Jahon | 23:42 / 16.08.2017
4160
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Germaniyadan FETÖ rahbarlaridan birining topshirilishini talab qilmoqda

Foto:aa.com.tr

Turkiyada terrorchilik oqimi hisoblanuvchi “Parallel davlat” (FETÖ) rahbarlaridan biri Adil Oksyuz Germaniyada ekanligi haqidagi xabarlardan keyin rasmiy Anqara Berlinga norozilik notasini yo‘lladi.

Diplomatik manbalar ma'lumotlariga ko‘ra, turk hukumati Germaniya tashqi ishlar vazirligidan bu ma'lumotni har tomonlama o‘rganib, terrorchi joyi aniqlanganda uning hibsga olinishi va ekstraditsiya qilinishini talab qilgan. 

Oksyuz Turkiya harbiy-havo kuchlari harbiylari orasidan bo‘lgan FETÖ tarafdorlarining “imomi” hisoblanadi. U Turkiyada 2016 yil 15 iyulda sodir etilgan davlat to‘ntaruviga urinishda faol rol o‘ynagan. 

Ma'lum qilinishicha, terrorchi Germaniyaning bir nechta shaharlarida payqalgan. Germaniya tashqi ishlar vazirligida esa Oksyuzning Germaniyada ekanligi haqidagi ma'lumotga ega emasliklari aytilgan, biroq bu turk tomonini qoniqtirmagan.

Avvalroq turk OAV Germaniyadagi turk diasporasi vakillari Oksyuzni Frankfurt va Ulmada ko‘rishganini yozishgan. Ma'lum qilinishicha, Baden-Vyurtemberg federal yeri rahbariyati terrorchiga vaqtinchalik yashashga ruxsat bergan.

Germaniyada boshpana berish masalalari bilan tashqi ishlar vazirligi emas, balki Migratsiya va qochqinlar ishlari bo‘yicha federal boshqarma shug‘ullanadi. Germaniya hukumati xalqaro kelishuvlarga asoslanib, boshpana so‘ragan shaxslar haqida ma'lumot berishni rad etadi.

Avvalroq Germaniya OAV Turkiyadagi davlat to‘ntaruviga urinish barbod bo‘lgandan keyin FETÖ’ning 4 mingga yaqin tarafdori Germaniyaga qochganini ma'lum qilgandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid