Jamiyat | 12:40 / 17.10.2017
13162
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 7 kishiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportlari topshirildi

Uzoq yillik kutishlardan so‘ng Samarqand viloyatida istiqomat qilayotgan 7 kishiga viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan tantanali majlisda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportlari topshirildi.

Yig‘ilganlar oldida chiqish qilar ekan, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Turobjon Jo‘rayev davlatimiz hududida doimiy yashab kelayotgan yetti kishiga Prezident farmoni asosida fuqarolik berilayotganini qayd etdi.

Turobjon Ikromovich Surxondaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlab yurgan paytlarida afg‘on, pushtun, tojik va boshqa millatga mansub kishilarning fuqarosizlikdan mashaqqat tortayotganiga guvoh bo‘lgani va o‘shanda ularga yordam ko‘rsatishning iloji bo‘lmagani haqida eslab o‘tdi. «Shu sababli menga bugun pasport olayotgan yangi fuqarolarimizning boshdan kechirganlari juda yaxshi tanish, men ularni tabriklayman»,— dedi viloyat ma'muriyati rahbari va endi ular respublikamizning to‘laqonli fuqarolari sifatida mamlakatimiz rivoji va ravnaq topishiga munosib hissa qo‘shishlariga ishonch bildirdi.

Yig‘ilganlarning qarsaklari ostida Turobjon Jo‘rayev yangi fuqarolarga pasportlarni topshirdi. So‘zga chiqqanlar Prezident Shavkat Mirziyoyev va butun O‘zbekiston xalqiga o‘zlari va farzandlari zarur bilimlar olishlari va kasb egasi bo‘lishlarida bag‘rikenglik, mehribonlik ko‘rsatgani uchun minnatdorchilik izhor etishdi.

 

Toshpo‘lat Rahmatullayev,

Samarqand.

Suratlar muallifniki.

Mavzuga oid