Fan-texnika | 00:07 / 30.06.2017
30051
12 daqiqa o‘qiladi

10 yoshga to‘lgan iPhone haqida haqiqiy tarix

2007 yilning 29 iyunida Apple smartfoni ilk bor sotuvga chiqqanida, jahon bo‘ylab «buklanadigan» telefonlar va mitti klaviaturali Blackberry smartfonlari yetakchi edi. Musiqa iPod orqali eshitilar, taqvim va yozuv daftarchasi sifatida Palm Pilot ishlatilar, suratlar Kodak singari mitti kameralarda tushirilardi. Bu jihozlarning barchasini cho‘ntakka jo bo‘luvchi parallelepipedga sig‘dirish aql bovar qilmas g‘oyadek edi — boz ustiga, bu matoh klaviaturadan ham judo edi! 10 yil o‘tgach, dunyoni o‘zgartirgan gadjyet qanday paydo bo‘lgani tafsilotlari e'lon qilindi. Quyida birinchi iPhone’ning yaratilish tarixi haqida hikoya qilinadi.

 

Ilk iPhone nega yaratildi?

Apple’ning sobiq ijrochi direktori Skott Forstall yaqinda kompyuter tarixi muzeyida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida shunday degan: «Hammasiga sabab — Stiv Microsoft’dagi o‘sha yigitni jinidan ham badtar yomon ko‘rishi bo‘lgan».

Microsoft xodimi Louren Pauell Jobsning yaqin dugonasiga uylangan edi, ular turli kechalar va tadbirlarda tez-tez ko‘rishib turishardi. Ana shunday kechalarning birida u Microsoft noqulay noutbuklarni stilus (ruchka)li planshetlarga almashtirish ustida ish olib borayotganini aytadi.

Forstallning aytishicha: «U oyoqlarini kerib turib olib, ochiqchasiga maqtanayotgandi, go‘yoki stilus va planshetlari bilan dunyoga hukmronlik qilmoqchi bo‘layotgandek». Dushanba kuni Stiv ishga keladi va uzoq so‘kinadi, so‘ngra deydi: «Kelinglar, biz ularga qanday qilishni ko‘rsatib qo‘yamiz!».

Jobs stilusni ortiqcha dahmaza, inson o‘zining barmog‘idan foydalanishi yanada qulayroq, deb hisoblardi. Xullas, qurilma uchun sensor ekaranining sig‘imli texnologiyasi tanlab olindi.

Jobs telefon o‘lchamiga teng sensor yaratmoqchi edi, shu sababli Apple injyenerlari sensor ekranli yon daftarcha prototipini yaratishdan ishni boshlashdi.  

Forstall shunday eslaydi: «Bu prototipni ko‘rgan barcha telefon aynan shunday bo‘lishi kerakligi va bu qoq peshonasidan urish ekanligini darhol anglardi. Stiv ham buni ko‘rgach, dedi: «Yaxshi, planshet ustida ishni to‘xtatib turamiz, telefon yasaymiz».

 

Stiv Jobs bilan birga ishlash qanday edi?

Forstall shunday deydi: «Men hech qachon uningdek kuchli insonni uchratmaganman. Bilasizmi, men bir necha davlatlarning rahbarlari bilan uchrashganman, o‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkin: qandaydir prezident bilan tushlik qilish, Stiv bilan ikkinchi tushlik oldida hordiq chiqarish degani. Undan misli ko‘rilmagan entuziazm balqib turardi va shu vaqtning o‘zida o‘ta talabchan edi. U barchani so‘nggi nafasigacha ishlashga majburlardi».

Jobs xodimlarni baqirib urishib berishi, hattoki bolaxonador qilib so‘kishi bilan tanilgan edi, biroq uning sukutidan qo‘rqinchli narsa yo‘q edi».

Apple’ning sobiq katta injyeneri Endi Grinon CNN Tech’ga bergan intervyusida shunday deydi: «Shunday hollar bo‘lardiki, qo‘llarini paxsa qilib baqirib yotgan Stiv kutilmaganda jimib qolardi. Ofisda chayqaluvchi kreslolar bo‘lardi va Tim Kuk ikkisi biriga hamohang tarzda jimgina chayqalib o‘tirishardi. Bu juda g‘alati ko‘rinardi».

U yana qo‘shimcha qiladi: «Ba'zida bu hol qo‘rqitardi. U shunchaki jimib, nigohlari o‘ychan bo‘lib qolardi va biz tushunardikki, vaziyat juda qaltis».

