Sport | 17:55 / 20.07.2017
26149
2 daqiqa o‘qiladi

«Real» yangi futbolchisini rasman tanishtirdi, u bolaligidan Madridda o‘ynashni orzu qilgan

«Real» yangi futbolchisi Dani Sebalosni o‘z futbolchisi sifatida rasman tanishtirdi. 20 yoshli bu ispaniyalik futbolchi bolaligidan Madrid klubi safida o‘ynashni orzu qilganini aytib o‘tdi.

«Real» prezidenti Florentino Peresga menga ishonch bildirgani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Menga shunday taklif berildiki, uni rad etishning iloji yo‘q edi. Axir men bolaligimdan buyon bu klubda o‘ynashni orzu qilganman. Men bu jamoa futbolkasini kiyib yurish sharafini oqlash uchun keldim, klub tarixini yanada buyuk qilish uchun o‘z hissamni qo‘shmoqchiman», deya futbolchining so‘zlarini keltirgan «Real» rasmiy sayti.

Sebalos 2014 yildan buyon «Betis» safida o‘ynab kelayotgandi. U o‘tgan vaqt davomida bu jamoa safida barcha turnirlar doirasida 98 uchrashuv o‘tkazib, 7 gol urgan. U 30 iyun kuni yakunlangan Yevropa chempionatida Ispaniya terma jamoasi bilan finalgacha yetib bordi va uning o‘zi turnirning eng yaxshi futbolchisi sifatida taqdirlandi.

Qayd etish kerakki, Sebalos uchun raqobatda«Real» «Barselona» va «Yuventus» jamoalarini ortda qoldirdi.

Andalusiyaliklar Sebalos uchun 15 million yevro miqdoridagi badal puli belgilagandi, ammo «Real» ishni tezroq hal qilish uchun ko‘proq taklif bergan bo‘lishi ham mumkin. 

Bu futbolchi madridliklar safida Toni Kroos bilan raqobat qilishiga to‘g‘ri keladi. Ushbu futbolchilarning maydondagi ampluasi ham, o‘yin uslubi ham deyarli bir xil.

Mavzuga oid