Jamiyat | 11:41 / 29.09.2017
34555
3 daqiqa o‘qiladi

MXX soxta 17 ming dollar bilan bog‘liq jinoyatni fosh etdi 

Foto: O‘zbekiston telekanali

“Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezidenti farmonida avvalo, amaldagi valyutani tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish, valyuta siyosatini liberallashtirish borasidagi vazifalar belgilab berilgan. Biroq, shunga qaramay chet el valyutasini mamlakat hududiga noqonuniy ravishda olib kirish, o‘tkazish va muomalaga kiritish bilan bog‘liq holatlar ham uchrab turibdi.

Milliy xavfsizlik xizmati Namangan viloyati boshqarmasi xodimlarining viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlari davomida soxta valyutani olib kirish bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi. Namangan shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan 35 yoshli Akmal Abdulxayev respublika hududiga Qirg‘izston orqali noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan 17 300 AQSh dollari qiymatidagi soxta pullarni Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 39 yoshli Murodulla Ahmadaliyev ko‘magida Namangan shahar Qodirota Mirzayev ko‘chasida joylashgan paxta titish sexiga olib kelib berishni so‘raydi. 

Murodning aytishicha, 19 sentabr kuni sariq rangli paketga o‘ralgan banderolni Uchqo‘rg‘ondan noma'lum shaxsdan olib kelib beradi. Oradan ikki kun o‘tgach, ular Namanganda uchrashadilar va Murod 10 ming AQSh dollari miqdoridagi soxta kupyuralarni Chortoq tumanida yashovchi Bobur ismli shaxsga so‘mga almashtirish uchun olib boradi. Maqsad – soxta valyutani 80 million 500 ming so‘mga almashtirish bo‘lgan. Ammo, valyutafurushlarning kirdikorlari fosh etilib, ular tezkor xodimlar tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olindilar. Qolgan 7 ming 300 AQSh dollari qiymatidagi soxta kupyuralar esa paxta titish sexida yashirib qo‘yilganligi ma'lum bo‘ldi. Ularni ham tez orada mijozlarga tarqatish rejasi bo‘lgan. 

Ayni paytda Akmal Abdulxayev va Murodulla Ahmadaliyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur holat bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid