Jamiyat | 12:00 / 14.07.2017
44135
14 daqiqa o‘qiladi

Prezidentga murojaat: Samarqandda bemor «Tez yordam» yuborilmagani tufayli vafot etgan

«Kun» tahririyatiga Prezidentning virtual qabulxonasiga yo‘llangan murojaat nusxasi kelib tushdi. Unda fuqaro Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida ro‘y bergan ko‘ngilsizlik haqida gapirib, bu ko‘ngilsizlikka sababchi bo‘lgan mas'uliyatsiz tibbiyot xodimidan shikoyat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga

Assalomu alaykum, hurmatli Shavkat Miromonovich!

Men sizga Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidan murojaat qilmoqdaman. O‘tgan oyda, aniqrog‘i joriy yilning 11 iyun sanasida, dadam Murodov Temir vafot etdi.

Dadam 65 yoshda edi. Ba'zi mas'uliyatsiz, o‘z kasbini suiiste'mol qiladigan shifokorlar sabab ham shunday og‘ir kunlarni boshimizdan o‘tkazishga majbur bo‘ldik. 

Hurmatli, Shavkat Miromonovich, Sizga murojaat qilishimning asosiy sababi ham shunda. Sizning so‘nggi vaqtlarda tibbiyot sohasida amalga oshirayotgan ishlaringiz, soha infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish uchun chiqarayotgan turli qonun hujjatlaringiz bu sohaning taraqqiy topishiga xizmat qilmasdan qolmaydi. 

Ammo oramizda shunday shifokorlar borki, bugungi juda katta o‘zgarishlar bo‘layotgan va bundanda katta o‘zgarishlar arafasida turgan sohani nafaqat ortga tortmoqda, balki soha nomiga dog‘ tushirib kelmoqda. Bu kabi mas'uliyatsiz xodimlarning e'tiborsizligi, o‘z ishiga vijdonan yondashmasligi tufayli juda ko‘pchilik jabr chekadi...

10 iyun kuni kechga yaqin dadamning tobi qochdi. 103 qisqa raqamiga telefon qilib “Tez yordam” chaqirishimizga to‘g‘ri keldi. Yetib kelgan navbatchi doktor dadamning holatini ko‘rib, zudlik bilan shifoxonaga olib borish zarurligini, peshob tashqariga chiqmasdan tanaga yoyilib ketgani, buyrak ishdan chiqa boshlaganini (kasalning tibbiy tilda qanday nomlanishi bilmayman) tezlik bilan operatsiya qilib, tanadan suv olish kerakligini va kindik yaqinidan maxsus truba orqali peshob ketib turishini ta'minlash kerakligini tushuntirdi. O‘zini Bahriddin deb tanishtirgan shifokor (familiyasini bilmayman) o‘z ishini siqdildan bajarishga harakat qildi. Lekin dadamning ahvoli sabab uni “Damas” rusumidagi “Tez yordam” avtomobilda olib ketishning iloji yo‘qligi ma'lum bo‘ldi. 5 km. uzoqlikdagi shahar markaziy tibbiyot birlashmasiga yetib borishga, yo‘lning, mashinaning yaxshi emasligi sabab, dadamning kuchi yetmasligi ma'lum bo‘ldi. Doktor avvaliga “Damas” rusumli tez yordam mashinasida bo‘lsada, dadamni shifoxonaga olib ketmoqchi bo‘ldi, ammo buning iloji bo‘lmadi. Dadam mashinada og‘irlasha boshladi. Pochchamga tegishli "Neksiya" avtomobilida ham xuddi shunday muammoga duch kelindi. Shunda shifokor Bahriddin aka yaxshi maslahat berdi. 

Sizning, sohada olib borgan turli islohotlari sabab, sohadagi modernizatsiya ishlari tufayli chekka tumanlarning har biriga maxsus, o‘ta zamonaviy tibbiyot qulayliklari bilan jihozlangan “Nissan” rusumidagi maxsus avtomobillar berilgan. Undagi infratuzilma bilan og‘ir ahvoldagi bemorlarga ham yetarlicha yordam ko‘rsatish mumkin ekan. Ko‘nglimiz biroz taskin topdi. Bahriddin aka navbatchi postga telefon qilib, “Nissan”ga ehtiyoj borligini aytib, shaxsan o‘zi vaziyatni tushuntirdi. Avvaliga barchasi ko‘ngildagidek edi. Chaqiruv bo‘yicha mashina yetib kelishi kerak edi. Bu orada 103ga boshqa chaqiruvlar bo‘lgani sabab, dadamga dastlabki muolajalarni ko‘rsatgan va peshob haydovchi ukol qilgan Bahriddin aka chaqiruv bo‘yicha boshqa joyga ketishga majbur bo‘ldi. Shunda pochcham (Nurali Yo‘ldoshev) doimiy aloqada bo‘lib turish uchun o‘zini Ishtixon tuman tibbiyot birlashmasining Tez tibbiy yordam bo‘limi boshlig‘i Qobilov Saydulla deb tanishtirgan shifokor bilan telefon orqali gaplashdi. Avvaliga u 20-30 daqiqa ichida “Tez yordam” mashinasi yetib borishini aytdi.

Bu orada dadamning ahvoli yana og‘irlasha boshladi. Pochcham bilan, “balki doktorlarni shu yerga olib kelarmiz, buning iloji bordir”, degan maqsadda, qishlog‘imizda yashovchi Tuman tibbiyot birlashmasining Davolash bo‘limi boshlig‘i Eshniyozovning xonadoniga borib, undan yordam so‘radik. Eshniyozov o‘zi jarroh bo‘lmagani bois, foydasi tegmasligini aytib, bora olmasligini tushuntirdi va jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi mumkin bo‘lgan, qaysidir doktorlar bilan telefon orqali gaplashib vaziyatni tushuntirdi. Ulardan biri, ish vaqti tugaganini va hozir boshqa joyda ekani uchun bora olmasligini aytdi. Shifoxonada navbatchi bo‘lgan jarroh-doktor esa, ish joyini tashlab keta olmasligini, agar bemor olib kelinsa, uni albatta operatsiya qilishini tushuntirdi. “Agar “Nissan” borsa bemalol yetib kelishini” qo‘shimcha qildi. Xullas bu o‘ylagan umidimiz ham amalga oshmadi.

Shundan so‘ng, biz uyga qaytib, yana o‘sha 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, “Nissan” rusumli avtomashinaga chaqiruv yuborilganini eslatdik. O‘sha kuni navbatchi qismda bo‘lgan Qobilov mashina “yo‘lga chiqib ketgani, tez orada yetib borishini” yana bir marta qaytardi. Oradan ancha vaqt o‘tganiga qaramay mashina yetib kelavermadi. Biz yana telefon qilishga majbur bo‘ldik. Yana o‘sha javob yangradi. Ko‘p o‘tmay, bundan bir soatcha oldin kelgan “Damas” rusumli mashinadagi “Tez yordam” bizga qaytib yetib keldi. Bahriddin akadan “Axir biz, “Nissan”ni chaqirtirgandikku, deganimizda u navbatchiga telefon qilgani va “Nissan” boshqa bemorlarga yordam ko‘rsatish uchun ketgani sabab, yetib kelguniga qadar kelishga majbur bo‘lganini aytdi. Shu orada navbatchi shifokor Bahriddin akaning o‘zini ham “sabr kosasi to‘ldi”, shekilli “Nissan” tez yordam mashinasi shofyoriga telefon qilib, hozir qayerda ekanliklari, qachon yetib kelishi mumkinligi bilan qiziqdi. Hamma tomosha shundan keyin boshlandi.

Go‘shakni olgan “Nissan” shofyori, mashina bilan belgilangan joyda turganini, hech qanday chaqiruv bilan, hech qayerga bormaganini aytdi. Oddiy tushuntirganda, hech narsadan xabari bo‘lmagan haydovchi kutilmaganda, boshlig‘i - janob Qobilovning yolg‘on gapirganini bizga bildirib qo‘ygandi. Shunda biz yana darhol Qobilovga chiqib, “mashina hech qayerga chiqmaganini, nega bizni aldab umidvor qilib o‘tirganini va qilayotgan ishi uchun izoh” so‘radik. Ana shundan so‘ng Qobilov Saydulla butunlay o‘zgardi va siri fosh bo‘lgach, o‘zini oqlashga o‘tdi. “Menga nima deysizlar? Mashinaning benzini yo‘q. Bormaydi”. “Nega bizni, unda boradi deb, ishontirdingiz”, deb so‘raganimizda. Ana “Damas” bordiku bo‘ldida, deyish bilan javob qaytardi. Shundan so‘ng, unga vaziyatni yana qaytadan tushuntira boshladik. “Damas” bilan, umuman boshqa yengil transport bilan besh kilometr masofaga bemorni yetkazib bo‘lmasligini, “Tez yordam” doktori bilan, mutaxassis bilan ham bu ishni eplay olmaganimizni, chunki buning uchun “Damas”da imkoniyat yo‘qligini tushuntirdik.

“Sizlar kim bo‘libsizlarki, menga buyruq bergandek gapiryapsizlar? Birorta katta lavozimda ishlaysizmi, “bitta mashina yo‘q” degandan keyin ham menga qayta-qayta telefon qilib, yuborishimizni so‘rayapsizlar? Mashina bormaydi dedimmi, bormaydi! Kerak bo‘lsa, o‘zlaring qanaqa qilib bo‘lmasin, olib kelinglar. Meni ishim yo‘q” deb so‘zida turib oldi. Bo‘lim boshlig‘ining gaplaridan hattoki Bahriddin akaning ham jahli chiqib ketib, o‘zining boshlig‘i bo‘lishiga qaramay, telefonni olib Qobilov bilan gap talashib ketdi: “Aka, nimaga tushunmaysiz, bu yerda bir bemor jon bilan talashyapti. Qanaqasiga shu payti yoqilg‘i tugab qolishi mumkin? Nega jo‘natmaysiz? Nima uchun berilgan u mashina?” deb o‘z boshlig‘iga baqirdi. Lekin bu o‘zini “Xohlaganingizga murojaat qilavering, qo‘rqmayman” deb katta ko‘rsatgan Qobilovga hech qanday ta'sir qilmadi. Shundan keyin dadamni qanday qilib bo‘lmasin shifoxonaga yetkazish maqsadida shu sharoitda ham olib ketishmoqchi bo‘lishdi. Ammo doktorning tushuntirishi bo‘yicha peshobning tanaga tarqalib ketishi natijasida o‘tkir yurak qisilishiga uchrayotgan dadam sal ortiqcha harakat qilsa ham hushini yo‘qota boshladi. Doktorning peshob quvish uchun qilgan ukollari, bergan dorilari umuman ta'sir qilmay qo‘ydi va natijada 11 iyunga o‘tar kechasi dadamning joni uzildi. Bahriddin aka yordamchisi bilan so‘nggi daqiqalargacha dadamni qutqarib qolish uchun harakat qildi. Yurakni massaj qilib, sun'iy nafas berish orqali qilingan urinishlar zoye ketdi...

Balki dadam operatsiya jarayonidan sog‘ bo‘lib, chiqa olmasligi, yoki keyinchalik ham tuzalib ketmasligi mumkin edi. Buni tushunaman. Ammo boshqa doktorlar aniq umid bor deb turganida, qo‘lidan kelganicha yordam berib turganida, nega Qobilov kabi insonlar o‘z mansab lavozimi suiiste'mol qilib, o‘lim bilan kurashayotgan bir bemor hayotiga beparvo bo‘lib kuzatib o‘tirishi kerak? Mana shunday “Nissan” rusumli avtomobillar davlatimiz tomonidan kim uchun ajratilgan? Qanday qilib, butun boshli tumanga xizmat qiluvchi avtoulovning yoqilg‘isi tugab qolsa? Agar rostan tugab qolsa, nega Qobilov buni boshidan aytmadi? Nahotki, shifokorlikning eng mas'uliyatli qismi bo‘lgan “Tez tibbiy yordam” xizmatiga mana shunday yolg‘onchi, ikkiyuzlamachi kishilar rahbarlik qilsa? Gippokrat qasami qayda qoldi? Doktorlik kasbining mas'uliyati qayda qoldi? O‘tirgan joyida bemalol yolg‘on gapirib, jon bilan kurashayotgan bemorga bir safar “hozir yetib boradi”, degan mashinasi siri ochilib qolgach, “benzin yo‘q”ligini bahona qilib bilgan ishini qilsa. 

