Sport | 17:00 / 13.10.2017
34309
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘FFning xatosi - terma jamoasi saviyasiga mos bo‘lmagan murabbiyni olib kelgani»

OFK sobiq xodimi, futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev O‘zbekiston terma jamoasining JCh yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagani sabablari haqida gapirdi.

«JChga chiqa olmaganimizga eng asosiy sababi bu O‘FFning murabbiy tanlashdagi xatosi bo‘lgan. Tashkilot terma jamoa saviyasiga umuman mos bo‘lmagan Samvel Babayanni terma jamoaga murabbiy qilib qo‘ydi. Ikkinchi xato esa Babayan shunday mas'uliyatli ishni qabul qilib olganidan keyin ham, murabbiylik bilan birga oldingi ishi menejyerlikni ham davom ettirgani bo‘ldi.

Oddiy misol. Tsikl tugagach futbolchilar bilan suhbatlashganimda ularning o‘zi ham aytishdi. Jamoada o‘ng qanotda muammo bor edi. Bu chiziqlarni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan ikki nomzod bo‘lgan: Sanjar Tursunov va Vagiz Galiulin. Ammo murabbiy bilan shaxsiy munosabat sabab ular terma jamoaga chaqirilmagan. Qaytarib aytaman bu mening, yoki ko‘chadagi muxlisning gapi emas, aynan terma jamoa ichida bo‘lgan futbolchilarning gapi. Men ularning kimligini aytmoqchi emasman, ammo bu bor haqiqat. Misol uchun Doston Hamdamov ham aynan Babayanning ba'zi shartlariga ko‘nmagani uchun terma jamoaga jalb qilinmagan.

Lekin bu yagona muammo emas. Agar Babayan barcha o‘zining shaxsiy manfaatlarini yig‘ishtirib qo‘yib, faqat murabbiylik bilan shug‘ullangan taqdirda ham terma jamoani zo‘r boshqarishiga ishonmasdim. Chunki uning saviyasi bu lavozimga mos emasdi. Aytganimdek, eng katta xato O‘FFda, ular terma jamoaga umuman mos bo‘lmagan mutaxassisni tayinlashgandi», deya gapirib o‘tgan Nikimbayev «Oriat Dono» radiosidagi «Futbol plyus» dasturida.

Mavzuga oid