O‘zbekiston | 14:00 / 02.07.2017
69018
3 daqiqa o‘qiladi

Magistraturaga qabul boshlandi. Imtihonlarga yangi fan kiritildi

1 iyul kuni O‘zbekistonning barcha oliy ta’lim muassasalarida (harbiy OTMlardan tashqari) magistratura yo‘nalishlariga qabul komissiyalari ish boshladi. «Xushnudbek.uz» sayti magistratura imtihonlariga va qabul jarayoniga kiritilgan o‘zgarishlar haqida yozdi.

Joriy yilda magistraturaga 5 ming talaba, shundan 1556 nafari davlat granti, 3444 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan. Magistraturada umumiy kvotalar soni o‘tgan yilgiga qaraganda o‘zgarmagan.

20 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarori bilan «Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi yangi nizom tasdiqlangan edi. Nizomga binoan, qabul jarayonlariga ayrim o‘zgarishlar kiritildi.

Shunga ko‘ra, magistraturaga quyidagi fanlardan yozma (yoki ijodiy) kirish sinovlari (maxsus test sinovlari) bo‘lib o‘tadi:

magistratura mutaxassisligiga muvofiq keluvchi ta’lim yo‘nalishining maxsus fanlari (ikkitagacha);

Informatika va axborot texnologiyalari;

O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti;

chet tili (xorijiy filologiya, xorijiy til va adabiyoti ta’lim yo‘nalishlari bazasidagi mutaxassisliklar uchun ikkinchi chet tili).

Yangi kiritilgan informatika fanidan sinov 50 ballik tizimda baholanadi. Buning natijasida umumiy ballar miqdorida ham o‘zgarish bo‘ldi. Magistraturaga o‘qishga kirishda eng ko‘p (maksimal) to‘planishi mumkin bo‘lgan ball endilikda 400 ni tashkil etadi. Ilgari 350 ball edi.

Yana bir o‘zgarish — chet tili fanidan kirish sinovida qatnashmasdan maksimal ball beriladigan imtiyozli sertifikatlar soni kengaydi. Ilgari faqat TOEFL bo‘yicha kamida 58 yoki IELTS bo‘yicha kamida 5 ball olganligi to‘g‘risida sertifikati bor abituriyentga avtomatik 50 ball berilar edi.

Endilikda bunda imtiyozli sertifikatlar ro‘yxatiga CEFR bo‘yicha kamida V2 daraja yoki DTM tomonidan beriladigan Chet tilini bilish darajasi haqidagi V2 yoki S1 darajasidagi sertifikat taqdim etganlarga ham chet tilidan 50 ball qo‘yiladi va ular chet tilidan kirish sinovida ishtirok etmaydi.

Mavzuga oid