Jobs va Grinonning o‘rtasidagi munosabatlar tarang edi va kunlarning birida Jobs uni  fu**chop deb ataydi. Maktab o‘quvchilariga xos bu so‘z — o‘ziga bino qo‘ygan, tishlari qiyshiq maktab o‘qituvchisini anglatardi. Biroq Grinon o‘zining sobiq rahbarining bunday yondashuvi samarali bo‘lganini tan oladi:

«Bu juda g‘alati bo‘ldi. Bilaman, haqoratlar ketma-ketligiga qanday chidash mumkinligiga ko‘pchilik tushunmaydi, biroq oxirida u sizni bir og‘iz so‘z bilan maqtab qo‘ysa bas — kechgacha baxtdan yettinchi osmonda bo‘lasiz».

Endi Grinonning hattoki Stiv Jobs unga qo‘ygan laqabi tushirilgan tashrif qog‘ozlari ham bor edi.

Forstallning so‘zlariga ko‘ra, Jobsning boshqa bir tomoni ham bor edi: «U insonlar haqida juda qayg‘urar, do‘stlari va qarindoshlariga yordam qo‘lini cho‘zishga doim tayyor edi.

Forstallning aytishicha, hattoki Jobs uning hayotini ham saqlab qolgan. U juda kamyob virusga chalinib, kasalxonaga tushadi va bir necha oy davomida davolanadi. 14 kilogramm vazn yo‘qotadi va vrachlar qanday davolashni bilishmayotgandi, shunday tunlarning birida Jobs o‘zining tanishi — nina bilan davolovchi vrachni Stenford kasalxonasiga olib boradi. U ertalabgacha ishlab chiqadi va Forstall tuzalish yo‘liga o‘tadi.

U shunday deydi: «Men hayot bilan vidolashishga ham ulgurgan edim, Stiv o‘sha tabibni olib keldi va meni qutqardi. Men bir umr undan minnatdorman».

 

Katta sir

iPhone debyuti Macworld konferensiyasida 2007 yilda o‘tkaziladi, bungacha esa Kupertinodagi Apple bosh qarorgohida maxfiy loyiha bo‘lib o‘tadi. Telefon ustidagi ishlar rasman 2004 yil so‘ngida boshlangan va yuzlab xodimlar kompaniya uchun misli ko‘rilmagan maxfiylik sharoitida ish olib borishadi — ofislarning bir qismi hattoki qaytadan rejalashtiriladi.

Apple jamoasi ish olib borayotgan qavat videokuzatuv ostida edi va u yerga kirish maxsus ruxsatnomalar orqali amalga oshirilardi. U «Binafsharang yotoq» deb atalardi, uning devorlariga esa 2012 yil Forsall sud jarayonida aytib o‘tganidek, «Jangarilar klubi» kitobidan ushbu iqtiboslar bitilgandi: «Binafsharang» loyihaning birinchi qoidasi shuki, bu yerda ko‘rgan narsalaringizni eshikdan tashqarida tilga olmaysiz».

Kompaniya ishini ko‘p yillar davomida yoritgan jurnalist Fred Fogelshteyn Apple va Google’ning smartfonlar olamida yetakchilikni qo‘lga olish uchun poygasi haqida kitob yozadi. Uning aytishicha, Jobs yangi telefon haqidagi ma'lumotlar sizib ketishining oldini olishni o‘ta muhim deb hisoblagan.

Uning hikoya qilishicha: «Siz dushanba kuni ishga kelganingizda hamma narsa o‘zgarganiga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Dam olish kunlarida ishchilar ofis rejalashtirilishini o‘zgartirishgan, sizga esa hech kim hech narsa demagan bo‘lardi».

Xodimlar hamkasblari va hattoki oila a'zolariga ham nima ustida ish olib borishayotganini ayta olishmasdi. Qayta-qayta ishlanmalar, murakkab sharoitdagi mehnat xodimlarning asabiga ta'sir o‘tkaza boshlagan. Kunlarning birida farzandlarini kim eng uzoq ko‘rmagani ustida bahs boshlangach, menejyerlardan biri jahl bilan eshikni shunday yopib chiqib ketadiki, uning qulfi buzilib qoladi. Usta chaqirishning imkoni bo‘lmaydi va Forstal, Grinon va boshqalar navbati bilan eshikni po‘latdan tayyorlangan beysbol tayog‘i bilan urib sindirishga harakat qilishadi.

