O‘zbekiston | 10:00 / 03.07.2017
118504
3 daqiqa o‘qiladi

25 yoshli magistr agentlikda rahbar lavozimga tayinlandi

O‘zbek tilida so‘zlashadigan robot ixtirochisi bo‘lgan 25 yoshli Olim To‘ychiyev Prezident Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqida agentlik saytida ma'lum qilingan.

U agentlikdagi texnologiyalar transferini tashkil qilish va innovatsiya yarmarkalari o‘tkazish, Xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Oliy ta'limdan keyingi ta'lim tizimi bo‘limlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlariga mas'ul bo‘ladi.

Ayni vaqtga kelib, To‘ychiyev agentlikda o‘z ish faoliyatini boshlab yuborgan. 

Olimjon To‘ychiyev Toshkentdagi Turin politexnika universitetini tamomlagan.  2011 yil universitet qoshida «Mexatronika» markazida mutaxassislar Eldor Hasanov va Mahmud Sultonov ko‘magida turli innovatsion loyihalarni birma-bir ro‘yobga chiqara boshladi.

Olimjon mazkur markazda ovoz yordamida boshqariladigan robotni ixtiro qildi. Bu ixtiro dasturlar orqali og‘zaki aytilgan buyruqni bajaradi va u bilan mobil aloqa yordamida istalgan hudud, istalgan masofadan turib bog‘lanish mumkin.

Keyinchalik u «Minisumo» va «Mikrosumo» yo‘nalishlaridagi texnologik ishlanmalarni ham yaratdi. Shuningdek, u xorijda bo‘lib o‘tgan «GEEK PICNIC» texnika va texnologiyalar festivalida Olimjon To‘ychiyev «Robosumo» bo‘yicha musobaqada ishtirok etdi. Bellashuv davomida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan 70 jamoa ishlanmalari orasida hamyurtimizning loyihasi «Eng texnologik robot» deb topildi.

2013 yil 4 dekabr kuni Prezident Farmoniga muvofiq, yuqori natijalarga erishgan bir guruh iqtidorli yoshlar qatorida Olimjon To‘ychiyev «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi.

Ma'lumot o‘rnida: Olimjon To‘ychiyev 1991 yil 27 oktabrda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tavallud topgan. 2014 yildan buyon Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti texnopark yangi loyihalar bo‘yicha muhandisi vazifasida ishlab kelgan. 2015 yilda ushbu universitetning bakalavr yo‘nalishini tamomlagan. 2017 yili esa Germaniyadagi Hoffenhaym universiteti magistraturasini tugatgan. Rus, ingliz, nemis, italyan tillarida erkin so‘zlasha oladi.

U shu vaqtgacha Turin politexnika universiteti magistratura bosqichida tahsil olib kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, 30 iyun kuni Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida bo‘lib o‘tgan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining navbatdagi Qurultoyi vaqtida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qurultoyda chiqish qilgan 23 yoshli yigit Alisher Sa'dullayevni Xalq ta'limi vaziriga o‘rinbosar etib tayinladi.

Mavzuga oid