O‘zbekiston | 00:45 / 19.10.2017
31227
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab yetakchilari uchun yangi imkoniyat

Foto: Facebook/uzedu

2017 yil 18 oktabr kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 324-sonli maktabda namunaviy yoshlar yetakchisi xonasining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda maktab yoshlar yetakchisi faoliyati qanday tashkil etilishi, yetakchi xonasi qanday jihozlanishi zarurligi namunaviy tarzda ko‘rsatib berildi, deb yozadi vazirlik rasmiy saytida XTV matbuot xizmati.

Yangi loyihaga ko‘ra, respublikaning barcha hududlaridan 1 tadan maktab tanlab olinib, bu yerda yoshlar yetakchisi faoliyati namunaviy tarzda yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, maktab yoshlar yetakchisiga barcha qulayliklarga ega shinam xona ajratilib, zarur jihozlar, axborot-kommunikatsiya vositalari, o‘quv adabiyotlari bilan ta'minlandi.

Maktab yoshlar yetakchisining yillik ish rejasi ishlab chiqilib, yetakchilar uchun yoshlar bilan muloqot o‘rnatish, ularning muammolarini aniqlash va hal qilish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ta'sirchan tadbirlar tashkil etish, maktab madaniy va ma'rifiy hayotida faol ishtirok etish bo‘yicha tavsiyalar yaratildi.

Namunaviy maktablarda yoshlar bilan ishlash tizimi tubdan yangicha tashkil etilib, o‘quvchilarning xohish va istagi hamda qiziqishi asosida yetakchi faoliyatini tashkil etishga alohida e'tibor qaratildi.

Maktab yoshlar yetakchisi tomonidan ta'lim muassasalarida «Zakovat» intellektual o‘yini, «Muvaffaqiyat maktabi», «Munozara», «Barkamol qizlar klubi» kabi loyihalar amalga oshiriladi. Bu to‘garaklarga 6–10 sinf o‘quvchilari qamrab olinib, ularning bo‘sh vaqti mazmunli tashkil etiladi.

Mavzuga oid