Sport | 15:21 / 20.01.2023
41635
9 daqiqa o‘qiladi

«Qatar Saudiyani ilhomlantirdi». JChda 35ta o‘yinda ishlagan o‘zbekistonlik mutaxassis bilan intervyu

Qatardagi 2022 yilgi jahon chempionati tarixdagi eng yaxshi turnirlardan biri sifatida yodda qoldi. Musobaqada bevosita qatnashgan va 35ta o‘yinda ishlagan o‘zbekistonlik mutaxassis, FIFA tashkiliy qo‘mitasi a’zosi Alisher Nikimbayev bilan qishda o‘tkazilgan mundial va ta’qiqlar, JCh-2026 formati, O‘zbekiston milliy jamoasi va omadli Katanets, o‘zgarayotgan OChL haqida suhbatlashdik.

— Ham mutaxassis, ham muxlis sifatida fikringiz. JCh-2022 tarixdagi eng yaxshisimi?

— Ikki tomondan qarash mumkin: tashkiliy ishlar va futbol sifati. Bu jahon chempionati bir shaharda bo‘lgani qulaylik tug‘dirdi. Muxlislar va jurnalistlar kuniga 2-3 o‘yinni ko‘rishga ulgurishdi. Bir kungi bahslarga 400-500 minglab turistlar keldi. Masalan, Rossiyada o‘tgan turnirda muxlislar shaharlarga bo‘linib ketgandi.

Mundial uchun Dohada metro qurildi. Bir stadiondan tashqari qolgan 7tasi oldida bekatlar bor edi. Muxlislar metrodan chiqib, to‘g‘ri stadionga kirib ketishaverdi. Xullas, musobaqa bir shaharda bo‘lgani uchun futbol atmosferasi sezilib turdi.

Futbol sifati tomonlama javob bera olmayman, chunki tashkiliy ishlarda qatnashib o‘yinlarni to‘liq ko‘ra olmadim. 35ta o‘yinda ishladim. Finalni 30 daqiqa ko‘ra oldim, xolos. O‘yindan keyingi taqdirlash marosimiga tayyorgarlik ko‘rayotgandik. Finaldagi vazifam — g‘olib jamoa kubok ko‘tarayotganda maydonda o‘yinchilar va bosh murabbiydan boshqa shaxslarning maydonga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik edi. 

— Ish jarayonida esda qolarli voqealar bo‘ldimi?

— Albatta. Kanada bilan bo‘ldi. Ular ikkinchi o‘yinidan oldin maydonni ko‘rgani kelishdi va jamoa to‘planib, maysaga qilich suqib duolar o‘qishdi. Birinchi o‘yinda hech kim e’tibor bermagan ekan. Qilichni aeroport va mehmonxonadan chiqishda qanday o‘tkazishgan, hayronman. E’tiqod o‘z yo‘liga, lekin maydonga vakuum ventilyatsiyasi o‘rnatilgan va qilich sensorlarni ishdan chiqarishi mumkin edi. Keyin FIFAga aytdik va so‘nggi turda bunga ruxsat berilmadi.

Kamerun — Shveytsariya bahsiga oz qolganida yevropaliklar hujumchisi Brel Emboloning akkreditatsiyasi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Tezkorlik bilan uni tayyorladik. Oson bo‘lmadi, chunki JChda akrreditatsiya — pasportga teng hujjat.

Yana ko‘plab voqealarni jonli ko‘rdim. Fransiya-Marokash o‘yinidan so‘ng Hakimi va Mbappe polda gaplashib o‘tirishgandi, Neymar nogiron yigit bilan samimiy suhbatlashdi. O‘sha lahzalarni suratga tushirishni xohladim, ammo bizga ruxsat yo‘q.

— Qatar ayrim ta’qiqlar buzilishiga ko‘z yumdimi? Masalan, xorvatiyalik model, Germaniya futbolchilarining og‘iz yopishi...

— Umuman olganda, mayda qoidabuzarliklarga ko‘z yumildi. Lekin jiddiy ta’qiqlar, jumladan, alkogol ichimliklar savdosiga qarshi oxirigacha qattiq nazorat bo‘ldi.

Germaniyaga kelsak, ularning noroziligi FIFAga qaratilgan edi. Bu masala alohida ko‘tarilgani yo‘q, jazo qo‘llanmadi. Yomon natijadan so‘ng Germaniyaning o‘zida bu harakatni tanqid qilishdi. Chunki futbolchilar chalg‘ib, o‘yinga e’tiborlarini jamlay olishmadi.

— AQSh, Angliya va Eron bir guruhda edi. Qandaydir siyosiy intrigalar bo‘lmadimi?

— Bo‘ldi. Eronning o‘zi bilan. Ya’ni, mamlakat ichida va chetda yashaydigan muxlislar ikkiga bo‘linib qolishdi. Shu sabab 1-turda futbolchilar madhiyani kuylashmaganda, buni yoqlaganlar ham va qarshi chiqqanlar ham bo‘ldi. Eron AQSh yoki Angliya emas, o‘z ichki muammolariga chalg‘idi.

— Qishda JCh o‘tkazilishi o‘zini oqladimi? Yana shunday bo‘lishi mumkinmi?

— Oqladi. Benzema kabi yulduzlar jarohat sabab turnirni o‘tkazib yuborganini inobatga olmasa, ko‘p o‘yinchilar mavsum o‘rtasida o‘tkazilgani uchun yaxshi formada yetib kelishdi. Qish deyish ham nisbiy. Chunki havo juda yaxshi edi. Masalan, 2010 yil JARda -3 gradusda futbol ko‘rganmiz. Qatar ancha iliq edi.

Yana qishda o‘tkazilishi mumkin. Saudiya Arabistoni Misr va Gretsiya bilan 2030 yoki 2034 yilgi mundial mezbonligiga da’vogar. Ular Qatarni ko‘rib, yanada ilhomlandi. Islom olami markazi Saudiya yoniga qadimgi sivilizatsiyalar markazi Misr va Gretsiyani olgan holda, 3 qit’adan juda ko‘p ovoz olishi kutilmoqda. Dunyoda 200tacha mamlakat bo‘lsa, ularning kamida yarmi ovoz beradi degani. Osiyo va Afrikada 50tadan ko‘p davlatlar bor.

Saudiya juda yaxshi strategiya bilan ketmoqda. «Nyukasl»ni sotib olish, Ronalduni «An Nasr»ga olib kelish — shu kabilar bejiz emas. 

— Qatar futbol federatsiyada ishlaganingiz uchun mezbonlarga muxlislik qildingizmi? Yomon ishtirok haqida fikringiz?

— Ha, muxlislik qildik. Salbiy natijaga noto‘g‘ri tayyorgarlik sabab bo‘ldi. Milliy jamoa futbolchilari barvaqt to‘plab olinib, asosan Yevropada o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazildi. Jamoa muxlislar bosimiga ko‘nikmadi. Fikrimcha, Qatar turnirdan oldin o‘z maydonida 2-3ta o‘rtoqlik bahsi o‘tkazishi kerak edi. Jamoaning salohiyati bundan yaxshiroq, shubhasiz.

— Keyingi JChdan 48ta jamoa qatnashadi. Bunga munosabatingiz qanday? O‘zbekistonning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

— Boshidan qarshi bo‘lganman. Sifat buziladi. Lekin bu loyiha siyosiy kuchga ega. Katta ehtimol o‘zgarmaydi. Chunki ovoz berayotgan o‘rtamiyona jamoalar federatsiyalari ham mundialga borishni xohlaydi.

O‘zbekistonning imkoniyatiga kelsak, 8,5ta o‘rin bo‘lgach, hatto Tojikiston va Qirg‘iziston milliy jamoalari mundialga chiqishni maqsad qilishmoqda. Vetnam, Suriya, Livan, Iroq, Ummon kabilar bor. Oson bo‘lmaydi.

Hozir jamoamizga baho berish qiyin, chunki O‘zbekiston Srechko Katanets boshqaruvida faqat 2021 yil yozida — Osiyo Kubogi saralashi doirasida rasmiy o‘yinlar o‘tkazdi. Lekin Tailand, Shri-Lanka va Maldiv bilan bahslardan kelib chiqib, nimadir deyish qiyin.

Katanetsning omadi bor ekan — qit’a chempionati yarim yilga kechiktirildi. Shu bilan 2024 yil yanvarigacha rasmiy o‘yinlar yo‘q. Unda yana bir yil bor, ammo muammolar ham bo‘ladi. Chunki dekabrda OChL bahslari bo‘ladi. Asosiy jamoalar qatnashishini hisobga olsak, Srechko futbolchilarni barvaqt yig‘a olmasligi mumkin. Ehtimol, o‘yinchilar charchoq bilan turnirga borishadi. Osiyo Kubogi — murabbiy uchun birinchi imtihon.

— OChL formati o‘zgarmoqda. Eng yuqori ligada 24 jamoa qatnashadi, deyishmoqda.

— Ha, lekin jamoalar soni kam. Mana, Tojikistonning «Istiqlol»iga imkoniyat berilganda, yaxshi qatnashdi. Yangi formatda ular kuchlilar bilan o‘ynash va rivojlanish imkoniyatini yo‘qotishi mumkin. Barcha hududlarni o‘ylash kerak. APLda 10ta jamoa qilib, «MYu» va «Liverpul» yilda 4 marta o‘ynasin, deyishmaydi-ku. OChLda ham xuddi YeChL kabi 32ta jamoa qatnashsa, normal bo‘ladi.

Masalan, O‘zbekiston klublari natijaga ko‘ra reytingda 5-o‘rinda bo‘lsa ham, 24talik yuqori ligadan faqat bir o‘rin ajratilmoqda. Bu bizga ziyon.

Xitoy klublari pandemiya sabab yomon qatnashgani uchun, 4 yillik emas, so‘nggi 8 yildagi natijalar hisobga olinmoqda. Natijada reytingda 2-o‘rinda pastga tushib ketdik, chunki 7-8 yil avval Xitoy klublari OChLda chempionlikkacha borgan. 2024 yildan bizga 1+1 o‘rin berilmoqda. Ikkinchi jamoamiz OFK Kubogida o‘ynaydi. To‘g‘ri, turnir darajasi oshadi, endi Saudiya, Qatar va Eron klublari ham bu musobaqada ishtirok etadi. Ammo jami 2ta o‘rin biz uchun juda kam.

— Osiyoda Saudiya, Eron klublari bilan o‘rtadagi daraja kattalashib ketayotgandek. Klublarimizdagi menejyerlar bilan gaplashsak, «OChLda guruhdan chiqsak ham, katta gap» deyishadi.

— Bunga qo‘shilmayman. Yevropada ham puldor klublar ko‘p, lekin «Ayaks» va Portugaliya klublari akademiyasiga tayanib, guruhdan chiqyapti-ku, yarimfinallargacha boryapti. Futbolni sevadigan xalqmiz, iqtidorlar ko‘p, shunchaki to‘g‘ri boshqaruv kerak. Pul bahona bo‘lolmaydi.

Bobur Akmalov suhbatlashdi

Mavzuga oid