Jamiyat | 08:21 / 07.07.2017
5086
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bir haftada 8 kilogrammdan ortiq giyohvandlik moddasi musodara qilindi

Foto: "Kun"

Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurash borasida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 30 iyun-6 iyul kunlari davomida 21ta holat aniqlandi. Bu haqda Toshkent IIBBda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Shuni alohida aytib o‘tish lozimki, Toshkent shahriga kirib kelish postlarida  2017 yil boshidan giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish jinoyatlari 114ta, hafta davomida 6tani tashkil etgan.
 
Bundan tashqari, hafta davomida 8 kg 622 gramm, yil boshidan esa 48 kg 828 gramm giyohvandlik vositalari musodara qilindi. 

Xususan, 2017 yil 1 iyul kuni shahar IIBB tomonidan o‘tkazilgan  “Qoradori – 2017” tadbiri davomida muqaddam talonchilik, o‘g‘irlik va firibgarlik jinoyatlari uchun sudlangan Baxtiyor Nurmatov va Shuhrat Abdumo‘minovning yonida og‘irligi 944,08 gramm “marixuana” giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan. 

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 273-moddasi 3-qismi “b” bandi (giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, qonunga xilof ravishda saqlash) alomatlari bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shu kungi “Qoradori – 2017” tadbiri davomida Yashnobod tumanida muqaddam sudlangan Ternovskiy Pyotr o‘z uyi hovlisida qonunga xilof ravishda tarkibida giyohvandlik vositasi mavjud bo‘lgan 8 tup umumiy vazni 1 kilogramm 200 gramm “nasha” o‘simligini ekib, uni  parvarishlab yetishtirayotganligi, shuningdek, vazni 134,0 gramm bo‘lgan “marixuana” giyohvandlik moddasini saqlab kelayotganligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan. 

Mazkur holat yuzasidan Yashnobod IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 270-moddasi 1-qismi (taqiqlangan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish va yetishtirish) hamda 276-moddasi 2-qismi (ko‘p miqdorda, giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda saqlash) alomatlari bilan jinoyat ish qo‘zg‘atildi.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, Ternovskiyning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid