Jahon | 20:15 / 23.08.2017
4086
2 daqiqa o‘qiladi

Chadda Qatar elchixonasi yopilishi e'lon qilindi

Foto: AP Photo / Jerome Delay

Chad hukumati Qatar elchixonasining yopilishini e'lon qildi. Katarlik diplomatlarga 10 kun ichida Chad hududini tark etish buyurilgan, deb xabar bermoqda “Reyter” axborot agentligi.  

Chad tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, ushbu qaror Qatarning Chaddagi vaziyatni qo‘shni Liviya orqali izdan chiqarishga urinishi bilan bog‘langan.

“Chad mintaqadagi tinchlik va xavfsizlikni himoyalash uchun Qatarni Chad hamda Chad ko‘li va Saxel mintaqasi davlatlari xavfsizligiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan barcha xatti-harakatlarni to‘xtatishga chaqiradi”, deb aytilgan Chad tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Chad, shuningdek, Dohadagi elchixonasini yopadi va u yerdagi barcha xodimlar olib chiqib ketiladi.

5 iyunda Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr Qatar bilan barcha diplomatik aloqalarni uzishgan. Keyinroq Maldivlar, Mavrikiy, Mavritaniya ham Qatar bilan aloqalarni uzishlarini ma'lum qilishgan. Iordaniya va Jibuti Qatardagi elchixonalari darajalarini pasaytirishgan. Senegal, Niger va Chad  Qatardan elchilari chaqirtirilishini e'lon qilishgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid