Sport | 10:25 / 30.04.2025
13942
7 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» orzu tomon qadam tashladi. «Arsenal» Londonda mag‘lub etildi

Chempionlar ligasining birinchi yarimfinal uchrashuvida parijliklar Londonda ajoyib futbol namoyish etishdi.

Foto: Getty Images

Chempionlar ligasi. Yarimfinal, birinchi o‘yin 
«Arsenal» – «PSJ» 0:1
Gol:
Dembele 4
«Arsenal»: Rayya, Timber (Uayt 83), Saliba, Kivyor, Lyuis-Skelli, Edegor (Nvaneri 90), Rays, Merino, Saka, Trossar, Martinelli
«PSJ»: Donnarumma, Hakimi, Markinos, Pacho, Mendesh, Vitinya, Nevesh (Zair-Emeri 89), Ruis, Due (Ramush 76), Dembele (Barkolya 70), Kvaratsxeliya
Ogohlantirishlar: Trossar 10, Saka 43 – Hakimi 44, Nevesh 46

«PSJ» yarim yil oldin ham «Emireyts»da mehmon bo‘lgandi. Mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi qayd etilgan o‘yinda «Arsenal» safida hozirda jarohatlanib o‘ynay olmayotgan Havers gol urgan,  himoya chizig‘ida Gabriel Saliba bilan juftlik hosil qilar, Merino hali forvardga aylantirilmagandi, hozirda klubning va Angliya milliy jamoasining almashtirib bo‘lmas futbolchisi sanalgan Lyuis-Skelli esa Mikel Artetadan endigina «to‘pchilar» safidagi ilk daqiqalariga ega bo‘layotgandi. Seshanba oqshomidagi o‘yinda esa jarohatlardan tashqari diskvalifikatsiyaga uchragan Partining yo‘qligi «kanonirlar»ga sezilishi oldindan ma’lum edi.

Parijliklar esa o‘tgan vaqt ichida nafaqat Mbappesiz o‘ynashni o‘rganib olishdi, balki yaxshiroq o‘ynay boshlashdi va haqiqiy jamoaga aylanishdi. Mavsum davomida jamoa tarkibi ham kuchaydi: qishki transferlar vaqtida Kvaratsxeliya Fransiya poytaxtiga ko‘chib o‘tdi, qolaversa, Londondagi ikkinchi o‘yin uchun tarkibda kuzgi o‘yinda Luis Enrike tarkibdan chetlatgani uchun qatnashmagan Dembele ham bor edi. O‘shanda murabbiy va futbolchi o‘rtasidagi ziddiyat tezda bartaraf etilgan va futbolchi yana safga qaytgandi.

Murabbiyning intizomiy qarori futbochi uchun yaxshi dars bo‘ldi, shundan keyin u formasini tikladi va 2024 yilning oxirgi oyida to‘rt gol va uch uzatma muallifi bo‘ldi. Yangi yil ta’tilidan keyin esa muxlislar o‘zgacha «PSJ» va «Oltin to‘p» da’vosidagi yangi yulduzni ko‘rishdi. Guruh bosqichining 6 turidan keyin pley-offga chiqishi gumon bo‘lib turgan fransuzlar «Manchester Siti»ni (4:2) mag‘lub etib, o‘z holatini yaxshiladi, pley-offda esa «Liverpul»ga qarshi safardagi javob o‘yinida vaziyatni o‘nglab keyingi bosqichga o‘tdi.

Dembele esa 2025 yilda shunday ko‘rinmoqdaki, bunday davr «Borussiya» va «Barselona»da o‘ynaganida ham bo‘lmagan. Fransiya chempionligi hal qilingach, Usmon biroz tempni susaytirdi, lekin «Arsenal» bilan o‘yinda yana oldingi darajani namoyish etishga kirishdi va Londonda «Enfild»dagidan (12-daqiqa) ko‘ra tezroq gol urdi.

Hisob 4-daqiqadayoq mezbonlarning kuchli pressingidan chiqish orqali ochildi. Mendesh orqaroqqa kelib o‘zini taklif qilgan Dembelega pas berdi, u hujumni rivojlantirdi va chap qanotda oldinga tashlangan Xvichani to‘p bilan ta’minladi, gurjistonlik futbolchi esa barcha fint ishlatib ichkariroq kirishini kutganida to‘pni Dembelega qaytardi. Bu vaziyatda tayanch zonasini yopishi kerak bo‘lgan Rays Timberga yordam berish uchun qanotga yugurgandi va u bo‘sh qoldirgan hududda to‘pni qabul qilgan Usmon qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Yil boshidan beri urilgan 25 gol — Yevropa bunday sermahsullikni Messining olti yil oldingi mavsumidan buyon ko‘rmagandi. Shuningdek, u Chempionlar ligasining bir mavsumida 11 gol urib, «PSJ» futbolchilari orasida bu borada Mbappe bilan tenglashib oldi.

«Emireyts» anchadan buyon mehmon jamoaning to‘liq ustunligiga guvoh bo‘lmagandi. Birinchi bo‘limning yarim soati davomida hisob yiriklashib ketmagani «Arsenal»ning omadi kelgani edi, Hakimi Markinosning uzatmasidan keyin to‘pni to‘g‘ri darvozabonga qarata tepdi, Hvichaning navbatdagi hujumidan keyin to‘p rikoshet orqali borganiga qaramay londonliklar posboni ishonchli harakat qildi. Birinchi bo‘limdagi eng asosiy seyvni ham Rayya ijro etdi, u Duening yaqin masofadan, himoyachilar ortidan yerlatib bergan zarbasini ham bartaraf etdi.

«Arsenal» esa faqat bo‘limning ikkinchi qismida o‘ziga kela boshladi, o‘ng qanotda yopib qo‘yilgan Saka chapga o‘tdi va Martinelli uchun vaziyat yaratdi. Shu palladan tashabbus «Arsenal» tomonga o‘taboshladi. Bo‘lim oxiriga borib zarbalar bo‘yicha ko‘rsatkich tenglashdi, Donnarumma birinchi bo‘lim oxirida va ikkinchi bo‘lim boshida Martinelli va Trossarning xavfli zarbalarini qaytardi, Merino baribir standart vaziyatdan keyin hisobni tenglashtirganida esa ofsayd qayd etildi.

Ikkinchi bo‘limda «PSJ» hisobni saqlash uchun o‘ynadi va qarshi hujumlarda payt poyladi. Barkolya va Ramush yakkama-yakka vaziyatlardan foydalana olmadi. Enrike tempni pasaytirish hisobiga g‘alabali hisobni saqlab qoldi, «PSJ» o‘z tarixidagi YeChL yarimfinallaridagi sakkiz o‘yinda ikkinchi g‘alabasiga erishdi, ammo barchasi bir haftadan keyin Parijda kechadigan javob o‘yinida hal bo‘ladi.

Hozirgi «PSJ» endi yulduzlar jamoasi emas, balki yulduz jamoaga o‘xshamoqda, unda Hvicha oldingi chiziqda vaziyatlar yaratishdan tashqari himoyada ham ishlab, Nunu Mendeshga Sakani to‘xtatishda yordam beradi. Markaziy hujumchi pozitsiyasida tushgan Dembele esa hujumni boshlash uchun himoya chizig‘iga qadar qaytadi. Parijliklar o‘z vaqtida Messi, Neymar, Mbappe, Kavani va Di Mariya kabi yulduzlar bilan erisha olmagan orzusi tomon navbatdagi qadamni tashladi. Jamoaning hozirgi tarkibi nafaqat ijodkor, balki katta g‘alabalar uchun maydonda jon berishga tayyor bo‘lgan futbolchilardan iborat.

Mavzuga oid