Sport | 12:00 / 28.09.2017
32156
11 daqiqa o‘qiladi

Tur hisobi. Endi «PSJ» chempionlik uchun asosiy da'vogar

27 sentabr oqshomida Yevropa Chempionlar ligasida guruh bosqichining 2-tur uchrashuvlari davom ettirildi. «PSJ» «Bavariya»ga 3ta gol urdi, Neymar va Kavani endi birgalikda jamoaga yordam keltira olishini namoyish etishdi. «Tribuna» chorshanba oqshomidagi o‘yinlar sharhini taqdim etadi.

A guruhi
Moskvada TsSKA qurolsizlantirildi

Joze Mourino o‘yin oldidan ruslar jamoasi haqida iliq fikrlar bildirgan bo‘lsada, bu jamoa 26-daqiqaga kelib 3 gol o‘tkazib bo‘lgandi. Ikkinchi bo‘limda Mxitaryan to‘rtinchi golni urdi, o‘yin oxirida Kuchayev birgina javob qaytardi - 1:4.

O‘yinda ikki gol urgan Romelu Lukaku Igor Akinfeyevdan 2014 yilgi jahon chempionati uchun qasos olgani haqida gapirdi. O‘shanda guruhda Rossiya va Belgiya o‘ynagan, hujumchi gol ura olmagandi.

Endi «MYu» guruhda 6 ochko bilan yetakchilik qilmoqda, Moskva jamoasida 3 ochko mavjud.

«Benfika» uchun dahshatli kecha

TsSKA va «Manchester Yunayted»ning raqiblari o‘zaro bahsda ilk ochkolar uchun jangga chiqishdi. «Benfika» o‘tgan turda o‘z maydonida «armiyachilar»ga yutqazgandi, «Bazel» esa «Old Trafford»ga safar qilib, yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi (0:3). Statistika portugaliyaliklar ustunroq ekanini ko‘rsatardi, lissabonlik «burgutlar» hali Shveytsariyadan bo‘lgan jamoalarga yutqazmagandi.

Lekin qachondir birinchi mag‘lubiyat ham ro‘y beradi. «Benfika»ni Bazelda dahshat kutmoqda edi, bu TsSKA uchun «Manchester Yunayted» tayyorlagan dahshatdan ham dahshatliroq bo‘lib chiqdi. Ruy Vitoriya shogirdlari butunlay tor-mor etildi - 0:5. Jamoaning asosiy himoyachilaridan biri Andre Almeyda qizil kartochka oldi va keyingi o‘yinlarda yordam bera olmaydigan bo‘ldi. Portugaliyalik futbolchi o‘ziga ishlatilgan qo‘pollikka hakam e'tibor qaratmaganidan keyin g‘azabga mindi va raqibining oyog‘ini uzib tashlashiga bir baxya qoldi. O‘yin qahramoni 19 yoshli Dimitri Oberlin bo‘ldi. U o‘z tug‘ilgan kunida dubl qayd etdi, shuningdek penalti ishlab berdi.

 

B guruhi
«PSJ» bir tanu bir jon

«PSJ»ning sobiq murabbiyi Karlo Anchelotti va uning fransuz klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan shogirdi Kingsli Koman Parijdan noxush hissiyotlar bilan qaytadigan bo‘ldi. «Bavariya» bu o‘yinda favorit hisoblanmas edi, nemislarni Mbappe – Neymar – Kavani uchligi kutib turardi, qolaversa myunxenliklar Manuel Noyyerni yo‘qotgan. Uning o‘rnini Sven Ulrayx bosa olmayapti. Anchelotti jamoaning ruhini ko‘tarishga harakat qildi, «Bavariya»ning Chempionlar ligasidagi tajribasini eslatdi.

