Sport | 21:00 / 08.09.2017
12304
3 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov xotira turnirida termizlik yosh futbolchilar g‘olib chiqishdi

Saytimizda Samarqandning «Dinamo» futbol klubi futbol maktabi tashabbusi bilan 2006-2007 yilda tug‘ilgan bolalar o‘rtasida Birinchi prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan turnir o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edik.

7 sentabr kuni 28ta jamoa ishtirok etgan ushbu turnir o‘z nihoyasiga yetdi va Oliy liganing 20-turidan o‘rin olgan «Dinamo»-«Qo‘qon-1912» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvning tanaffus vaqtida g‘olib va sovrindorlarning taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Turnirda 3-o‘rinni Gulobod qo‘rg‘onida joylashgan «Dinamo» futbol maktabi tarbiyalanuvchilari egallashdi. Ikkinchi o‘rin turnir mezboni — Past Darg‘om tumanining Charxin qo‘rg‘onida joylashgan «Dinamo» futbol maktabi tarbiyalanuvchilariga nasib etdi. Mezbonlarni finalda 3:1 hisobida mag‘lub etishni uddalagan Termizning «Surxon-Paxtakor» jamoasi yoshlari ilk turnir g‘olibiga aylanishdi.

«Dinamo» stadionida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida viloyat futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Shuhrat Sayfullayev, «Dinamo» futbol maktabi direktori Baxtiyor Sattorov va boshqa mutasaddilar g‘olib va sovrindorlarga, shuningdek turnirning eng yaxi o‘yinchilariga oltin, kumush va bronza medallar, esdalik diplomlari, vimpellar hamda kuboklarni topshirishdi. Shuningdek, sovrindor jamoa a'zolariga futbol to‘plari ham berildi.

«Ushbu turnirni doimiy o‘tkazib borishni rejalashtirganmiz va kelgusi yili chempionatimizni xalqaro darajaga ko‘tarmoqchimiz. Yon qo‘shnilarimiz — Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga taklifnomalar jo‘natamiz. Ayni paytda muzokara olib borganimizda, ular qatnashishga rozilik berishdi. Ozarboyjon va Rossiyadan ham jamoalarni taklif etish niyatimiz bor», — degan edi turnir tashkilotchisi Baxtiyor Sattorov.

 

Shuhrat Shokirjonov, KUN.UZ muxbiri

Fotosuratlar muallifi: Temur Adashov.

Mavzuga oid