Sport | 13:00 / 27.09.2017
10495
2 daqiqa o‘qiladi

«Real»da yubiley o‘yin va 412 gol

Foto: Chempionlar ligasi

Chempionlar ligasi guruh bosqichi 2-turida Dortmundning «Borussiya» klubiga qarshi kechgan uchrashuv Krishtianu Ronaldu uchun Madrid klubi safidagi 400-o‘yin bo‘ldi.

«Real» safidagi yubiley o‘yinda Ronaldu ikkita gol urdi, yana bir gol Garet Beyl hisobiga yozildi va «Borussiya» 3:1 hisobida mag‘lub etildi. 32 yoshli portugaliyalik hujumchi 400 o‘yindan keyin gollari sonini 412taga yetkazdi. Klub tarixidagi eng yaxshi hujumchi jamoa uchun eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan xorijlik futbolchilar safida Roberto Karlos va Marselodan keyin uchinchi bo‘lib turibdi.

«Real» uchun Ronaldu Ispaniya chempionatida 267 o‘yin, Chempionlar ligasida 90, Ispaniya Kubogida 30, Ispaniya Superkubogida 7, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida 4 va UYeFA Superkubogida 2ta o‘yin o‘tkazgan.

Ronaldu «Real»ga 2009 yil yozida «Manchester Yunayted»dan o‘tgan, o‘sha yilning 29 avgustida «Deportivo»ga qarshi kechgan va 3:2 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinda debyut qilgan. U Madrid klubi bilan 14 sovrin yutgan: 3 marta Chempionlar ligasi, 3 marta UYeFA Superkubogi, ikki marta klublar o‘rtasidagi jahon chempionligi, ikki martadan Ispaniya chempionligi, Ispaniya Kubogi va Ispaniya Superkubogi. U 4 marta jahonning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan.

Mavzuga oid