Fan-texnika | 19:00 / 27.06.2017
27664
8 daqiqa o‘qiladi

Noqonuniy internet: turli mamlakatlarda qanday xizmatlar bloklangan

Telegram’ning yugurgani somonxonagacha bo‘ldi, aftidan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) ochiqdan-ochiq ushbu messenjer terrorchilar tomonidan ishlatilganini aytib turgan ekan, bo‘ldi, hammasi tamom: bu shov-shuvli bayonot ketidan yaqin bir necha kun ichida uni Rossiyada taqiqlab quyishlari turgan gap. Sabab esa oddiy: Xizmat asoschisi Pavel Durov davlat xavfsizlik organlari bilan hamkorlik qilishdan bo‘yin tovlab, yozishmalarni o‘qish imkoniyatini ularga taqdim etishdan bosh tortdi. Xuddi mana shu sabab bilan ko‘plab davlatlarda u yoki bu internet-xizmatlar bloklab qo‘yilgan.

Hamma gap shifrlanishda

Azal-azaldan davlat barcha aloqa kanallarini nazorat qilib kelgan: hu Oqpodsho davrlarida ham Leninning surgundan yozgan xatlarida butun bir gaplar va abzatslar qirqib olingan. Telegraf va telefon paydo bo‘lishi bilan ular ham o‘qila va eshitila boshlangan, internet paydo bo‘lganidan keyin ham ishlar shu zaylda davom etayotgandi.

Rossiyaning har bir internet-provayderi va mobil aloqa operatori o‘z hisobidan SORM («Tezkor qidiruv tadbirlari tizimi»)ga to‘siqsiz ulanishni ta'minlab, davlat xavfsizlik organlari va ichki ishlarga so‘zlashuvlar va yozishmalarni nazorat qilish imkoniyatini yaratib berishlari shart. Darvoqe, hammani birvarakayiga emas (buning uchun resurs yetmaydi, albatta), faqat jinoyatda gumon qilinayotganlarni.

Bu holatda organlar shifrlanmagan axborotga ega bo‘lishlari kerak, aks holda zamonaviy kalitlarning mustahkamligi ularni ochish uchun bir necha yillar sarflanishiga olib keladi. Aynan shuning uchun Rossiyada maxsus mobil telefonlardagi kabi shifrlashning ko‘plab usullari taqiqlangan.

Agar qandaydir umumfoydalanuvchi aloqa kanali shifrlansa, SORMni ishlatishdan ma'ni qolmaydi, chunki jinoyatchilar aynan o‘sha kanaldan foydalana boshlashadi.

Hokimiyatni egallash

Internet-xizmatlar ma'muriyati u yoki bu davlat organlari bilan hamkorlikka har doim ham ko‘naverishmaydi: muayyan bir hudud uchun shifrlashni o‘chirib qo‘yish juda murakkab vazifa, boz ustiga, bu chora uquvsiz hakerlar uchun ham yozishmalarni himoyasiz qilib qo‘yadi. Shu sababli xizmatlar ulardan umuman foydalanib bo‘lmasligi uchun, butunlay bloklanadi.

Albatta, bu terroristlardan qutqaruvchi vosita emas: professionallar muhim ma'lumot almashish uchun umuman elektron aloqadan foydalanishmaydi. Biroq narkotik sotuvchilar va ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarishni niyat qilgan tashkilotchilar kabi «mayda odamlar»ga qarshi kurashishda bu samarali vosita.

O‘zingiz tushunasiz, hokimiyatni egallash istagida bo‘lganlar hamma joyda ham topiladi, davlat tepasida o‘tirganlar ham ahmoq emaski, internetda o‘tirgan, xalqaro tarmoq asosiy propaganda kanali bo‘lgan allaqanday propagandachilarga hammasini shundoqligicha topshirib qo‘yishsa. Turli davlatlarda aynan shunday sabablar — «terrorchilikka qarshi kurash», «josuslikka qarshi kurash», «marsliklarning tajovuziga qarshi kurash» kabi vaj-korsonlar bilan u yoki bu xizmat berkitilib qo‘yiladi — aslida esa bu birinchi navbatda axborot hududi xavfsizligini ta'minlash maqsadida qilinadi.

 

Qayerda, nima bloklangan?