Bugungi kunda O‘zbekistonda tibbiyotga berilayotgan e'tibor qanchalik yuqori ekanini ko‘rib turibmiz, TVda ko‘ryapmiz, matbuotda o‘qiyapmiz. Sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, shifokorlarimizning mas'uliyatini yanada oshirish uchun aytayotgan gaplaringizni, amalga oshirayotgan ishlaringizni inobatga olmasdan, “bilganini qilib yurgan” bu kabi rahbarlar qanday qilib butun boshli tuman “Tez yordami”ga rahbarlik qilib yuribdi? Kim ularni shu lavozimga tayinlagan? Bo‘layotgan shuncha o‘zgarishlarga soya solayotgan bunday qo‘shtirnoq ichidagi rahbarlardan qachon qutulamiz? 

Dadamgacha bo‘lgan va undan keyin ham bo‘lgan ba'zi voqealar quloqqa chalindiki, Qobilovning bu birinchi “xurmacha qiliqlari” emas ekan. Mayli dadam dunyodan o‘tdi. Hech bir narsa bo‘lib o‘tgan voqealarni ortga qaytara olmaydi, dadam ham oramizga qaytmaydilar. Ammo bundan keyingi dadamga o‘xshagan bemorlarchi? Ularning ahvoli nima kechadi? Qobilovga o‘xshagan rahbarning “o‘zbilarmonligi” bilan boshqalar jabr ko‘rmaydimi? Qachongacha bu kabi holatlar takrorlanadi?

Bu murojaatni yozish uchun uzoq o‘ylandim. Endi dadamni hech nima qaytara olmasligini bilib, ko‘p bora bu fikrimdan qaytdim. Ammo kelgusida bu kabi holatlar takrorlanmasligi, boshqalar biz kabi jabr ko‘rmasligi uchun bu murojaatni baribir yozishga qaror qildim. Zero Siz boshchiligingizda amalga oshirilayotgan shuncha ishlarga mana shunday Qobilov singari “rahbarlar” kelgusida soya solmasligi kerak. Shifoxonada, inson hayoti bilan kurashadigan dargohda o‘z ishining haqiqiy ustalari, mas'uliyatni birinchi o‘ringa qo‘yadigan insonlar ishlashi kerak. Shunda qilinayotgan ishlar ko‘zga tashlanadi. Shunda haqiqiy ma'noda o‘zgarish bo‘ladi. Olib borayotgan o‘zgarishlaringizdan minnatdor bo‘layotgan biz kabi xalq, shunda sizdan yanada minnatdor bo‘lamiz. Har bir sohada Sizga o‘xshagan o‘z ishiga sidqidildan, mas'uliyat bilan yondashadigan mutaxassislar ishlasa, barcha sohalarda, tibbiyot sohasida ham keskin rivojlanish bo‘ladi, deb hisoblaymiz.

Bu yozganlarimga juda ko‘pchilik Ishtixon tumani aholisi qo‘llab-quvvatlaydi, deb o‘ylayman. Ko‘pchilik nomidan, birinchi navbatda kichik tumanimiz nomidan hududimiz tibbiyotida adolatli, jonkuyar insonlar ishlashida, mas'uliyatsiz, o‘z lavozimini suiiste'mol qiladigan xodim va rahbarlardan forig‘ bo‘lishda ko‘mak berishingizni iltimos qilaman!

Sizga cheksiz ehtirom bilan, Ishtixon tumani fuqarosi Hayotjon Temirov.

Mavzuga oid