O‘zbekiston | 09:02 / 20.09.2017
30595
2 daqiqa o‘qiladi

BMT binosida Registon maydonining maketi o‘rnatildi

Foto: O‘zA

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga O‘zbekiston Respublikasining tuhfasi – Registon maydonining maketi topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi. 

Tadbirda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Jyen Bigl, Bosh Assambleya sessiyasiga kelgan diplomatlar, BMT axborot markazi xodimlari qatnashdi. 

Insoniyat sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonda ilm-fan, madaniyat, savdo, me'morlik, hunarmandlik azaldan rivojlangan. Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan Samarqandda turli o‘lkalardan kelgan insonlar ahil-inoq yashagan. Registon esa ana shunday qadimiy va umumbashariy shaharning betakror ramziga aylangan. Majmua 2001 yilda YuNeSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 

Foto: O‘zA

Registon maydonining maketi yurtimizning qo‘li gul usta hunarmandlari tomonidan yasalgan bo‘lib, qimmatbaho metall va go‘zal milliy naqshlar bilan bezatilgan. 

O‘zbekistonning "tashrif qog‘ozi" bo‘lmish ushbu eksponatning BMT shtab-kvartirasining eng gavjum joylaridan biriga, BMT Xavfsizlik kengashi va Bosh Assambleya zallari o‘rtasidagi foyega o‘rnatilganida o‘ziga xos chuqur ramziy ma'no bor, dedi davlat rahbari. 

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Jyen Bigl shunday go‘zal va teran mazmunga ega tuhfa uchun Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildirdi. 

Mavzuga oid