Jamiyat | 15:10 / 11.07.2017
11410
2 daqiqa o‘qiladi

Elektr korxonasidagi o‘zibo‘larchilik

Oqqo‘rg‘on tumani elektr ta'minoti korxonasi rahbari Rustam Anvarov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) 2015 yilning dekabridan 2016 yilning may oyiga qadar ushbu lavozimda ishlab, korxonaga 501 mln. 268 ming so‘mlik zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan. Xususan, R.Anvarov qonun hujjatlariga zid ravishda elektr energiyasi haqining kamida 50 foizini oldindan to‘lamagan, shuningdek, shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lanmagan qarzi bor korxonalarga energiya yetkazib berilishiga yo‘l qo‘yib, davlatning energiya tashuvchi qurilmasining behuda va asossiz sarflanishiga yo‘l qo‘yadi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Xizmat vazifasiga sovuqqon munosabat, nafsga erk berish natijasida energiya sarfining hisob-kitob tizimi to‘g‘ri tashkil qilinmaydi. Buning oqibatida R.Anvarov iste'molchilarga yetkazib berish uchun korxonaga kirim qilingan 230 mln. 199 ming so‘mlik elektr energiyaning noma'lum, ya'ni tuman elektr korxonasining elektron ro‘yxatida bo‘lmagan iste'molchilar tomonidan sarflanib yuborilishiga yo‘l qo‘yadi.

Bundan tashqari, elektr energiyasiga noqonuniy ulangan iste'molchilarni tegishli tartibda javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish o‘rniga, ulardan moddiy manfaat ko‘rib keladi. Xususan, nazoratchilar tomonidan “Zokir kelajak” xususiy korxonasi rahbari Sodiqjon Umarov o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanib, tuman elektr ta'minoti korxonasiga 6 mln. 800 ming so‘mlik zarar yetkazgani aniqlanadi.

Rahbar ushbu holat bo‘yicha tuzilgan dalolatnomani rasmiylashtirmaslik evaziga, qonunbuzardan “ulush” talab qiladi. Biroq uning bu rejasi yakunlanmay qoldi. S.Umarovdan 3 mln. so‘m pulni pora tariqasida olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlandi.

Sud R.Anvarovni JKning tegishli moddalari bilan aybdor deb topib, unga 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Mavzuga oid