Grinon shunday eslaydi: «Ha, mana shu voqea o‘shanda nimalarni his qilganimizni yaxshigina tasvirlab bera olsa kerak. Bolalarini uzoq vaqtdan beri ko‘rmagan, turli bo‘limlardan kelgan insonlar tayoq bilan eshikka chunonam zarba berishardiki... Tasavvur qilyapsizmi?»

Boshi berk ko‘chaga eltuvchi g‘oyalar

Bir necha muvaffaqiyatsiz prototiplari yaratilmaganida bugun biz bilgan iPhone dunyo yuzini ko‘rmagan bo‘larmidi?

«iPod chambaragini eslaysizmi? O‘qish, pauza, keyingi qo‘shiq, oldingi qo‘shiqqa o‘tkazuvchi qurilma. «Endi esa raqam va harflardan iborat shunday chambarakni tasavvur qiling — matnli xabarlarni ham diskli telefonni aylantirgandek terish kerak edi. Bu nihoyatda rasvo edi, chindan ham bo‘lmag‘ur ish edi, lekin u bizning dastlabki urinishimiz bo‘lgan».

Apple’ning sobiq katta vitse-prezidenti Toni Fadellning so‘zlariga ko‘ra, SIM-karta uchun bo‘lmadan ham imkon qadar qutilishga harakat qilishgan. Dastlabki namunalarda shisha o‘rniga ekranlar plastik qoplamali bo‘lgan. Ekran sirtidagi ramka borasida ham tortishuvlar bo‘lib o‘tgan, jamoalardan biri esa operatsion tizimini Mac OS X emas, Linux asosida yaratishni taklif etgan.

iPhone’da klaviaturaning yo‘qligi Apple ning eng ziddiyatli, alal-oqibatda esa muvaffaqiyatli yechimlaridan biri bo‘lgan. Grinonning eslashicha, qaysi bir davrda jamoa yupqa membranali, bosish lozim bo‘lgan kvadratsimon klavishlarni ham sinovdan o‘tkazgan.

Fadell shunday deydi: «Klaviatura apparatli yoki dasturiy bo‘lishi kerakmi? Bu eng muhim qaror bo‘lgan. Albatta, dasturiy klaviatura apparatliligi bilan bahslasha olmasdi, lekin unda yana bir necha afzalliklar bor edi».

 

Muvaffaqiyatsizlikka yaqin

Uch yil ichida loyiha bir necha bor boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Grinon shunday eslaydi: «Bu qo‘rqinchli tush edi. Halokat! Bir necha bor biz shunchaki ishlaydigan mahsulot yarata olmaganmiz».

Natijada iPhone mutlaqo yangi qurilma sifatida namoyon bo‘lgan —protsessoridan tortib, operatsion tizimiga qadar. Kiritish usuli ham yangi bo‘lgan, shu sababli barcha ilovalarni ham noldan boshlab yasashgan.

Grinon shunday deydi: «Menga bu ishni uddalaganimiz hanuzgacha mo‘'jiza bo‘lib tuyuladi. Chunki bir necha bor paydo bo‘lgan muammoni qanday hal qilishni bilmay boshimizni changallab qolganmiz, chunki hech kimda kerakli tajriba bo‘lmagan, Apple’da esa ahmoqlar ishlamasdi».

Muammolar faqat texnik emasdi. iPhone 4 bardan topib olingan mashhur voqeadan oldin, Fadell Germaniyaga uchayotgan samolyot bortida ilk iPhone prototipini yo‘qotib qo‘yadi. U izlanayotgan qurilma aslida nima ekanligini aytmasdan, odamlardan yordam so‘raydi:

«Qora, to‘rtburchak narsa. Bir tomoni shishali, orqasi plastik. O‘yin qartasi kolodasidan sal kattaroq. Iltimos, uni topishda yordam beringlar, menga juda zarur».

Nihoyat, telefon o‘rindiq yostiqchalari orasidan topiladi.

So‘ngra sahnada taqdimot o‘tkaziladi, unda ham vaziyat istalgan daqiqada izdan chiqib ketishi mumkinligidan, jamoa zaxirada bir nechta tayyor telefonlarni qo‘llarida ushlab turishgan, biroq hammasi xamirdan qil sug‘urgandek o‘tadi va shu daqiqadan boshlab iPhone haqida butun dunyo bilib oladi.

Grinon shunday deydi: «Bu mening eng yomon professional tajribam bo‘lgan, bir vaqtning o‘zida u eng yaxshisi va ehtimol, men erishgan eng yuksak natija ham bo‘lsa kerak».

Mavzuga oid