Jamiyat | 22:42 / 07.08.2017
25285
4 daqiqa o‘qiladi

Ginnes rekordchisi Samarqand SOS Bolalar mahallasiga xayriya puli topshirdi

7 avgust kuni Germaniya Federativ Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida taniqli nemis avtosayohatchisi va Ginnes rekordchisi Rayner Tsitlou bilan uchrashuv tashkil etildi. Avtopoygachi rossiyalik avtojurnalist Petr Bakanov va fotograf Dimitriy Makarovdan iborat o‘z jamoasi bilan birgalikda Shanxaydan Venetsiyagacha bo‘lgan 12.300 km.lik masofani tez fursatda bosib o‘tib, yangi rekord o‘rnatishni maqsad qilgan.

Avtosayohatchilar o‘z safari davomida uzoq masofani "Buyuk Ipak yo‘li" bo‘ylab joylashgan quyidagi 11 davlat orqali bosib o‘tadi: Xitoy, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron, Turkiya, Bolgariya, Serbiya, Xorvatiya, Sloveniya va Italiya.

"Buyuk ipak yo‘li" bo‘ylab yangi rekordni o‘rnatish istagida bo‘lgan germaniyalik sayohatchi Kaluga shahrida ishlab chiqarilgan, 150 ot kuchiga ega yangi Volkswagen Tiguan TSI avtomashinasida yo‘lga chiqadi. U o‘z jamoasi hamrohligida ushbu mashinada 11 mamlakatni 6 kundan kamroq muddatda bosib o‘tish va shu orqali jahon rekordini o‘rnatishni rejalashtirgan.

Rayner Tsitlou, Ginnes rekordchisi: 

"Sharq mamlakatlarining Yevropadan asosiy farqi shundaki, bu yerda har doim quyoshni ko‘rish mumkin. Bu esa o‘z navbatida odamlarning yashash tartibi, fe'l-atvoriga ham ta'sir ko‘rsatadi. Men doimo Sharqning maftuni bo‘lib kelganman. U o‘zining jozibasi, sirliligi bilan kishini o‘ziga tortaveradi.  O‘zbekistonning salohiyati juda baland. Fikrimcha, Samarqand, Buxoro kabi shaharlar va ularning madaniy merosi bilan bugungidanda ko‘proq sayyohlar tanishishi lozim". 

Tsitlou jamoasi 25 iyuldan buyon Venetsiyadan Shanxaygacha bo‘lgan yo‘l bilan tanishib kelmoqda. "Yangi Tiguan — Buyuk Ipak yo‘li" deb nomlangan mazkur loyihaga 20 avgust kuni Shanxayda start beriladi. 

Ma'lumot o‘rnida: Rayner Tsitlou 2005 yildan buyon o‘zining rekord urinishlarida bosib o‘tiladigan har bil kilometr uchun 10 sent miqdorida xayriyaga ajratadi va butun dunyo bo‘ylab joylashgan SOS Bolalar mahallalarini qo‘llab-quvvatlab keladi. Bu safargi loyihasida mazkur maqsadni amalga oshirish uchun Rayner Tsitlou O‘zbekistonni tanladi va Shanxaydan Venetsiyagacha bo‘lgan 12.300 km.lik masofa uchun jami 1230 yevro miqdoridagi mablag‘ni 6 avgust kuni Samarqand shahrida joylashgan SOS Bolalar mahallasiga topshirdi. Mazkur dargohning 50 nafarcha tarbiyalanuvchisi bilan uchrashgan Rayner bolalar bilan dildan suhbat qurib, ularga o‘zining dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan turli safarlari va rekord urinishlari haqida so‘zlab berdi.

Rayner Tsitlou so‘nggi marta 2017 yil aprel oyida Dakardan Moskvagacha bo‘lgan 8.000 km masofani 3 kunu 3 soatda bosib o‘tib, jahon rekordini o‘rnatgan.

Mavzuga oid