Sport | 10:05 / 13.09.2017
6946
3 daqiqa o‘qiladi

Sadriddin Saymatov - 2017 yilning eng yaxshi karatechisi

Foto: olympic.uz

Germaniyaning Leyptsig shahrida olimpiya sport turlari oilasiga mansub karate bo‘yicha nufuzli Premer-Liga musobaqalarining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Karateda Premer-Liga musobaqasi Jahon Kubogining analogi hisoblanib, 5ta bosqichdan iborat bo‘ladi. Bu yil ushbu bahslarga Parij (Fransiya), Rotterdam (Gollandiya), Dubay (BAA), Rabat (Marokash) va Leyptsig (Germaniya) shaharlari mezbonlik qildi.  

Jami 10ta vazn (5ta erkaklar, 5ta ayollar) toifasida o‘tkazilgan Premer-Liganing yakka va jamoaviy kumite bahslarida 18 yoshdan katta sportchilar tatamiga chiqishdi. Ushbu musobaqalar tizimi sportchilarga Tokio-2020 Olimpiadasiga muhim reyting ochkolarini berishi bilan ahamiyatli edi. 

Olamsport.com nashrining xabar berishicha, hamyurtimiz, Osiyo chempioni Sadriddin Saymatov ana shu Premer-liga musobaqalarining 4tasida g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Aynan mana shu natijasi evaziga Sadriddin Saymatov haqli ravishda yilning eng yaxshi karatechisi deb topildi. 

Leyptsigdagi yakuniy bosqichda 87ta davlatdan jami 1384 nafar sportchi ishtirok etdi. Bu ushbu musobaqalar uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.. Hamyurtlarimizdan talabalar o‘rtasida jahon chempionati bronza medali sovrindori bo‘lgan Dostonbek Otabolayev finalgacha mag‘lubiyatsiz yetib borib, kumush medal bilan taqdirlandi. 

U musobaqada 7ta jang o‘tkazib, ularning oltitasida g‘alaba qozondi. Finalgacha italiyalik Rabii Jyendubini 6:4, belgiyalik Sam Plompenani 2:0, Osiyo chempioni qozog‘istonlik Yermek Aynazarovni 1:0, yaponiyalik Yuta Morini 4:2, jahon va Yevropa chempionatlari sovrindori germaniyalik Noa Bitssha hamda turkiyalik Fotix Senni hakamlar qaroriga ko‘ra mag‘lub etdi. Finalda esa Otabolayev karate afsonasi, bir necha karra jahon va Yevropa chempioni italiyalik Luiji Busaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalandi. 

Musobaqada ikki sportchi bilan ishtirok etgan terma jamoamiz yakunda Qozog‘iston (25 nafar qatnashchi), Eron (19), Angliya (23), Fransiya (82), Polsha (31) kabi jamoalarni ortda qoldirib, 13-o‘rinni egalladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid