Jamiyat | 18:57 / 11.09.2017
28623
4 daqiqa o‘qiladi

«Bir hovuch bug‘doy» - Erkin Komilov otasi haqida so‘zlab berdi

O‘zbekiston xalq artisti, el suygan aktyor Erkin Komilov “Barakasini bersin” film bahonasida marhum otasi haqida so‘zlab berdi

– Otam rahmatli bir paytlar kolxozda ombor mudiri bo‘lib ishlagan ekan, – deydi Erkin Komilov. – Onamning hikoya qilishicha, qirqinchi yillarda urush tufayli odamlar bir burda nonga zor yashashgan. Garchi, otam ombor mudiri bo‘lsa-da, bizning oilada ham non qahat bo‘lgan ekan. Bir kuni onam otamga: “Uyda yeyishga hech vaqo yo‘q, ombordan aqalli bir hovuchgina bug‘doy olib kelsangiz, bolalarga qaynatib berardim” deya iltimos qilibdi. Shunda otam: “Yo‘q, onasi, bunday qilishga vijdonim yo‘q qo‘ymaydi, – deb javob beribdi. – Ombordagi bug‘doy – ko‘pning haqi. Xo‘p, men bir hovuch bug‘doy olib keldim ham deylik. Sen o‘sha donni pishirganingda qo‘shnilar hidini sezib qolishsa, men kim degan odam bo‘laman?” deya javob bergan ekan.

Bu birgina bizning oilaga tegishli narsa emas. O‘zbek xalqi har qanday og‘ir paytlarda ham halollik, odamiylik singari fazilatlarini saqlab kelgan. Biz ana shunday millatning vakili ekanligimizni hech qachon unutmasligimiz kerak.

“Barakasini bersin” filmida o‘zbekning aynan ana shu fazilatlari ulug‘lanadi. Bu film insonni sof vijdonli, halol, diyonatli, pok niyatli, to‘g‘rife'l bo‘lishga undaydi. Asardagi voqealar haqiqiy o‘zbek xarakterini, milliy mentalitetimizni ko‘rsatib berishga xizmat qiladi. Film bosh qahramoni bo‘lmish Haydar buva ana shunday xislatlarni o‘zida jamlagan obraz. Shuning uchun ham u o‘zim yaxshi ko‘rgan, yuragimga yaqin obrazlarimdan biri hisoblanadi. Suratga olish jarayonida unga bor mehrimni berib, hayotiy chiqishiga jiddiy e'tibor qaratganman. Hayotimga yaqin bo‘lgan, o‘zbekchiligimizni yorqin ifodalagan bu filmda bosh qahramonni o‘ynash nasib etganidan xursandman. Muqaddas dinimiz ham insonlarni poklikka, o‘zgalarning haqidan qo‘rqishga undaydi. Haydar buva aynan ana shu aqidalarga amal qilib yashaydi.

Filmda o‘zbekning oddiy qishloqlaridan birida yashaydigan sodda va samimiy, diyonatli odamlar hayoti tasvirlangan. Qarang, Haydar buva bilan Shomirza notanish odamning echkisini o‘ziga qaytarish yo‘lida qancha qiyinchiliklarni, g‘aroyib hangomalarni boshdan kechirishadi. Oxir-oqibat maqsadiga erishadi. O‘zbek ana shunday xalq! Hech qachon birovning haqiga xiyonat qilmaydi. Bu xalqning buyukligi ham shunda.

Film rejissyori Farhod Xudoyberdiyev bilan ishlash jarayonida uning mahoratiga tan berdim. Kinoijodkorlarimiz orasida shunday iste'dod egalari ko‘payib, milliy madaniyatimizni rivojlantirish yo‘lida xizmat qilishini chin ko‘ngildan istardim.

Dostonbek Rahmatullayev yozib oldi

Mavzuga oid