Ammo «Bavariya» muxlislari uchun ilk daqiqalardanoq dahshatli onlar boshlandi. «PSJ» 2-daqiqadayoq hisobni ochdi. Neymar to‘pni raqib jarima maydoni tomon olib bordi, nemislar unga qarshi hech narsa qila olmadi, uning dohiyona harakatlarini tomosha qilish bilan band bo‘lishdi va braziliyalik futbolchi qanotdan ochilgan jamoadoshi Dani Alvesga to‘pni uzatdi va to‘p Ulrayxning oyoqlari orasidan o‘tdi. «Bavariya» parijliklarning tezligi qarshisida ojiz qoldi. Mbappe va Kavani juftligi tanaffusga qadar yana bir gol urishdi, o‘yin oxirida esa Neymarning o‘zi ham gol urdi. E'tiborli jihati, Kavani gollarni nishonlash chog‘ida «Oltin to‘p»ning navbatdagi sohibini quchoqlab, tabrikladi. «PSJ»da hammasi joyida, bu jamoa turnir g‘olibligi uchun asosiy da'vogar.

«Anderlext» - boshsiz chavandoz

«Anderlext» guruhdagi uchunchi o‘rin uchun raqibga qarshi o‘yinga murabbiysiz tayyorgarlik ko‘rdi. Murabbiy Rene Vayler o‘tgan haftada iste'foga chiqarildi. Bunga faqat «Bavariya»dan uchralgan mag‘lubiyat emas, ichki chempionatdagi muvaffaqiyatsiz start ham sabab bo‘ldi. Jamoani hozirda jamoaning sobiq futbolchisi Nikolas Frutas boshqarib turadi.

Vaylerning ishdan bo‘shatilishi hozircha foyda bermayapti. Frutas va kompaniya biron yaxshi narsa o‘ylab topa olmadi. «Seltik»ka qarshi o‘yinda belgiyaliklar bir-birini tushunmay o‘ynashdi. Shotlandlar juda osonlik bilan darvozani ishg‘ol qilaverishdi. Ikkinchi gol urilgan vaqtda Olive Deshaxt to‘pni raqibga topshirib qo‘ydi, yirik hisob Leander Dendonkerning xatosi ortidan sodir bo‘ldi. O‘smir chog‘ida «Anderlext» akademiyasiga qabul qilinmagan Dedrik Boyata «Seltik» futbolchisi sifatida bu jamoaga urilgan gollarni nishonladi.

 

C guruhi
Ozarlarning turnir tarixidagi ilk goli

Boshqa o‘yinlardan ikki soat oldin boshlangan «Qorabog‘» – «Roma» uchrashuvi chorshanba kungi dasturni ochib berdi. Ozarboyjon chempioni Chempionlar ligasidagi debyutini «Stemford Brij»dagi 0:6 hisobi bilan boshlagandi, endi jamoa turnirdagi ilk uy uchrashuvini mag‘lubiyat bilan yakunladi. Gurban Gurbanov shogirdlari Bokudagi Olimpiyskiy stadionida bu turnirga munosibligini ko‘rsatib berishi kerak edi.

Ammo o‘yin boshidanoq hammasi hal bo‘ldi. Rimliklar ikkita tezkor gol urishdi. Avvaliga markaziy himomyachi Kostas Manolas burchak to‘pidan keyin darvozabon Ibragim Shexichni xatosi uchun jazoladi, keyin himoyachilar Edin Djyekoga gol urishga qo‘yib berishdi. «Qorabog‘» bu o‘yinda munosib qatnashdi, zarbalar nisbati 13ga 15, to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi - 45 foizga 55 foiz. Qolaversa, «Roma» o‘yinni susaytirgach, Maksim Gonalon bosim ostida to‘pni yo‘qotganida Pedro Enrike ozarlarning Chempionlar ligasidagi ilk golini urdi va uchrashuvda minimal hisobdagi mag‘lubiyat qayd etildi.

Kechaning eng zo‘r o‘yini Madridda

«Chelsi» «Atletiko»dan 2013/14 yilgi YeChL chorak finali uchun qasos oldi. O‘shanda ispanlar safardagi 3:1 hisobidagi g‘alaba evaziga yarim finalga chiqqandi. O‘shanda ispanlar darvozasida hozirda London jamoasi darvozasini qo‘riqlayotgan Tibo Kurtua turardi, gollardan birini Diyego Kosta urgandi. Keyingi uch mavsumni «Chelsi»da o‘tkazgan Kosta «Atletiko»ga qaytdi va o‘yinni «Vanda Metropolitano» stadioni tribunasidan kuzatdi.

