Jahon | 18:16 / 23.05.2025
1141
2 daqiqa o‘qiladi

Vetnam hukumati Telegramʼni bloklashga qaror qildi

Vetnam Texnologiyalar vazirligi mamlakatda Telegramʼni bloklash bo‘yicha farmoyish chiqardi. Bunga messenjer jinoiy ishlarga aloqador foydalanuvchilarning ma’lumotlarini taqdim etishdan bosh tortgani sabab bo‘ldi.

Foto: Reuters

Vetnam hukumati aloqa operatorlaridan mamlakat hududida Telegramʼni bloklashni talab qildi. Bunga messenjer hukumatga jinoiy ishlar doirasida foydalanuvchilarning ma’lumotlarini taqdim etishdan bosh tortgani sabab bo‘lgan, deb xabar beradi Reuters.

Vetnam Texnologiyalar vazirligining farmoyishiga muvofiq, telekommunikatsiya kompaniyalari 2 iyunga qadar Telegramʼni bloklash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida hisobot berishi kerak.

Shuningdek, ushbu hujjatda Vetnam politsiyasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar ham keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra, mamlakatdagi 9,6 mingta Telegram-kanalning 68 foizi noqonuniy faoliyat, jumladan, firibgarlik, giyohvand moddalar savdosi va «terrorizm bilan bog‘liq» ishlar bilan shug‘ullanishi aniqlangan.

Texnologiyalar vazirligi vakili Reutersʼga hujjatning haqiqiy ekanini tasdiqlab, bloklash to‘g‘risidagi qaror Telegram hukumatga jinoiy ishlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan tergovlar doirasida foydalanuvchilarga tegishli ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortgani sabab qabul qilingan.

Messenjerning o‘zi hozircha holatga izoh bermadi.

Ta’kidlanishicha, Vetnam Kommunistik partiyasi OAVda qattiq senzurani qo‘llab-quvvatlaydi va bir necha bor Meta, Google, TikTok kabi yirik kompaniyalarga murojaat qilib, tajovuzkor, yolg‘on va hukumatga qarshi kontentni o‘z ichiga olgan «zararli» materiallarni yo‘q qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni talab qilgan.

2024 yil avgustda Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyada hibsga olingan edi. U uyushgan jinoyatchilikka bog‘liq qator jinoyatlar, jumladan, narkotik moddalar va bolalar pornografiyasini tarqatishga aloqadorlikda, shuningdek, hukumat so‘rovlari bo‘yicha ma’lumot taqdim etishdan bosh tortganlikda ayblangan edi.

Mavzuga oid