Jahon | 08:57 / 13.08.2017
11420
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp rafiqasi bilan Sharlotsvilldagi zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqirdi

Foto: The New York Times

AQShning Sharlotsvill shahrida 12 avgust kuni ertalab oq tanli millatchilar va boshqa radikal guruhlar a'zolari hamda ularning xatti-harakatlariga qarshi chiquvchilar orasida to‘qnashuvlar boshlanib, ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan.

Shahardagi bog‘lardan birida o‘rnatilgan, Fuqarolik urushi vaqtida konfederatlar (janubliklar) armiyasi bosh qo‘mondoni bo‘lgan, general Robert Liga o‘rnatilgan haykalning olib tashlanishi millatchilar noroziligiga sabab bo‘lgan. Bu haykalning olib tashlanishi bo‘yicha bahs ikki yildan beri davom etib keladi. Uning olib tashlanishi uchun ommaviy harakat afroamerikalik maktab o‘quvchisi petitsiyasidan keyin boshlangan va joriy yil aprelida shahar kengashi haykalning olib tashlanishi va sotilishi uchun ovoz bergan. Biroq ushbu qaror ijrosi sud qarori bilan vaqtinchalik to‘xtatib turilgan edi.

Sharlotsvillda haykalning olib tashlanishiga qarshi osoyishta aksiya tush vaqtiga o‘tkazilishi belgilangan edi, biroq uni keskin ravishda avj olgan vaziyat sababli bekor qilishga to‘g‘ri kelgan. Virjiniya shtati politsiyasining ma'lum qilishicha, namoyishchilar garmdori spreyini sepishgan va politsiya ularni tarqatish uchun kuch ishlatishiga to‘g‘ri kelgan. Tartibsizliklar sababli shtat gubernatori Terri Makoliff shaharda favqulodda vaziyat tartibini e'lon qilgan, politsiya esa komendantlik soatini kiritgan. Tartibsizliklar oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan, 35 kishi jarohat olgan.

O‘z navbatida, AQSh prezidenti Donald Tramp va uning rafiqasi Melanya to‘qnashuvlar ishtirokchilarini zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqirishgan. Sharlotsvilldagi namoyishlar millatchilarning bir necha yil ichidagi AQShdagi eng jiddiy aksiyasi bo‘lgani aytilmoqda.

“Bizning davlat so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq yurakda adovatsiz so‘zlashing. Zo‘ravonlik yaxshi narsaga olib kelmaydi”, deb yozgan Melanya Tramp tvitterda. Tramp esa ”bunday zo‘ravonlikka bizning davlatda o‘rin yo‘q” deb aytgan va “Sharlotsvillda yuz berayotgan voqealar juda qayg‘ulidir”, deb qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid