Jamiyat | 15:50 / 30.07.2017
17116
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zMU rektori test sinovlari belgilangan tartiblar bo‘yicha o‘tkazilishini talab qildi

1 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan test sinovlariga ham oz fursat qoldi. Respublikamizning barcha oliy ta'lim muassasalarida ushbu imtihonni shaffoflik va adolat bilan o‘tishini ta'minlash maqsadida talay ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida oliy ta'lim muassasalarida o‘tkaziladigan test sinovlari uchun jalb etilgan auditoriya kuzatuvchilari, bino boshliqlari va fakultet dekanlari ishtirokida suhbat-trening o‘tkazildi. Unda universitet rektori professor Avazjon Marahimov qatnashdi. Rektor oldinda mas'uliyatli vazifa turganini ta'kidlar ekan, test sinovlari belgilangan tartib, o‘rnatilgan qoida va nizomlarga muvofiq o‘tkazilishini ta'minlash zarurligini uqtirdi. 

“Bu yilgi sinov natijalarini adolatli o‘tkazilishini ta'minlash uchun har bir auditoriyaga kuzatuv kameralarini o‘rnatdik, qolaversa, 1 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan test sinovlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston teleradiokompaniyasining ko‘chma stansiyasini taklif qildik, - dedi Avazjon Marahimov. – Aytish joizki, test jarayonini to‘g‘ri va halol tashkil etish birgina rektor yoki prorektor harakati bilan emas, ya'ni siz – qadrli jamoaning xizmati bilan amalga oshiriladi. Oldimizda chindan ham mas'uliyatli vazifa turibdi. Prezidentimizning  saylovoldi dasturlarida ham aynan yoshlar masalasi, ularning ertangi kunga ishonchini uyg‘otish masalasi tilga olingandi. Esingizda bo‘lsa, davlatimiz rahbari sudyalar bilan uchrashuvda ham “Sudyaning ongida adolat, tilida haqiqat, qalbida poklik bo‘lsin” – dedilar. O‘ylaymanki, bu ibora hammamizga tegishli. Shuni unutmaslik kerakki, noqonuniy har qanday xatti-harakat uchun jazo muqarrar. Shundan kelib chiqib, imtihonlarni adolatli va shaffof o‘tkazilishini ta'minlash muhim vazifamizdir.

Universitet rektori qabul jarayonida turli qing‘irliklar sodir etishga uringan ayrim ”uchar”larning faoliyatiga chek qo‘yilganiga misollar keltirib o‘tdi va ularga qarshi bundan keyin ham ayovsiz kurashish lozimligini ta'kidladi.

O‘zMU onlayn jamoasi

Mavzuga oid