Jahon | 00:59 / 20.09.2017
46820
6 daqiqa o‘qiladi

Insoniyat oldida turgan eng jiddiy yetti xavf - BMT xulosasi

Foto: EPA

Yadroviy qurolni qo‘llash xavfi, xalqaro terrorizm, qurolli to‘qnashuvlarning ko‘payishi, iqlimning o‘zgarishi va ilmiy taraqqiyotning misli ko‘rilmagan asoratlari - insoniyat oldida turgan eng jiddiy xavf ko‘rinishlari hisoblanadi. BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish Bosh Assambleyaning 72-sessiyasida ana shunday bayonot bilan chiqdi.

"Biz - xalqlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti jiddiy chaqiriqlarga yo‘liqmoqdamiz", - dedi u. "Odamlar azoblanmoqda va g‘azabga to‘lmoqda. Ular xavfsizlik, tengsizlik, nizolarga doir vaziyat yomonlashib borayotgani, iqlim o‘zgarayotganini ko‘rishmoqda", - dedi Gutterish.

Bosh kotib bugungi kunda "dunyo qarama-qarshiliklarga to‘la ekan"ini qayd etib, BMT bilan hamkorlikda "ishonchni qayta tiklash va dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirish" mumkinligini ta'kidladi.

 

Yadroviy tahdid va terrorizm

Insoniyat uchun eng jiddiy xavf-xatarlar orasida Gutterish yadroviy tahdidni birinchi o‘rinda qayd etdi. BMT bosh kotibining ta'kidlashicha, "yadroviy qurolning qo‘llanilishiga aql bovar qilmaydi". Shu o‘rinda u KXDRning raketa va yadroviy sinovlarini keskin qoraladi.

"Men KXDR va BMT tarkibiga kiruvchi mamlakatlarni Xavfsizlik Kengashi (XK) rezolyutsiyalariga to‘liq amal qilishga chaqiraman", - dedi Gutterish va XKga bu masalada birdamlikni saqlab qolishni so‘rab murojaat qildi.

Tahdidlar ro‘yxatining ikkinchi qatorida Gutterish xalqaro terrorizmni qayd etdi. U 2018 yilda jahon tashkiloti shafeligida birinchi marta ekstremistlarga qarshi ixtisoslashgan idoralar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishini ta'kidladi. Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, bu "xalqaro terrorizmga qarshi yangi hamkorlikka asos solish" imkonini beradi.

 

Nizolar va iqlim

Gutterish eng jiddiy chaqiriqlar orasida shuningdek turli qurolli to‘qnashuvlarning ko‘payish xavfini alohida ta'kidladi. "Bugungi urushlarda hech kim yutmaydi. Suriyadan Yamangacha, Janubiy Sudandan Saxelgacha, Afg‘oniston va boshqa yerlarda faqat siyosiy qarorlar bilangina tinchlikka erishish mumkin", - dedi u.

"O‘zimizni aldashga ne hojat?! Xaosni yuzaga keltirayotgan mojarolarni hal qilmas ekanmiz, terrorizmning ildizini yo‘q qila olmaymiz", - dedi Gutterish. U Myanmadagi vaziyatga alohida e'tibor jalb qildi. "Myanma hukumati harbiy operatsiyalarni to‘xtatib, aholiga hech qanday to‘siqlarsiz gumanitar yordam ko‘rsatishni ta'minlashlari kerak. Shuningdek ular rohingyalarning noroziligiga e'tibor qaratishi lozim, ularning mavqei juda uzoq vaqtlardan buyon noaniq bo‘lib kelgan", - dedi bosh kotib.

Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf haqida so‘zlar ekan, Gutterish o‘tgan o‘n yillik insoniyat tarixidagi eng issiq davr bo‘lganini qayd etdi. BMT bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, jahon okeani sathining ko‘tarilishi va iqlimning beqarorligiga ta'sir qiluvchi boshqa omillar millionlab odamlar hayotiga xavf solmoqda. Bundan tashqari, Gutterish ko‘pgina mintaqalarda kuzatilayotgan tabiiy ofatlarga ham e'tibor qaratdi. Shu munosabat bilan Antoniu Gutterish jahon hamjamiyatini iqlimga doir Parij kelishuvi qoidalariga qat'iy amal qilishga chaqirdi.

 

Tengsizlik, muhojirlar va taraqqiyotning "qorong‘u tomoni"

Gutterishning qayd etishicha, insoniyat oldida turgan yana bir xavf - "jamiyat asosini yemirayotgan, o‘sib borayotgan  tengsizlik". Bosh kotibning aytishicha, kun tartibidagi 2030 yilgacha barqaror rivojlanish dasturini amalga oshirish bu vaziyatni to‘g‘rilashga imkon yaratadi.

U shuningdek "innovatsiyalarning qorong‘u tomoni" qanday tahdid uyg‘otishi mumkinligiga ham diqqatni qaratdi. Gutterishning aniqlik kiritishicha, gap "ilmiy taraqqiyotning misli ko‘rilmagan asoratlari", shu jumladan xakerlar imkoniyatlarining oshishi va internetda boshqarib bo‘lmaydigan segmentlarning paydo bo‘lishi haqida ketmoqda.

Shu bilan birga, sun'iy intellektning rivojlanishi "mehnat bozori va jamiyat tuzilmasi"ga kuchli ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Genetik muhandislik texnologiyalarining qo‘llanilishi, bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, etnik xarakterdagi yangi savollarni keltirib chiqaradi. "Kerakli mas'uliyat namoyon qilinmasa, bunday taraqqiyot son-sanoqsiz fojialarga olib kelishi mumkin", - deya ta'kidladi Gutterish.

Bundan tashqari, BMT bosh kotibi qochqinlar muammosiga ham to‘xtalib o‘tdi. "Har bir mamlakat o‘z chegaralarini nazorat qilish huquqiga ega, - dedi Gutterish. - Biroq bu shunday amalga oshirilishi kerakki, toki chegarani kesib o‘tayotgan odamlarning huquqlari himoyalanishi kerak".

"Aksariyat qochqin va muhojirlarning shablon ko‘rinishida namoyish etilishi, ularning vaziyat qurboniga aylanayotganlarini ko‘rish men uchun og‘ir", - qo‘shimcha qildi BMT kotibi. Uning qayd etishicha, ba'zi siyosatchilar "saylovlarda o‘z pozitsiyasini mustahkamlash" maqsadida migrantlarga nisbatan "nafratini namoyon etmoqda".

Xulosa o‘rnida Gutterish jahon hamjamiyatini birlashishga chaqirdi va davlatlar faqat bir-biri bilan xabarlashibgina BMT Nizomi qoidalariga amal qilishlari mumkinligini ta'kidladi.

Mavzuga oid