ko‘plab insonlarni bayram bilan muborakbod etishni istarkanlar.

Ammo so‘nggi vaqtlarda aksari odamlar Hayit bayramini nishonlashni asl mohiyatini tushunmay, turli bid'at ishlarga qo‘l urib qo‘ymoqdalar. Bunga misollar ko‘p. Shulardan biri musibatli, azali uy sohiblari tomonidan bu kunda darvoza oldida dasturxonlar yozilib, besh-o‘n odam bellarini bog‘lab, eshik oldida turishlaridir. Bu holatlar uch kunlab davom etish holatlarini ham kuzatyapmiz. Bundan tashqari, bu kunda ayollarimiz yig‘i-sig‘i qilib, johiliyat paytida qolib ketgan amallarni qilishayotgani ham kishi ko‘nglini g‘ashlaydi.

Shuni unutmaslik kerak-ki, Hayit kuni xursandchilik kuni, oila a'zolari bilan chiroyli kutib olinadigan kun. Bu kunda bolajonlarning ko‘nglini olish, bemorlarni borib ko‘rish va shu kabi xayrli ishlarni amalga oshirish talab etiladi.

Qobil qori Odiljon o‘g‘li bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida Iyd kunlari har bir mo‘min-musulmon ochiq chehrali, shirin so‘zli bo‘lishligi, ginalar unitilib, do‘stlik qayta tiklanish zarurligi, odamlarning ko‘ngli ovlanib, ularga yaxshi tilaklar bildirish kerakligi haqida so‘z yuritildi.

Mavzuga oid