Antonio Konte jamoasi o‘yinda ustunlik qildi va tanaffusga qadar hammasini hal qilib qo‘yishi mumkin bo‘lgandi. Ammo «Real»ning sobiq hujumchisi Alvaro Morata 3 golli vaziyatni yo‘qqa chiqardi, Eden Azarning zarbasi to‘singa tegdi. Bo‘lim oxirida esa David Luisning folidan keyin belgilangan penaltini Antuan Grizmann aniq ijro etdi. «Chelsi»ning baxtiga ikkinchi bo‘limda Morata gol ura oldi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa «Chelsi» hujumchilari bosim uyushtirib, Mishi Batshuayi g‘alaba golini urdi va hakam goldan keyin hushtagini chaldi.

«Atletiko» ilk marta o‘z maydonida Angliya jamoasiga yutqazdi.

 

D guruhi
«Barselona» o‘zi ura olmasa, raqib yordam beradi

«Sporting» joriy mavsumda hali yutqazmagandi. «Barselona» bilan o‘yingacha lissabonliklar jamoasi 8 g‘alaba va 3 durang qayd etishdi. Bu fakt jarohatlar tufayli kuchsizlangan kataloniyaliklar qarshisida yaxshi ustunlik edi va mezbon jamoa muxlislari natijaga umid qila olishardi.

O‘yindan avval Jyeremi Matyo Lionel Messini qanday qurolsizlantirish mumkinligi haqida gapirdi: «Messiga bir metr masofa yaqin turish kerak va diqqatni yo‘qotmaslik kerak», – deya «Sporting»dagi jamoadoshlariga maslahat bergandi «Barselona»ning sobiq futbolchisi.

Messini zararsizlantirishdi. Lissabonliklar «Barselona» erkin harakatlanish uchun ochiq zonalarsiz qolishi uchun barcha ishni qilishdi, o‘yin zerikarli tus oldi. Lionel gol ura olmadi, ammo uning o‘rniga mezbonlarning urugvaylik himoyachisi Sebastyan Koates o‘z darvozasini ishg‘ol etib berdi. To‘p avvaliga Luis Suaresga, keyin Koatesga tegib darvoza to‘riga borib tushdi. Seydu Dumbiya «Sporting» uchun penalti ishlashga harakat qildi, ammo simulyatsiya vaqtida jarohat olib, maydondan chiqib ketdi.

Buffonning rekordi

«Olimpiakos» Chempionlar ligasida yangi murabbiyi bilan faqat bir tur o‘tkaza oldi. Birinchi turdagi mag‘lubiyatdan keyin klub xo‘jayinlari Besnik Xasini ishdan bo‘shatishdi va jamoani Takis Lemonisga topshirishdi, Lamonis to‘rtinchi marta greklar jamoasiga murabbiy bo‘lmoqda. Lemonis «Yuventus» Gonsalo Iguainni asosiy tarkibda o‘ynatmasligini bilganida omaddan umidvor bo‘lgandir.

«Olimpiakos» o‘yinda natija uchun harakat qildi va 70 daqiqa davomida raqibga hech qanday imkoniyat bermadi. Lekin maydonga Iguain chiqib kelgach, greklar himoyada xatolarga yo‘l qo‘ya boshladi, argentinalik futbolchi Lemonisning qaytishiga sovg‘a tayyorladi. U Mario Mandjukichning zargarona pasidan keyin darvozani ishg‘ol etdi. Turinliklar o‘yin oxirida yana bir gol urishdi, Iguain va Paulo Dibala «Olimpiakos» himoyasini yorib o‘tishdi, to‘p oxir-oqibat Mandjukichga borib tushdi va hisob - 2:0. Bu o‘yin turinliklar darvozaboni Janluiji Buffon uchun Yevropa Chempionlar ligasidagi 110-o‘yin bo‘ldi va u italiyalik futbolchilar orasida turnirda eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchiga aylandi. 

Foto: Yevropa Chempionlar ligasi 

Mavzuga oid