* Xitoy bu borada eng mashhur misol bo‘la oladi. 15 yildan beri ishlayotgan «Buyuk Xitoy elektron devori» Facebook, Twitter, Youtube, Dropbox, Flickr, shuningdek, Google xizmatlari qolmoqda — aynan shuning uchun Aliexpress orqali xarid qilinadigan xitoycha smartfonlarda hattoki ilovalar yuklab olinadigan Google Play ham yo‘q. Xitoyning namoyishchilik faoliyati yuqori bo‘lgan Tibet va Ichki Mo‘g‘iliston kabi bir qator hududlarida WhatsApp va Instagram ham ishlamaydi, shuningdek, taqiqni chetlab o‘tganlik uchun ham jazo nazarda tutilgan. Aylanib o‘tish usullari ham tezda topib bloklanadi, shu sababli xitoyliklar allaqachon qarshilik ko‘rsatishni yig‘ishtirishgan va mashhur xizmatlarning xitoycha muqobillari, masalan, Qzone ijtimoiy tarmog‘idan foydalanishadi.

* Bahraynda Facebook va YouTube bloklangan. Bunga sabab — namoyishchilarning politsiya tomonidan kaltaklangani tushirilgan videoroliklar joylashtirilganidir.

* Turkmanistonda Facebook, Twitter, «VKontakte», YouTube, Viber va WhatsApp bloklangan. O‘zbekistonda esa Skype va Viber’dan foydalanish ma'lum bir qiyinchiliklar evaziga amalga oshadi.

* Eronda Facebook, Twitter va YouTube yo‘q, barcha milliy ijtimoiy tarmoq — Cloob’dan foydalanadi.

* Pokistonda u yoki bu xizmatdan foydalanish to‘satdan «terrorizmga qarshi kurashish» bahonasi bilan yopib qo‘yiladi va so‘ngroq yana ochiladi.

* Vetnamda ham Facebook vaqti-vaqti bilan o‘chirilib turiladi.

* Saudiya Arabistonida esa bloklash amalda yo‘q, lekin nomaqbul kontent joylashtirganlik uchun jazolanish mumkin. Masalan, paranjisiz selfi joylashtirilgan qizlarga jarima solingan holatlar juda mashhur.

* Misrda 2011 yilgi tartibsizliklar vaqtida internet butunlay o‘chirib qo‘yilgan, endi esa u yoki bu ijtimoy tarmoq vaziyatga qarab bloklanib-ochilib turadi.

* Turkiyada tartibsizliklar vaqtida Twitter ishlatilmaydi, ba'zan esa YouTube.

* Shimoliy Koreyada internet degan narsaning o‘zi yo‘q.

* Suriyada butun internet vaqti-vaqti bilan o‘chirilib turiladi, urushgacha faqat Facebook bloklanib turilgan.

* Sudanda butun internet bir sutkaga o‘chiriladi, u yerda YouTube’ni ham unchalik yoqtirishmaydi.

* Bangladeshda internet tezligi unga biror video joylashtirishning imkoni bo‘masligi uchun majburiy ravishda pasaytirilgan.

* Ukraina Rossiyaning «VKontakte» va «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmoqlarini bloklagan.

Yuqorida tilga olinmagan mamlakatlarda garchi bloklash amaliyoti qo‘llanilmasa ham, kuzatuv olib borilishi aniq.

 

Bloklashdan qanday aylanib o‘tish mumkin?

Bloklash ma'lum bir xizmatlar serverlarning IP-manzillariga provayderlar darajasida to‘siq qo‘yish bilan amalga oshiriladi. Bloklashdan aylanib o‘tishning eng oddiy usuli VPN’dan foydalanishdir. Bunda bloklash mavjud bo‘lmagan mamlakatdagi oraliq servergacha shifrli kanallar tashkillashtiriladi.

Biroq bu usul oddiy ko‘ringani bilan aksariyat uchun murakkab hisoblanadi, boz ustiga, yaxshi VPN-xizmatlar pullik, tekinlari esa juda sekin.

Natijada, xizmatdan faqat texnik jihatdan uquvi bor fuqarolargina foydalana olishadi, lekin ularning soni juda kam va ular xavfli emas: asosiysi — propaganda keng omma e'tiborini jalb qilmasligi kerak.

VPN’ni ham bloklash mumkin (masalan, buni Xitoyda muvaffaqiyatli amalga oshirishmoqda), bu holda Tor va I2P bo‘lingan tarmoqlar orqali ulanishdan boshqa chora qolmaydi, lekin bu juda ham murakkab usul hisoblanadi.

Ya'ni, kimga o‘ta zarur bo‘lsa, ulanish uchun chora topa oladi, lekin bu usullar hech qachon ommaviy bo‘la olmaydi. Bundan esa o‘sha, qonunga itoat qiluvchi fuqarolar ko‘proq jabr ko‘rishadi: ularga Tver ko‘chasi bo‘ylab sayr yoki o‘rdakchalar haqidagi filmlar mutlaqo qiziq emas, lekin ular yaxshi va qulay xizmatlardan mosuvo bo‘lishadi.

Mavzuga oid