O‘zbekiston | 14:02 / 18.08.2017
71801
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mega palov tayyorlandi

17 avgust kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida Milliy telekanali tashabbusi bilan O‘zbekistondagi eng katta palov tayyorlandi. Ekspertlarning qayd etishicha, rekord miqdordagi ushbu taomning og‘irligi 6 tonnani tashkil etdi.

Palov diametri 4,2 metr, hajmi deyarli 8 ming litr bo‘lgan qozonda tayyorlandi. Ushbu qozon Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mazkur tadbir uchun maxsus quyildi. Qozonning umumiy og‘irligi 7 070 kg, chuqurligi 1 metr. O‘choqning og‘irligi esa deyarli 3 tonnani tashkil qildi.

Palovni tayyorlash uchun rekord miqdordagi masalliqlardan foydalanildi. Xususan, 826 kg mol go‘shti, 825,5 kg qo‘y go‘shti, 195 kg dumba va eng asosiysi, 1 650 kg guruch qozonga solindi. Shuningdek, 2 400  kg sabzi, 185 kg piyoz, 350 litr o‘simlik yog‘i, 480 kg tuz ishlatildi hamda 4,5 kg zira, 165 kg zirk, 90 kg no‘xat va 3 kg qora murch bilan palovning ta'mi rostlandi.

Ushbu palovni tayyorlash uchun O‘zbekistonning 50 dan ziyod taniqli oshpazlari jam bo‘lishdi. Ular taomni 2 metrdan uzunroq kapgirlarda aralashtirib, suzishdi.  

Tayyor taom tadbir mehmonlari hamda Olmaliqning 22 mingdan ziyod aholisiga tarqatildi.

Umumiy hisobda, mega palovni tayyorlash, tarqatish – tashkilotchilik ishlariga 150 kishi hissa qo‘shdi.

Milliy telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, bu tadbir dunyodagi eng katta palovni tayyorlash oldidan repetitsiya jarayoni edi. O‘zbekistonda tayyorlangan  eng katta palov bo‘yicha dunyo rekordini o‘rnatish va uni Ginnes rekordlari kitobiga kiritish uchun rasmiy urinish shu yilning 8 sentabrida Milliy telekanalining 1 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan "O‘zbegim" Milliy qadriyatlar festivali doirasida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid