Jamiyat | 14:27 / 29.08.2017
34379
5 daqiqa o‘qiladi

“Bekobod namunasi” nomli bir nechta nikoh to‘ylari o‘zgacha yo‘nalishda o‘tkazildi 

Foto: minjust.uz

Keyingi vaqtlarda to‘y-hashamlarni o‘tkazishda manmanlik, shuhratparastlik, dabdababozlik, kimo‘zarga to‘y qilish, odamlar o‘rtasida soxta obro‘ topish, bundan tashqari turli to‘qlikka sho‘xlik qiluvchi odamlar tomonidan o‘ylab topilib joriy etilayotgan qadriyatlarimizga mutlaqo mos kelmaydigan yangicha urf-odatlar avj olayotganligi guvohi bo‘lmoqdamiz.

Yurtboshimiz tomonidan to‘y-hasham va ma'rakalaridagi isrofgarchilik, dabdababozlik holatlariga chek qo‘yish, to‘ylarni milliy urf-odatlar va an'analarni unutmagan holda tashkillashtirish haqida  madaniyat, san'at, adabiyot, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan 2017 yil 3 avgustda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ta'kidlandi.

Bu fikrlar jamoatchilik tomonidan o‘z vaqtida o‘rinli va asosli ekanligi ta'kidlanib, to‘g‘ri qabul qilindi va bu borada fuqarolarning o‘zlari ham to‘y-hashamlarni o‘tkazishda ortiqcha dabdababozlik va marosimlarga sarflanadigan mablag‘larni tejash orqali kelgusida yosh oila va ularning farzandlari foydalanishi imkoniyat yaratish lozimligi ta'kinlandi.

Foto: minjust.uz

Adliya organlari xodimlari tomonidan Bekobod shahrida mahalla faollari, musulmonlar idorasi, ma'naviyat va ma'rifat markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi mas'ullari hamda shahar aholisi bilan 25 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi. Bunda to‘y-hashamlarni o‘tkazish sohasida xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlari, to‘y-marosimini rejalashtirayotgan fuqarolar bilan ham alohida suhbatlar uyushtirildi.

Ushbu tadbirlarda to‘y-hasham, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni ixchamlantirilishi va oila byudjyetini iqtisod qilinish hamda ayrim hollarda milliy qadriyatlarimizga mutlaqo mos kelmaydigan tadbirlarni oldini olish masalalari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi va tavsiyaviy harakterga ega bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda pilot loyiha sifatida Toshkent viloyatining Bekobod shahrida  26 avgust kuni “Bekobod namunasi” nomli bir nechta nikoh to‘ylari o‘zgacha bir yo‘nalishda o‘tkazildi.

Foto: minjust.uz

To‘ylarni o‘tkazish yangicha tus olgani ko‘zni quvontiradi. Jumladan, Bekobod shahar FHDYo bo‘limida fuqarolar Umid Isakjonov va Nazira Kambarovalarning nikohlarini tantanali qayd etish marosimini alohida hayajon va iftixor bilan kuzatish mumkin. Chunki yoshlarning oilaga ilk qadam qo‘yishi shu dargohdan boshlanadi. Nikohlanuvchi yoshlarga yangi hayot bo‘sag‘asiga kirish uchun aytilayotgan tilak va istaklar bilan bir qatorda ularga oila psixologiyasi, yoshlarning oiladagi huquq va majburiyatlari, yosh avlod tarbiyasiga oid kitoblar ham tuhfa etildi.

Bunday ixcham tarzda o‘tgan to‘ylar marosimlari to‘yxona egalari va yoshlarning alohida ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lishi, to‘y o‘yin-kulgi va alohida bir fayz bilan o‘tganligi kuzatildi.

Foto: minjust.uz

Shu o‘rinda, mahalla faollari aytib o‘tganlaridek, bu illatlar oqibatida isrofgarchilikga yo‘l qo‘yib nom chiqarishga urinmasdan o‘zining moddiy ahvoli va sharoitiga qarab ish tutmasdan ayrim fuqarolar qarzga kirib qolishlari va natijada moddiy ahvoli qiyinlashib, uning asorati butun bir oilaning gardaniga tushib, hatto oilalar buzilib ham ketmoqda yoki jamiyatimizda avj olgan salbiy holatlardan biri bu – to‘ylarga jalb etiladigan ko‘p sonli “kortej”lar, ya'ni mashinalardir. Ushbu holatlar yuzasidan juda ko‘plab baxtsiz yo‘l-transport hodisalari ro‘y berayotganligini, “baxtli kun” bir zumda “baxtsiz kunga ” aylanishini yoki barcha foydalanishi zarur bo‘lgan yo‘llarimizdagi tirbandlik, ortiqcha sarf-xarajatlar yuzaga kelayotgani hammani  chuqur o‘yga solishi aytib o‘tildi.

Xulosa o‘rnida  davlat rahbari ta'kidlaganlaridek, “To‘y-ma'raka – bu faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala”. Bu kabi marosimlarni o‘tkazish ma'lum bir cheklovlarni nazarda tutmaydi, balki to‘y-hashamlarni ixchamlashtirib, isrofgarchilikga yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish har bir fuqaroning burchi va bugungi kunda yurtdoshlarimizga barcha imkoniyatlar eshigi ochiq. Qolaversa to‘y-hashamlarni o‘tkazishda turli ortiqcha sarf-xarajatlarni qisqartirish natijasida iqtisod qilingan mablag‘larni kelgusida oila manfaatlari yo‘lida, yoshlarning baxti va kelajagi  uchun sarflash maqsadga muvofiqdir.

Mavzuga oid