Sport | 15:30 / 17.10.2017
18897
9 daqiqa o‘qiladi

YeChL anonsi. «Real» «Tottenhem» bilan o‘ynaydi, «Napoli» «Siti» qarshisida

Chempionlar Ligasi guruh bosqichi o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirmoqda. Navbatdagi tur pley-offga yo‘llanma egalarini emas, bu uchun kurashadigan jamoalarni ajratib beradi, shu jihati bilan hal qiluvchi, deb baho berdik. E'tiboringizga bugun maydonga tushadigan juftliklarga qaratamiz:

Ye GURUHI

MARIBOR – LIVeRPUL (23:45, Match! Arena)

Chempionlar Ligasiga qaytish «Liverpul» uchun u qadar ishonchli chiqmadi, ikki o‘yinda ikki durang. Umuman ayni paytda Kloppning natijalariga havas qilib bo‘lmaydi – jamoa barcha musobaqalar doirasidagi so‘nggi 8 o‘yinda atigi 1 g‘alabaga erishdi xolos. Lekin o‘yin borasida «qizillar»da muammo yo‘qdek tuyulmoqda. Masalan, «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yindagi tashabbuskor o‘yin jamoaning ijobiy yo‘nalishga tushib olishlarida ilk qadam bo‘lgan chiqar.

«Maribor» guruh autsayderi bo‘lsa-da, Yurgen Klopp bu o‘yinda hech qanday rotatsiya qilmasligini, ushbu o‘yin guruhdagi vaziyat uchun juda muhim ekanini ta'kidladi. Angliya chempionatining keyingi turida liverpulliklarni «Tottenhem» jamoasi kutib turgan bo‘lsa-da, murabbiyning barcha xayoli Sloveniyada ishonchli o‘yin namoyish qilib, nihoyat ilk g‘alabani nishonlash bilan band.

SPARTAK - SeVILYa (23:45, Match TV)

«Sevilya» odatiy tarzda bu mavsumda ham La Liga yetakchilari safida borayotgan bo‘lsa-da, hali chinakamiga o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q. G‘alabalar asosan autsayderlar bilan o‘yinlarda qo‘lga kiritildi, jiddiy raqiblar bilan o‘yinlarda esa, ochko yo‘qotilmoqda. Bu o‘lchovlarda «Spartak» qanday raqib toifasiga kirishi ma'lum emas, ammo ruslarning «Liverpul» bilan o‘yinda ochko olishganini e'tiborga olsak, Ispaniya klubiga bu safar ham oson bo‘lmaydi.

«Spartak» murabbiyi Massimo Karrera esa, o‘yinga optimistik yondashmoqda va bu o‘yinda g‘alaba qozonish orqali, pley-off uchun kurashishni niyat qilgan. Albatta, jamoa g‘alaba qozonib, hatto guruhda peshqadam ham bo‘lib olish imkoniyatiga ega.

 


N GURUHI

ReAL – TOTTeNHEM (Match! Futbol 1)

Bugunning eng markaziy o‘yinlaridan biri. 2 turda yuz foizlik natijaga erishgan jamoalar to‘qnashuvi faqat shu o‘yinda kuzatiladi. Ammo bu holatga odatiy tarzda, birinchi o‘rin uchun kurash o‘laroq baho berish biroz noto‘g‘ri. Chunki APOELga qarshi ikki o‘yinda «Borussiya» ham 6 ochko olishi va pley-off uchun kurashga qo‘shilishi mumkin. Demak «Real» ham, «Tottenhem» ham imkon qadar o‘zaro o‘yinlarda ko‘proq ochko olishlari talab etiladi.

O‘z navbatida bu o‘yinni o‘ziga xos bombardirlar kurashi deyishimiz ham mumkin. Krishtianu Ronaldu, balki kelajakda o‘zining jamoadoshi bo‘lishi mumkin bo‘lgan Harri Keynga qarshi. Keyn dastlabki ikki turda 5 gol muallifi bo‘ldi va o‘ziga xos rekord ko‘rsatkich qayd etdi.

Raqiblar 5 yil oldin ham YeChLda o‘zaro kuch sinashishgan edi.  O‘shanda pley-offda madridliklar «Tottenhem» ustidan yirik hisobda ustun kelishgan.  


APOEL – BORUSSIYa DORTMUND

Yuqoridagi fikrni davom ettirsak, «Borussiya» 0 ochkolik jamoalar ichida keyingi bosqichga chiqish uchun eng yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turgan jamoadir. Dortmundliklar jamoasi kiprliklar bilan ikki o‘yinda yuz foizlik natija qayd etishsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqiblar bilan to‘qnashuvlar oldidan, yaxshi imkoniyat hosil qiladi. Ya'ni, Bos shogirdlari bu o‘yinda umuman ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q.

O‘z navbatida APOELning ham turib-turib, kutilmagan natijalar qayd etishini yaxshi bilamiz, uch yil oldin jamoaning hatto YeChL chorak finaligacha yetib borganini eslash kifoya.

 

G GURUHI

MONAKO – BeShIKTOSh

Turkiya superligasi peshqadami va so‘nggi ikki yildagi chempioni «Beshiktosh» guruh o‘yinlarini juda yaxshi boshladi va yuz foizlik natija ko‘rsatgan besh jamoadan biri bo‘lib turibdi. Hujumkor futbol tarafdori bo‘lgan Shenol Gunesh «Monako» bilan o‘yinlarda 4 ochko olinsa, jamoa o‘zi uchun qulay imkoniyat hosil qilishini aytmoqda va aynan Monakodagi o‘yinda durangdan umid qilyapti.

O‘tgan mavsum yarim finalchisi «Monako» esa, mavsumni bir tekisda boshlay olmadi. O‘tgan turda «Portu»dan uchralgan mag‘lubiyat Jardim shogirdlarining imkoniyatlarini pasaytirib yubordi. Fransiya chempionatida esa, «Lion»dan so‘nggi daqiqalarda uchralgan mag‘lubiyat jamoa kayfiyatiga salbiy ta'sir qilgani shubhasiz. Bu o‘yin «Monako»ning YeChLdagi so‘nggi imkoniyatlaridan biri, deb bemalol aytish mukmkin.

RB LeYPTsIG – PORTU

Bu yilgi musobaqalarda ikki debyutant ishtirok etyapti – «RB Leyptsig» va «Qorabog‘». Hozircha har ikki jamoa ham g‘alaba nashidasini surgani yo‘q. Dortmundda ajoyib g‘alaba erishgan «RB Leyptsig» uchun turnirdagi ilk g‘alabani nishonlash uchun ayni vaqti hozir. Nemislarning holati ham «Monako» bilan juda o‘xshash – bu o‘yin ularning turnirdagi keyingi taqdiriga oydinlik kiritadi. Yo ikkinchi davrada pley-off uchun ayovsiz kurash boshlanadi yoki hammasi tugaydi.

«Portu» dastlabki turdagi kutilmagan mag‘lubiyatdan so‘ng, o‘ziga kela oldi va «Monako» bilan safarda xuddi shunday kutilmagan hisob qayd etdi. Tarkib jihatidan turnirdagi eng teng kuchli guruhda har bir o‘yin qiziqarli bo‘lishi tabiiy.

 

F GURUHI

FeYYeNORD – ShAXTYoR (Match! Nash sport)

Dastlabki ikki turda mag‘lubiyatga uchragan «Feyyenord» balki ushbu kuchli guruhda «non yo‘qligini» his qilgan bo‘lishi tabiiy, zero mezbonlar bosh murabbiyi Jovanni van Bronkxost ham muvaffaqiyatsiz startdan so‘ng bu o‘yinga hal qiluvchi bahs sifatida qaramayotganini ta'kidlab o‘tdi.

«Shaxtyor» esa, so‘nggi turlarda «Napoli» bilan pley-off masalasini hal qilishi kutilmoqda, buning uchun esa, «Feyyenord» bilan o‘yinlarda maksimal ochko olish kerak. Lekin e'tibor berish mumkin bo‘lgan yana bir jihat bor ekan – «Shaxtyor» shu paytgacha Niderlandiya klublari bilan to‘qnashuvlarda doim mag‘lubiyatga uchragan. 

 

MANCheSTeR SITI – NAPOLI (Match! Futbol 2)

«Men «Manchester Siti»ning bir nechta o‘yinini ko‘rdim, lekin hammasini emas. Ochig‘i, depressiyaga tushib qolishni istamadim», – dedi o‘yin oldidan «Napoli» ustozi Sarri. O‘z navbatida, Pep Gvardiola ham Italiya jamoasini maqtamoqda va Yevropada eng chiroyli o‘yin namoyish qilayotgan jamoa ekanini aytmoqda.

Umuman olganda ham, bu jamoalarni hozirda Yevropada eng hujumkor o‘yin ko‘rsatayotgan ikki jamoa deyish mumkin. Milliy chempionatlarda bu ikki jamoa 8 turda jami 50dan ortiq gol urib bo‘lishdi. Hujum chizig‘ida bir emas, bir necha futbolchilarning xavf tug‘dirishi mumkinligi jamoalarning o‘xshash jihatidir.

Inglizlardan farqli ravishda, «Napoli» YeChLda mag‘lubiyatga uchrab ulgurgan va bu o‘yindagi mag‘lubiyat ikkinchi davrada Sarri shogirdlarini qiyin ahvolga solib qo‘yishi muqarrar. «Manchester Siti» esa, barcha musobaqalardagi ketma-ket 11-g‘alabasini qo‘lga kiritishi mumkin.

 

Mavzuga oid